Kanadalik oshpaz suitsid uchun yuzlab yoshlarga zaxar sotganini tan oldi
Olam
−
30 may 2018 2 daqiqa
Kanadalik Kennet Lou internet orqali o‘z joniga qasd qilish maqsadida ishlatiladigan kimyoviy moddalarni sotganini tan oldi. U bu haqda kecha, 29 may kuni Ontario provinsiyasining Nyumarket shahrida bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonida ma’lum qildi.
Lou avvalroq ushbu kimyoviy moddalarni qabul qilib o‘z joniga qasd qilgan 14 nafar o‘smirning o‘limi bo‘yicha qotillikda ayblanayotgan edi. Biroq u o‘z joniga qasd qilishga undash yoki yordam berish aybini tan olganidan so‘ng, qotillikka oid ayblovlar bekor qilindi. Sud hukmi sentyabr oyida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq oshpaz bo‘lgan Lou internet orqali go‘shtni konservlashda qo‘llanadigan kimyoviy moddani reklama qilib, sotgan. Bu modda inson organizmiga katta miqdorda tushganda o‘limga olib kelishi aniqlangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Lou dunyoning turli mamlakatlarida yashagan 100 dan ortiq kishining o‘z joniga qasd qilishiga aloqador bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. U 2023 yil may oyidan beri qamoqda saqlanmoqda.
Kanada qonunchiligiga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilishga undash yoki bunga yordam berish uchun 14 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Agar Lou qotillikda aybdor deb topilganida, unga shartli ozodlik huquqisiz 25 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin edi.
Hukumat statistikasiga ko‘ra, har yili Kanadada taxminan 4500 kishi o‘z joniga qasd qilish natijasida vafot etadi va har kuni Kanadada 200 dan ortiq odam o‘z joniga qasd qilishga urinadi. Kanadada 2016 yildan beri og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasallik yoki nogironlik tufayli kuchli jismoniy yoki ruhiy azob chekuvchi voyaga yetgan fuqarolar uchun qonunan tartibga solingan tibbiy yordam asosida hayotni tugatish – evtanaziya amaliyotiga ruxsat berilgan. Biroq, voyaga yetmaganlarni o‘z joniga qasd qilishga undash esa, jinoyat hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Instagram o‘smirlar suitsid yoki o‘zini jarohatlashga oid atamalarni qisqa vaqt ichida takroran qidirsa, ota-onalarga xabar berishni boshlashi haqida xabar qilingan edi.
Live
Barchasi