“HUMAN” rahbari 10 yilga “kesildi”
Jamiyat
−
27 yanvar 2020
8338“HUMAN” xususiy bandlik agentligi o‘zga yurtga ishlagani olib ketishni va’da qilib, firib yo‘li bilan ko‘plab o‘zbekistonliklarni chuv tushirgani haqida bir necha bora xabar bergan edik. Ushbu firibgarlik tizimining muallifi bo‘lgan Sh.Fayzullayevga nisbatan sud ishi boshlangan edi. Xo‘sh, bu ish qanday yakunlandi?
Sh.Fayzullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi ("Firibgarlik") 3-qismi "b", "v" bandlari, 189-moddasi ("Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish") 1-qismi va 243-moddasida ("Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish") nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Shuningdek, qiziq tomoni Sh.Fayzullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi "a" bandi va 179-moddasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar)ning tegishli bandlariga asosan reabilitatsiya qilindi, ya’ni bu jinoyatlar chiqarib tashlangan. Bundan tashqari, ayblovdan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi 2-qismi "a" bandi ham chiqarilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi sudyasi Xayrulla Rahmonov raisligida bo‘lib o‘tgan sud yakuniga ko‘ra, tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Sudlanuvchi Sh.Fayzullayevdan 1080 nafardan ortiq jabrlanuvchilar foydasiga 21 mlrd 192 ming so‘mdan ziyod miqdorda moddiy zarar undirilishi belgilangan.
Raislik qiluvchi tomonidan shikoyat qilish muddati tushuntirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Shohinur Fayzullayev JKning 168-moddasi 4-qismi "a" bandi bilan ayblanib, "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan va ishi sudga oshirilgan edi.
Tergov jarayonida mingdan ziyod fuqaro jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogarlar qatnashgan. Umumiy zarar miqdori 21 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, "HUMAN" hususiy bandlik agentligi o‘zining faoliyatini Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan berilgan litsenziya asosida yuritgan.