IIB hibsxonasidan yosh yigitning o‘ligi chiqqani rasman tasdiqlandi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent viloyati Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergov hibsxonasida 22 yoshdagi yigit o‘lgani haqida xabar bergan edik. Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati buni rasman tasdiqladi.

Bildirilishicha, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro A.O‘. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (o‘g‘rilik, ko‘p miqdorda) va 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblangan.

Tergov davomida, A.O‘. oldin ham JKning 164-moddasi 2 qismi “a” bandi (bosqinchilik, qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib) bilan sudlanganligi inobatga olinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

“Joriy yilning 1 dekabr kuni soat tungi 02:30 larda jinoyat ishi doirasida hibsxonada saqlanayotgan A.O‘. kameradagi yopinchiq choyshabdan sirtmoq yasab, kamera oynachasining temir panjarasiga bog‘lagan holda o‘z joniga qasd qilgan”, deyiladi IIBB xabarida.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya oqibatida yuz bergan.

Hozirda holat yuzasidan Prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq QALAMPIR.UZ manbasi yigit o‘zini osgani bo‘lsa-da, uning burni singani va tanasida jarohatlar borligi aniqlanganini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng yigitning ota-onasi o‘g‘lining jasadini ko‘mishga ruxsat bermagan va ekspertiza o‘tkazilishini talab qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

suitsid Chirchiq IIB

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing