Migrant bo‘lish oson emas. Biz muhokama qilgan muammolar aysbergning uchi – Komilov
Jamiyat
−
07 avgust 2020
9428Bugun, 7 avgust kuni Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning hisoboti tinglandi.
TIV rahbari nutqi davomida Rossiyadagi migrantlarning qaytarilishi, ularning ahvoli va konsullik idoralariga bo‘layotgan murojaatlar haqida senatorlarga ma’lumot berdi. Shuningdek, diplomatik vakolatxonalarda ham xodimlar soni cheklangani haqida aytib o‘tdi.
“Tashqi ishlar vazirligining asosiy vazifasi qayerda bo‘lmasin fuqarolarimizning manfaatlarini himoya qilish. Bugungi vaziyatni yaxshi tasavvur qilyapmiz. Negaki TIV, elchilar, konsullar, xodimlarimiz doimo muloqotda. Bu kecha, bugun boshlangani yo‘q. 10-15 yildan beri bu muammo kun tartibida bo‘lsa, shug‘ullanib kelyapmiz. Bu jamoamizning, xalqimizning eng zaif qismi.
Eski zamonlardan bilamiz, musofir bo‘lish, muhojir bo‘lish va ayniqsa, hozirgi zamonda migrant deyishadi, migrant bo‘lish oson emas. Bu ashaddiy sinov. Migrantlar muammolarini aysberg singari ko‘zga ko‘ringan qismini muhokama qilyapmiz. Bu muammoni hal qilish uchun kompleks yondashuv bo‘lishi kerak. Chet elda sarson bo‘lib yurgan vatandoshimizni to‘xtatib, Vatanga qaytasanmi, deb so‘rasangiz, “qaytaman, menga ish topib beringlar. Halol mehnat bilan daromad topib, oilamni boqaman. Agar shuni ta’minlab bersanglar, hozir qaytaman, bu yerda yashash oson emas”, deydi”, deya Abdulaziz Komilov o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining ishsizlik sabab o‘zga yurtda yurishga majbur bo‘layotganini aytib o‘tdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, xorijdagi o‘zbekistonliklarga yordam berish uchun aniq dastur bo‘lishi kerak. Ularning qaytishi uchun mamlakatda sharoit bo‘lishi zarur.
“Migrantlarga yordam berish bo‘yicha keng ko‘lamli davlat dasturi bo‘lishi kerak. Chet eldagi yurtdoshlarimizni migrant deyishga til bormaydi. Albatta, ularning orasida har xili bor. Lekin ko‘pchiligi vatanparvar, yurtini sevadi, bugun desangiz — bugun qaytishga tayyor. Biz sharoitlarni yaratib berishimiz kerak”, deydi TIV rahbari.
U so‘zida davom etib, pandemiya sharoitida ham xorijdagi, xususan, Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga mumkin qadar yordam berilayotganini, ammo imkoniyatlar cheklangani haqida so‘z ochdi. U ba’zi migrantlar konsulxonaga o‘t qo‘yish kerakligi haqida ochiq aytayotganiin ham bildirib o‘tdi.
“Vatandoshlarimizga qo‘ldan kelguncha yordam beramiz. Lekin muammolarimiz ham yo‘q emas. Moskva okrugidagi konsulxonada 4 nafar xodim ishlaydi. Ular 1,7 mln kishiga xizmat ko‘rsatishi kerak. Shuning uchun ham konsul javob bermadi degan e’tirozlar bor. Konsulxonaga hujum qilamiz, o‘t qo‘yamiz, konsulni osamiz, degan gaplar ham bo‘ldi. Konsullik xodimlari qayerda muammo bo‘lsa, darhol yetib borishga harakat qilyapti”, dedi diplomat.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan xorijdagi fuqarolarni qaytarish uchun charter reyslar yo‘lga qo‘yilyapti. Bugungacha 100 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Vatanga qaytarilgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr