“Human” bandlik agentligi direktoriga jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2019
4110Shu yilning 16 sentyabr kuni poytaxtning Yakkasaroy tumani IIO FMBga jamoaviy ariza kelib tushdi.
Ma’lum bo‘lishicha, jami 52 kishidan tashkil topgan va O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qiluvchi arizachilar bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 2018 yil noyabr oyida taqdim etilgan tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan "Human" bandlik agentligi" MCHJ bilan 2018 yilning noyabr oyidan 2019 yilning sentyabr oyigacha shartnomalar tuzgan. Shartnomalarga ko‘ra, MCHJ ularni Yevropa davlatlarida, xususan, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litvada ishga joylashtirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Buning uchun har bir arizachi MCHJning hisob raqamiga 18 dan 35 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi mablag‘ni ko‘chirgan.
Shu tarzda "Human" bandlik agentligi MCHJning hisob raqamiga 52 nafar arizachilardan umumiy miqdorda 1 670 500 000 so‘m kelib tushgan.
Biroq arizachilardan hech biri chet elda ishga joylashtirilmagan. MCHJ jabrlanuvchilarga pullarni qaytarib bermagan.
Tergov-oldi harakatlari Yakkasaroy tumani IIO FMB va prokuraturasi tomonidan hamkorlikda olib borildi. Natijada Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-qismi "a" bandi ("Firibgarlik, juda ko‘p miqdorda") bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Hozirgi vaqtda ayblanuvchi sifatida ushbu MCHJ direktori 29 yoshli Shoxnur F. jalb qilindi.
Yuqoridagi arizachilardan tashqari, hozirgi vaqtda respublikaning boshqa viloyatlaridan ham arizachilar murojaat qilmoqda.
LiveBarchasi