Huawei Android o‘rnini bosuvchi operatsion tizimini kelgusi yildan o‘rnatadi
Texnologiya
−
11 Sentabr 2020
4811Huawei kompaniyasi 2021 yilda o‘z smartfonlariga Harmony 2.0 operatsion tizimini o‘rnatadi. Bu haqda kompaniya rahbari Richard Yuning ma’lum qildi.
"Kelgusi yildan Harmony OS 2.0 barcha smartfonlarga o‘rnatiladi. Bu bizning mobil qurilmalarimiz quvvati va samaradorligini sezilarli darajada oshiradi", dedi Huawei rahbari.
Ta’kidlanishicha, operatsion tizimning yangi versiyasi smartfon, planshet va kompyuterdan tashqari, boshqa aqlli qurilmalarda, masalan, aqlli soatlar, avtomobil tizimlaridagi karnaylarda ham ishlashi mumkin.
Huawei o‘z operatsion tizimi Harmony OS'ni o‘tgan yilning avgust oyida taqdim etgan edi. Kompaniya rahbari u Android o‘rnini bosa olishiga amin.
Harmony OS kengaytirilgan xavfsizlik xususiyatlariga ega bo‘lgan mikroyadro asosida ishlaydi. Operatsion tizim telefon, kompyuter va "aqlli uy" moslamalarini sinxronlashtirish imkoniyatiga ega. U avvalgi androidlarni takrorlamaydi.
Kompaniya mazkur operatsion tizim "insonlar hayot tarzini yanada qulaylashtirish"iga umid qilayotganini ma’lum qilgan.
Tizimni ochishda maxsus uch qatlamli (yadro, xizmat platformasi va dasturiy ta’minot) koddan foydalaniladi. Tizimning arxitekturasi barcha qurilmalarda uzluksiz ishlashni ta’minlashga imkon berishiga kompaniya ishonch bildirmoqda.
Ma’lumot uchun, Xitoyning Huawei va TikTok texnologik gigantlari AQSHda cheklovlarga duch kelgan. Huawei bir yil oldin Prezident Donald Tramp tomonidan birinchi marta qora ro‘yxatga kiritilgan bo‘lib, AQSH bozoriga texnologiyalar va tarkibiy qismlar yetkazib berish huquqidan mahrum bo‘lgan.
Rushanabonu Sultonova
LiveBarchasi