Allamjonovga suiqasdda aloqam yo‘q – Ramzan Qodirov
3-sahifa
−
11 noyabr
23274O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasdda Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning qo‘li borligi haqida xabarlar tarqaldi. Checheniston rahbari bunday ayblovlarni rad etib, bu xabarni provokatsiya deb atadi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“O‘zbekistonda bir necha hafta oldin mamlakat Prezidenti ma’muriyatining sobiq xodimi bo‘lgan mashinaga qarata o‘q uzilgan edi. Hech kim jabrlanmadi. Gumonlanuvchilardan biri allaqachon hibsga olingan, tergov barcha ishtirokchilarni va suiqasd sabablarini aniqlashi kerak. Biroq natijalarni kutmasdan, g‘arbparast va ba’zi muxolifat OAVlari "chechen izi" haqidagi versiyani chiqardi va keyin bu izni butunlay menga ulashdi. Men bu provokatsion narsalarga javob bermayman. Qolaversa, O‘zbekistonda muhtaram Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli barcha sohalar, jumladan, axborot va huquq-tartibot tizimidagi ishlar a’lo darajada. Men shuni qo‘shimcha qilamanki, agar men haqiqatan ham biror narsani rejalashtirgan bo‘lsam, uni oxirigacha va 100% natija bilan ko‘raman”, deydi Ramzan Qodirov.
Uning aytishicha, chechenlar va o‘zbeklar tarixiy o‘tmishi umumiy bo‘lgan qardosh xalqlar bo‘lib, ularning umumiy jihatlari juda ko‘p. Ramzan Qodirov u uchun O‘zbekiston o‘zbek xalqini, uning odob-axloqini sevgan otasi Ahmad-Hoji hayotining alohida va muhim qismi ekanini qo‘shimcha qilgan. U “chechen izi” versiyasini ma’lum uchinchi tomonlar tarafidan siyosiy o‘yin quroli va mamlakatlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan ochiq urinish sifatida baholashini bildirgan.
“Qanday bo‘lmasin, men va O‘zbekistondagi aziz birodarlarim bu provokatsion ma’lumotlar chiqindisi ortida kim turganini aniq bilib olamiz. Bu borada ish allaqachon boshlab yuborilgan”, deydi Checheniston rahbari.
Allamjonovga suiqasd
26 oktyabr kuni soat 01:40 larda fuqaro S.S.ning boshqaruvidagi Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.
27 oktyabr kuni Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarning bir nafari aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida qo‘lga olinganini bildirdi. Ertasi kuni esa suiqasdga aloqador yana uch kishi aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida ushlangani xabar qilindi.
LiveBarchasi