Ichim zil ketgan. Bir tarsaki tushirsalar yaxshi bo‘lardi – Allamjonov onasining og‘ir gapini esladi

Jamiyat

Bugun, 28 fevral kuni “Humo Arena” muz saroyida “Zakovat” teleo‘yinining Toshkent shahri hamda Toshkent viloyati uchun intellektual kastingi o‘tkazildi.

Unda “Zakovat”da ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan minglab bilimdonlar va loyihani otalig‘iga olgan Milliy mass-mediani rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi, deb xabar bermoqda QALAMPIR.UZ muxbiri.

Tadbirni Milliy mass-mediani rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov nutqi bilan ochib berdi. U o‘z nutqini, afsuski, hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan jadid namoyondasi Munavvarqori Abdurashidxonovning quyidagi so‘zlari bilan boshladi.

“Bugungacha Ovrupo xalqi osmong‘a uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovrupolilar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va qisqa kiyim janjallari, Ovrupo shaharlari butun elektrik bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jo‘g‘rofiya va tabiyot o‘qitish, o‘qitmaslik ixtiloflari davom etadi”.

“Bu gaplar 1923 yili, ya’ni bundan yuz yil oldin millatimiz jadidlaridan Munavvarqori Abdurashidxonov tomonidan “Turkiston” gazetasida aytilgan ekan.

Yaqinda bir post yozgandim, orangizda balki uni o‘qiganlar ham bordir. Xullas, uning mazmun manosi shunday edi: Birlashgan Arab Amirliklari tadqiqot o‘tkazish uchun kosmik apparatlarini Marsga uchirib maqtanayotgan bir paytda biz asosan ikir-chikir, mayda-chuyda masalalar yoki ig‘vo-g‘iybatlar bilan ovoramiz.

Bu post ancha bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Mingdan ortiq izohlar qoldirildi. Ular orasida Munavvarqorining hozirgina aytilgan so‘zlariga ko‘zim tushib, hayron bo‘ldim.

Qarang, oradan 100 yil o‘tsa ham, holatimiz o‘sha-o‘sha ekan. Tuzum o‘zgargan, siyosat o‘zgargan, davr o‘zgargan, bizning dunyoqarashimiz esa hali ham o‘sha-o‘sha.

Nega, degan savol tug‘iladi. Nega o‘zimizda bunday yangiliklar deyarli yo‘q? Nega ilm-fandagi inqilobiy o‘zgarishlarni faqat televizorda tomosha qilishimiz yoki internetda o‘qishimiz kerak?”, deydi Komil Allamjonov yoshlarga yuzlanib.

U so‘zida davom etib, O‘zbekiston bugun o‘tmishdagi buyuk ajdodlari bilan faxrlanib yurishini, ularga munosib avlod bo‘lish kerakligini aytsa ham ammo hozirgi avlod aytarli yutuqqa erisha olmayotganini achinish bilan aytib o‘tdi. Shuningdek, o‘zining ba’zi fikrlari ayrim doiralarda tanqidga uchraganini ham esladi.

“Biz o‘tmishdagi ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz. Suratlarini devorga ilib, g‘urur bilan “shularning davomchilarimiz”, deymiz. O‘zimizga kelganda, kelajagimiz buyuk bo‘lishiga ishonamiz. Ammo bugun qo‘limizda na bir arzigulik kashfiyot, na olamshumul loyiha bor.

Xadeb o‘tmishdagi allomalar bilan quruq faxrlanib yuravermay, she’rxonlik va g‘azalxonlikdan tashqari tabiiy fanlar, laboratoriyalar, olimlarning tadqiqotlari va kashfiyotlarini, umuman ilmni trendga chiqarish kerakligi haqidagi fikrlarim kimgadir yoqdi, kimgadir yoqmadi.

Lekin fikrim qat’iy! Har birimiz bugun dunyoqarashimizni kengaytirmas ekanmiz, o‘z-o‘zimizga qo‘ygan chegaralarni olib tashlamas ekanmiz, muammoga duch kelganda darrov hafsalamiz pir bo‘laversa, faqat kimdandir, nimadir kutib yashayversak va quruq gaplardan amaliy ishlarga o‘tmasak, keyingi 100 yilda ham kosamiz oqarmasligi aniq”, dedi u qat’iylik bilan.

Shundan so‘ng, u o‘zining yoshligi, oilasi, hayot yo‘lida duch kelgan qiyinchiliklari, biznesi kasod bo‘lgani va qanday qilib bu darajaga yetishgani haqida so‘zlab berdi. 

“Men, qoraqamishlik, 90-yillarning bolasiman. Adamlar oddiy avtoslesar, oyim 3-tug‘ruqxonada hamshira bo‘lib ishlaganlar. Maktabda o‘rtacha o‘qiganman. Sho‘xroq bo‘lganman. Litseyimiz direktori doim “seni maktabdan haydayman”, deb po‘pisa qilardi. Ammo onam meni oliy ma’lumotli, ziyoli odam bo‘lishimni orzu qilardilar. Buvim esa doim: “Shu bolam “ministr” bo‘ladi”, derdilar. Lekin bu gapga hech kim ishonmasdi. Chunki aksariyat odamlarimiz ishchi yoki oddiy dehqon oilasining bolasida bunday imkoniyat yo‘q deb hisoblaydi. Men esa hech qachon, hech qanday vaziyatda, hatto institutdan haydalganimda ham taslim bo‘lmaganman! O‘shanda oyim: “Ox, bolam-a! Mayli siqilma, “rabochiy”ni bolasi “rabochiy” bo‘larkande”, deganlarida, ichim zil ketgan. Undan ko‘ra bir tarsaki tushirsalar yaxshi bo‘lardi.

Televideniyedan arzimagan lavhani deb haydashganda ham,  biznesim kasod bo‘lib, aqlga sig‘maydigan darajada zarar ko‘rganimda ham, obro‘im, sha’nimni yer bilan yakson qilishmoqchi bo‘lganida ham yengilmaganman! Faqat yaxshi niyat va tinimsiz harakat va, asosiysi, Allohga tavakkal qilish bilangina o‘ylagan natijalarimga erishib kelyapman”, deydi Komil Allamjonov.

Bolaning shakllanishida oilaviy muhit, ota-onaning o‘rni, ta’siri juda katta. Allamjonov ham shu masalaga to‘xtalib, o‘zbek xalqi mentalitetidagi zamonga unchalik ham to‘g‘ri kelmaydigan ba’zi xususiyatlarni qoraladi.

“O‘qib, shahar oberarmiding?, “Podderjka” qiladigan kimimiz bor, nimangga ishonyapsan?”, “Hadeb kitob titgandan ko‘ra, bor mol-holga qarasangchi”, degan gaplarni ko‘p oilalarda eshitamiz. Balki o‘zimizga ham aytilgandir bunday gaplar. Shunaqa gaplarni eshitgan bola qaddi bukik, bo‘yni egik, hayotdan hafsalasi pir bo‘lib voyaga yetishi aniq!

O‘ziga ishonchi bo‘lmagan, birovga qaram millat ana shunday shakllanadi!

Biz qanday maqsadlar bilan, nima uchun yashaymiz o‘zi, degan savolga javob har doimgidek o‘sha-o‘sha: “uchastka” qurish, “inomarka” minish, qarzga botib bo‘lsa ham, dabdabali to‘y qilish... Uyog‘iga – choyxonabozlik. Hayotimiz mazmuni – shu”, deydi Allamjonov kuyinchaklik bilan.

U O‘zbekistonda yaqin tarixda ham katta yutuqlarga erishilganini yodga olib, XX asrdagi porloq ixtirolarni sanadi. Shu bilan birga, hozirda O‘zbekiston rivojlanishda ortda qolganini, ammo hali ham bo‘lsa, harakat qilish kerakligini ta’kidladi.

“Biz ilm-fan sohasida katta yutuqlarga erishgan davrlar ham bo‘lgan.

Birinchi televizion signal 1928 yili dunyoda ilk bor bizda sinovdan o‘tkazilgan. Sun’iy yo‘ldoshlarga o‘rnatiladigan qora quti ham, Oy hamda Veneraga uchirilgan kosmik kemalarning tuproqni burg‘ulash moslamalari ham Toshkentda ishlab chiqarilgan.

Dunyoning 86-kosmonavti Jonibekov ham bugungi Bo‘stonliq tumani Iskandar qishlog‘ining oddiy oilasida tug‘ilgan. U 5 marotaba kosmik kema komandiri sifatida uchib, rekord o‘rnatgan.

Bu kabi voqealar o‘z vaqtida umumjahon miqyosidagi yutuqlarimiz bo‘lgan. Aytmoqchi bo‘lgan gapim shuki, bugun oldingizda imkoniyat eshiklari yana lang ochildi! Ulardan samarali foydalanaylik.

Aslida o‘zi, bugun shundoq ham kechga qolib bo‘ldik, ertaga esa yanada kech bo‘ladi. Vaqt bizga qarshi ishlayapti. Lekin hechdan ko‘ra, kech bo‘lsa ham, zudlik bilan oldinga qadam qo‘yaylik.

Men klubimizning har bir a’zosini olamga keng qarashga, ulkan maqsadlar qo‘yib, ular sari intilishga, o‘z ustida ishlashga, orzularini cheklamaslikka, hech qachon taslim bo‘lmaslikka va hech kimga, ilm yo‘lidagi shahdingizni so‘ndirmoqchi bo‘lgan hech kimga quloq solmaslikka chaqiraman!

Har birimiz maydonda yakka-yolg‘iz qolgandan ko‘ra, bilim atrofida jipslashsak, birga bo‘lsak, katta natijalarga erishamiz!”, deya so‘zini yakunladi Allamjonov.


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

246

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing