Dunyoda har yili qancha odam o‘z joniga qasd qilishi aytildi
Bu qiziq
−
11 sentabr 1002 2 daqiqa
Dunyoda har yili 727 ming kishi o‘z joniga qasd qiladi. 15 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida suitsid 2021 yilda o‘lim sabablari bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallagan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, xavf omillari turlicha: daromadi yuqori mamlakatlarda ular ko‘pincha depressiya, alkogol qaramligi va ilgari suitsidga qilingan urinishlar bilan bog‘liq. Shu bilan birga, ko‘pchilik inqiroz paytlarida – moliyaviy qiyinchiliklar, munosabatlarning uzilishi, xastalikka bardosh berolmay yoki urushlar va ofatlar sharoitida shoshma-shosharlik bilan impulsiv qadam qo‘yadi.
Diskriminatsiyaga duch keluvchi zaif toifalar, jumladan qochqinlar, migrantlar, mahalliy tub aholi vakillari, shuningdek, mahkumlar yuqori xavf guruhiga kiradi.
Aholini himoya qilish va suitsidlarning oldini olish uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘z joniga qasd qilish vositalaridan (pestitsidlar, o‘t ochish qurollari, ba’zi dori-darmonlar) foydalanish imkoniyatini cheklashni, OAVda bu mavzuni mas’uliyat bilan yoritishni, o‘sib kelayotgan o‘smirlarni emotsional va ijtimoiy ko‘nikmalarga o‘rgatishni, shuningdek, suitsidga moyilligi bor odamlarni o‘z vaqtida aniqlab, ularga zarur yordam ko‘rsatishni tavsiya etadi.
Ushbu qadamlarni amalga oshirish sog‘liqni saqlash, ta’lim, mehnat va qishloq xo‘jaligi sohalari, biznes, adliya tizimi, siyosiy tuzilmalar va media o‘rtasida muvofiqlashtirishni, shuningdek, vaziyatni muntazam monitoring qilishni va moliyalashtirishni talab etadi. Stigmatizatsiya (tamg‘a) va taqiqlar jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda, ular sababli odamlar yordam so‘rab murojaat qilmaydi.
Bugungi kunda atigi ozchilik davlatlar suitsidning oldini olishni ustuvor vazifalar qatoriga kiritgan va faqat 38 ta mamlakat bu sohada milliy strategiyani ishlab chiqqan. Bundan tashqari, sifatli ma’lumotlarning yetishmasligi saqlanib qolmoqda: JSSTning faqat 80 ta a’zo-davlatida ishonchli demografik ro‘yxatga olish tizimi mavjud.
Ma’lumot uchun, 10 sentyabr – Butunjahon suitsidning oldini olish kuni sifatida 2003 yildan beri har yili nishonlab kelinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq har yili 840 mingdan ortiq odam ishdagi noqulay psixologik muhit bilan bog‘liq kasalliklar sabab vafot etishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi