IBA Xalokovning qulog‘ini tishlab olgan bokschini jazolamadi
Sport
−
10:51 5866 2 daqiqa
Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha Jahon chempionatining 60 kg vazn toifasi final jangida Abdumalik Xalokov va Vsevolod Shumkov o‘rtasida yuzaga kelgan bahsli holat yuzasidan rasmiy qaror qabul qildi. Mazkur epizod ekspertlar tomonidan atroflicha o‘rganilib, muhokama qilinganidan so‘ng, musobaqa natijasi o‘zgarishsiz qoldirilishi ma’lum qilindi.
“Musobaqalarimizning halolligi biz uchun eng muhim masala bo‘lib, unga putur yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu epizodni baholash uchun mutaxassislar jalb etildi va texnik delegat tomonidan yagona qaror qabul qilindi. Natijani o‘zgartirish vakolati muddati tugaganligi sababli agar zarur deb topilsa, sportchiga nisbatan jarima qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish uchun ish Boks mustaqil yaxlitlik bo‘limi (BIIU)ga yuborildi. Har qanday holatda ham sportchilarning manfaatlari bizning ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi”, deydi IBA bosh kotibi va bosh direktori Kris Roberts.
Manbaga ko‘ra, ushbu holatda Shumkovning og‘zi Xalokovning qulog‘iga tasodifan tegib ketgani kuzatilgan bo‘lib, bu jang jarayoniga “hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan”.
Qayd etilishicha, epizodga eng yaqin joyda turgan hakam vaziyatni to‘liq ko‘rgan va aralashuvga hojat yo‘qligini aniqlagan. Videoni qayta ko‘rib chiqish jarayoni ham jang to‘g‘ri davom etganini, Xalokovning hech qanday noqulaylik yoki norozilik belgisiz bellashuvni davom ettirganini tasdiqlagan.
IBA qoidalariga ko‘ra, bunday turdagi aloqa ruxsat etilmagan bo‘lsa-da, rasmiylar har bir holatni real vaqt rejimida, uning og‘irligi, niyati va jangga ta’siri nuqtai nazaridan baholashi lozim. Ushbu vaziyatda hakamlar hay’ati holatni baholagan, yakuniy qaror esa Jahon chempionati texnik delegati tomonidan tasdiqlangan. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqa yakuniga qadar hech qanday apellyatsiya bermagan. Shu sababli, rasmiy natijani yoki medallar taqsimotini o‘zgartirish uchun huquqiy asos mavjud emas deb topilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu holat shaffoflik va sport etikasi tamoyillarini ta’minlash maqsadida mazkur holat BIIU tomonidan qo‘shimcha ravishda ko‘rib chiqiladi. Agar mazkur harakat qoida buzilishi sifatida baholansa, sportchiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya boks federatsiyasi (RBF) bosh kotibi Aleksandr Besputin Federatsiya va Vsevolod Shumkovga Abdumalik Xalokovni tishlagani uchun sanksiyalar qo‘llanilishini tasdiqlagan edi.
Live
Barchasi