ICT Week Uzbekistan 2026: Ucell va Huawei yangi 5G FWA yechimini taqdim etadi

Biznes

image

2026 yil 22 sentyabr, Toshkent, O‘zbekiston. ICT Week Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasida Huawei va Ucell O‘zbekiston iste’molchilari va korxonalari uchun yangi 5G FWA (Fixed Wireless Access – statsionar simsiz ulanish) yechimini birgalikda ishga tushirganini e’lon qildi. ICT Expo ko‘rgazmasida Ucell FWA texnologiyasi asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri videotranslyatsiyalarni amalga oshirish, 4K HD televideniyeni tomosha qilish va boshqa xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini namoyish etdi. Bu orqali 5G FWA texnologiyasining yuqori tezlik, past kechikish va yuqori ishonchlilik kabi afzalliklari ko‘rsatib berildi. Ayni paytda Ucell o‘zining 5G FWA biznesini faol rivojlantirmoqda. Bu orqali yanada ko‘proq xonadonlar, ofislar va kichik biznes sub’ektlariga Gbit/s darajasidagi tezlikda keng polosali internetdan foydalanish imkoniyatini taqdim etish ko‘zda tutilgan.

Hozirgi kunda dunyo bo‘ylab qariyb 400 ta 5G tarmog‘i ishga tushirilgan bo‘lib, 200 dan ortiq operator FWA texnologiyasini joriy etmoqda. O‘zbekiston allaqachon 5G davriga qadam qo‘ydi. Mamlakat hududining katta qismi tekisliklardan iborat bo‘lib, bu simsiz signalning tarqalishi uchun qulay sharoit yaratadi. Biroq optik tolali tarmoqlarni rivojlantirish katta investitsiyalar, uzoq muddatli qurilish jarayonlari hamda chekka hududlarda dastlabki bosqichda investitsiyalarning qaytimi past bo‘lishi kabi amaliy muammolani keltirib chiqarishi mumkin. 5G FWA texnologiyasi optik tolali ulanishning “oxirgi mili”ni simsiz texnologiya orqali almashtirish imkonini beradi va keng polosali internet qamrovidagi mavjud bo‘shliqlarni tezkorlik bilan to‘ldirishga xizmat qiladi.

“Buning uchun foydalanuvchilarga atigi SIM-karta va 5G CPE-router kifoya. 5G tarmog‘i qamrovi mavjud bo‘lgan istalgan joyda – xoh uyda, xoh ofisda – gigabit darajasidagi internet tezligidan foydalanish mumkin. Eng yangi 5G simsiz texnologiyasi asosida FWA 1 Gbit/s dan yuqori yuklab olish tezligini ta’minlay oladi. Bu 8K formatdagi videolarni tomosha qilish, onlayn o‘yinlar o‘ynash va bir vaqtning o‘zida bir nechta qurilmani internetga ulash imkonini beradi. Shu tariqa xizmat abonentlarning kundalik ko‘ngilochar mashg‘ulotlari, ofisdagi ish faoliyati va onlayn ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondiradi. Kichik biznes va chakana savdo sohasining ehtiyojlariga kelsak, ushbu xizmat ajratilgan liniyalar, qurilish va kabel yotqizish ishlariga bo‘lgan ehtiyojni bartaraf etadi hamda ulanishni moslashuvchan tarzda o‘zgartirish imkonini beradi. Natijada xarajatlarni kamaytirish mumkin”, deya ta’kidladi Ucell marketing bo‘yicha rahbari Andrey Shadrin.

Ucell kompaniyasi Toshkent va Farg‘ona vodiysi kabi muhim shahar hududlarini qamrab olgan holda qariyb 1 500 ta 5G tayanch stansiyasini keng ko‘lamda ishga tushirdi. Hozirgi kunda Ucell 5G mobil aloqa xizmatidan foydalanuvchi 1 milliondan ortiq abonentga ega. O‘zbekiston aholisi 38 milliondan ortiq kishini, xonadonlar soni esa 10 milliondan ziyodni tashkil etadi. Shu bilan birga, statsionar keng polosali optik tolali internetning kirib borish darajasi atigi qariyb 30 foizni tashkil qiladi. FWA texnologiyasi Gbit/s darajasidagi tezlikni ta’minlab, optik tolali tarmoq qamrovi mavjud bo‘lmagan hududlarda internetga ulanish muammosini hal qilish va uy sharoitidagi keng polosali internetdan foydalanish imkonini beradi. Shu sababli FWA texnologiyasini O‘zbekistonda rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Kelgusida 5G FWA xizmatini rivojlantirish doirasida Ucell ikkita asosiy mijoz segmentiga e’tibor qaratadi. Birinchisi – qishloq hududlaridagi xonadonlar va xususiy uy-joylar bo‘lib, ularning internetga ulanish bo‘yicha asosiy ehtiyojlarini qondirish ko‘zda tutiladi. Ikkinchisi – kichik va o‘rta bizneslar hamda chakana savdo do‘konlari bo‘lib, ularga tejamkor va korporativ darajadagi keng polosali internet xizmatlari taqdim etiladi.

“O‘zbekiston allaqachon 5G davriga qadam qo‘ydi. Mahalliy aloqa operatorlari aholi va biznes uchun 5G qamrovini kengaytirish hamda yuqori tezlikdagi xizmatlarni taqdim etish ustida faol ish olib bormoqda. 5G FWA texnologiyasi keng polosali internetdan foydalanish imkoniyatidagi mavjud kamchiliklarni samarali hal qilib, foydalanuvchilar tajribasini yaxshilash hamda aloqa operatorlariga o‘z xizmat paketlarini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Biz Ucell bilan hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz va har bir oila, korxona hamda tadbirkor raqamli texnologiyalarning afzalliklaridan foydalanishi uchun O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini rivojlantirishda davom etamiz”, deya ta’kidladi Huawei’ning Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Van Si (Wang Qi).

So‘nggi bir necha yil davomida Ucell va Huawei hamkorlikda global miqyosda yetakchi SingleRAN mahsulotlaridan foydalangan holda ekologik jihatdan barqaror va energiya tejamkor 5G tarmog‘ini barpo etdi. Ookla ma’lumotlariga ko‘ra, Ucell uchinchi yil ketma-ket O‘zbekistondagi eng tezkor mobil internet operatori deb e’tirof etildi. Ayni paytda kompaniya Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysida 5G qamrovini ta’minlagan. Kuchli 5G MIMO texnologiyasining joriy etilishi Ucell foydalanuvchilariga keng qamrovli va yuqori sifatli 5G xizmatlarini taqdim etish imkonini bermoqda. 100 MGs kenglikdagi C-BAND diapazonidan foydalangan holda, Ucell kompaniyasi 1,8 Gbit/s gacha bo‘lgan maksimal tezlikka erishmoqda, bu esa uning bozordagi yetakchi mavqeini saqlab qolishiga xizmat qilmoqda.

Huawei bilan hamkorlikda Ucell tomonidan namoyish etilgan, “plug and play” (“ishga tushir va foydalan”) tamoyili asosida ishlab chiqilgan 5G FWA yechimi uy interneti va ish muhitidan foydalanishning turli ssenariylarini ta’minlay oladi. CPE qurilmasi bilan jihozlangan Ucell tarmog‘ida yuklab olishning maksimal tezligi 1,8 Gbit/s gacha yetishi mumkin. CPE bir vaqtning o‘zida 128 tagacha qurilmani ulashni qo‘llab-quvvatlaydi hamda maydoni 90–120 m² bo‘lgan odatiy turar joyni qamrab olib, yuqori sifatli internet xizmatidan foydalanish imkonini beradi. Shu bilan birga, faol sovitish tizimiga ega yechim yuqori yuklama sharoitida ham 5G xizmatidan uzluksiz foydalanishni ta’minlaydi.

Kelgusida Ucell va Huawei o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanib, FWA xizmatlarini ilgari surish va rivojlantirish ishlari davom ettiriladi. 5G tarmog‘ini yanada takomillashtirish va yuqori unumdorlikka ega CPE qurilmalarini taqdim etish orqali Ucell ko‘proq aholi va turli sohalar uchun Gbit/s darajasidagi uy interneti tajribasini ta’minlashni maqsad qilmoqda. Bu uy televideniyesi, videokontent, onlayn o‘yinlar va jonli translyatsiyalar kabi yo‘nalishlarda uy sharoitidagi keng polosali internetdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qiladi hamda foydalanuvchilarga yuqori tezlik, past kechikish va yuqori ishonchlilikka ega xizmatlarni taqdim etadi. 5G FWA O‘zbekiston raqamli infratuzilmasining ajralmas qismiga aylanib, har bir hudud, har bir oila va har bir korxonaga ilg‘or texnologiyalarning afzalliklaridan foydalanish imkonini beradi.

ICT Week Uzbekistan – O‘zbekistonda 2004 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan axborot texnologiyalari sohasidagi yirik va muhim tadbirlardan biridir. Mazkur tadbir an’anaviy ravishda ICT Expo kabi qator ixtisoslashtirilgan tadbirlarni yagona format doirasida birlashtiradi. ICT Week Uzbekistan 2026 2026 yil 22–25-sentyabr kunlari “CAEx” (Central Asian Expo Uzbekistan) majmuasida bo‘lib o‘tadi. Tashrif buyuruvchilar yetakchi mahalliy va xalqaro kompaniyalarning eng yangi raqamli yechimlari bilan tanishishlari, shuningdek, ictweek.uz saytida ro‘yxatdan o‘tgan holda forum va sammitlarda ishtirok etishlari mumkin.

Reklama huquqi asosida


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing