Video: Maktabdagi kamera voqeasi aslida qanday yoxud vazirlik QALAMPIR.UZ'ning og‘ziga “qopqoq tiramoqchi”

Jamiyat

QALAMPIR.UZ tahririyatiga bir necha kun avval Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining jismoniy tarbiya kiyim almashtirish xonasida kuzatuv kameralari o‘rnatilgani haqida xabar va video yetib kelgandi. Biroq bayram vaqti bo‘lgani uchun bu murojaatni o‘rganish imkoni bo‘lmadi.

Bugun, 11 mart kuni tushga yaqin bu masala yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati bilan bog‘landik. Matbuot xizmati ushbu holatga oydinlik kiritishini va bu voqeadan xabari borligini aytdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, tushdan keyin XTV bu haqda yozib ulgurmasimizdan og‘zimizga "qopqoq tayyorlab", maktabning jismoniy tarbiya kiyim almashtirish xonasidagi kuzatuv kamerasi olib tashlanganini "qahramonlarcha" e’lon qildi. Biz aytguncha vazirlikning ko‘zi qayerda edi?

XTV xabarida Nazorat-huquqiy xizmati 2019 yilning 7 mart kuni mazkur holatni o‘rganib chiqishi natijasida 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi sport zalining o‘g‘il va qiz bolalar kiyim almashtirish xonalarida kuzatuv kameralari o‘rnatilgani aniqlangani ta’kidlangan.

"Tekshiruv natijasiga ko‘ra, kiyim almashtirish xonalaridagi kameralar demontaj etildi va bu kabi holatlarni oldini olish borasida barcha maktab rahbariyatiga tegishli ko‘rsatmalar berildi", deyiladi xabarda.

Aslida esa kuzatuv kameralarining olib tashlanishiga ota-onalarning shikoyati sabab bo‘lgan. Kamera olib tashlangunga qadar esa bir necha vaqt mobanida u ishlab turgan va undagi qaydlar hamon saqlanib qolgan.

Ota-onalarning ko‘pchiligi bunga e’tiroz bildirishiga qaramasdan maktab rahbariyati, ma’muriyati o‘zi bilganini qilishda davom etgan.

Bizning qo‘limizdagi video Sog‘liqni saqlash vazirligi yuristi Ruslan Muhammadiyevdan yetib kelgan. Uning qizi Yunusobod tumanidagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil oladi.

Ahamiyatli jihati shundaki, kuzatuv kamerasi aynan qizlar kiyim almashtirish xonasiga o‘rnatilgan. XTV bayonotida esa kamera o‘g‘il va qizlar kiyim almashtirish xonasiga birdek o‘rnatilgani aytiladi.

Maktablarning kiyim almashtirish xonasida kuzatuv kameralarining o‘rnatilishi qonunchilik va "Bola huquqlari to‘g‘risida"gi Konvensiyaga zid bo‘lib, kameralarning olib tashlanishi bilan ishning bosti-bosti qilinishi to‘g‘ri bo‘ladimi? Maktab rahbariyati va mas’ullariga tegishli choralar ko‘rilsa, bunday holatlar takrorlanmasligi uchun yaxshi namuna bo‘lardi.

Ha aytgancha, direktorlar kuzatuv kameralarini o‘quvchilarning kiyim almashtirish xonasiga emas, o‘z xonasiga o‘rnatsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Xalq ta'limi vazirligi kuzatuv kamerasi

Baholaganlar

605

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing