Gretsiyada migrantlar qayig‘i cho‘kib ketdi. Halok bo‘lganlar bor

Olam

image

Gretsiyaning Krit oroli yaqinida noqonuniy muhojirlar kemasi cho‘kib ketishi oqibatida kamida 14 nafar misrlik halok bo‘ldi. Bu haqda TRT World xabar berdi.

Misr Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, qayiq 2025 yil 7 dekabr kuni Misrga qo‘shni davlatlardan biridan Gretsiyaga qarab yo‘l olgan. Qayiq bortida turli millatlarga mansub 34 nafar noqonuniy muhojir bo‘lgan, ularning orasida 14 nafar Misr fuqarosi halok bo‘lgan.

Vazirlik Gretsiya rasmiylari bilan tezkor aloqada bo‘lib, kemadan qutqarilganlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish va misrlik qurbonlarning jasadlarini repatriatsiya qilishni tezlashtirish ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.

Voqeani fojiaviy, deb ta’riflagan vazirlik Misr fuqarolarini o‘z hayotlarini himoya qilish va bunday og‘riqli hodisalar takrorlanishining oldini olish uchun noqonuniy migratsiya tarmoqlarining “panjasiga tushmaslikka” chaqirmoqda. Noqonuniy muhojirlar Yevropa Ittifoqiga kirish eshigi hisoblangan Krit oroliga yetib borish uchun Liviya va boshqa qo‘shni davlatlardan tranzit yo‘li sifatida foydalanib keladi.

Ma’lumot uchun, iyul oyining boshida Gretsiya hukumati Liviyadan Kritga kelganlar uchun boshpana berish arizalarini to‘xtatib turishga qaror qilgan edi. Misr esa, o‘z navbatida, 2016 yildan beri Yevropaga yo‘nalgan noqonuniy muhojirlar kemalarining jo‘nab ketishining oldini olganini aytib keladi, ammo misrlik noqonuniy muhojirlar odatda tranzit yo‘li sifatida Liviyani tanlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilda dunyo bo‘ylab 8938 migrant halok bo‘lgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Gretsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing