Ichki ishlar vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
Jamiyat
−
06 fevral
10030O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Ramazon Ahmadxo‘jayevich Ashrapov Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Doniyor Qodirov ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Ushbu majlisda tergov va ekspert-kriminalistika sohasiga oid faoliyatni tanqidiy ko‘rib chiqish, tergovchi va ekspertlarning malakasini oshirish, yangi tuzilgan Kriminologiya tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tizimni innovatsion va ilmiy yondashuvlar asosida yanada takomillashtirish, axborot almashinuvi va qarorlar qabul qilish bo‘yicha zamonaviy huquqiy va ilmiy ishlanmalarni amalga keng joriy etish, sohada axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgan.
Shuningdek, tadbirda respublika hududida o‘tgan yilning hisobot davrida jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari, jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan vazifalarning ijrosi, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi hamda sohaga oid boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama qilingan.
Yig‘ilishda ko‘tarilgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha soha mas’ullarining taklif va mulohazalari tinglanib, ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olingan.
Ma’lumot uchun, Ramazon Ashrapov avval Toshkent viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari – IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
LiveBarchasi