HUMAN’ga aldanganlar Mustaqillik maydoniga to‘plandi. Ular sud va boshqa mutasaddilardan norozi
Jamiyat
−
28 yanvar 2020
12074“HUMAN” bandlik agentligining rahbariga nisbatan sud hukmi o‘qilgani haqida xabar bergan edik. Bandlik agentligining va’dalariga ishonib, so‘ng chuv tushgan fuqarolarning bir necha nafari sud qaroridan, shuningdek mas’ul davlat tashkilotlaridan norozi. Ular bugun, 28 yanvar kuni poytaxt markazidagi Mustaqillik maydoniga to‘plandi. Bu haqda norozi fuqarolarning o‘zi xabar berdi.
“Bizning Prezident qabuliga borishimizga hech kim yo‘l bermayapti. Prezident bilsinlar. Ular bunaqa holatlarga yo‘l bermaydi. Boshqa hech kim hal qilib bera olmaydi. Bir yil bo‘ldi. 13 million so‘m pul to‘laganman. Har oy 200 dollar foiz puli olib borib beraman. O‘g‘lim kasal bo‘lib qoldi. Buni badalini kim to‘laydi? Prezident qabul qilishini so‘rayman. Shu yerda turgan bollarimning nomidan so‘rayman”, deydi aldangan ayollardan biri.
Maydonga kelgan fuqarolar ichida yoshlar ham bo‘lib, nafaqat suddan Mehnat organlari bergan litsenziyalar ustidan ham shikoyat qilgan.
“Bu yerda hamma suddan norozi. Chunki, birinchi sudda “6 milliarddan oshiq pul topildi” deyishdi. Lekin sud yakunida bu pul 1 milliard so‘mdan ortiqroq bo‘lgan deyishmoqda. Nimaga? Qolgan 5 milliard so‘m pul qayerga ketyapti? Biz sud qaroridan norozimiz. Biz uni qamalishini xohlamaymiz. Bizga bundan umuman foyda yo‘q.
Aldanganlar ichida 1200 nafar odam bor. Hech kim oilaviy sharoiti yaxshi bo‘la turib, chetga chiqishni xohlamagan. Hammasi oilaviy sharoitini yaxshilash niyatida ketmoqchi bo‘lgan. Nimaga hamma bechorani qiynayapti. Hamma tashkilot o‘rganyapmiz, qilamiz, deydi. Natija yo‘q. Hammamiz litsenziyaga aldanganmiz. Bularga topshirishdan oldin bandlik organiga telefon qilganman, surishtirganman. Bizga aytishsin, pullarimiz qayerga ketgan?
Tergovchi hattoki “delo”ni bilmaydi. Ichidagini o‘qib berolmayapti. Biz ortiqcha narsa so‘ramayapmiz. Bizga pulimizni qaytarib bersin, bo‘ldi”, deydi videodagi shikoyatchilardan biri.
Ushbu masala mutasaddi tashkilotlar tomonidan zudlik bilan o‘rganib ijobiy hal etilishiga umid qilamiz. Oilaviy sharoiti og‘ir insonlar non topish uchun o‘zga yurtga ketishni bo‘yniga olgan. Axir, endi ular qarz ko‘tarib olgan pullariga ham aldanib qolmasin.
Eslatib o‘tamiz, kecha 27 yanvar kuni bandlik agentligining rahbari Shohinur Fayzullayevga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tergov jarayonida mingdan ziyod jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogarlar qatnashgan. Umumiy zarar miqdori 21 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlangan.
"HUMAN" hususiy bandlik agentligi o‘zining faoliyatini Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan berilgan litsenziya asosida yuritgan.