Yumshatilayotgan karantin. Prezident qator sohalar faoliyatini ishga tushirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 may kuni karantin sharoitini yanada yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda karantin sharoitini bosqichma-bosqich yumshatishga oid taklif va tahlillar asosida bundan buyon amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Hozirda faoliyati tiklangan sanoat, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalariga qo‘shimcha ravishda xizmat ko‘rsatish sub’ektlari ham bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilandi.  

Jumladan, epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlarda, sanitariya talablarini belgilagan holda, nooziq-ovqat do‘konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, ta’mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berish kerakligi qayd etildi. Shuningdek, stikerlar bekor qilinib, shaxsiy avtomobillardan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Lekin, koronavirus to‘la bartaraf bo‘lmagani sababli, odamlar ko‘p to‘planadigan ob’ektlar, jumladan, teatr, konsert va sport zallari, to‘yxonalar, jamoat transporti bo‘yicha cheklovlar ma’lum muddatgacha saqlanib qoladi.

Respublika komissiyasiga xizmat ko‘rsatish turlarini qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida yo‘lga qo‘yishni belgilash topshirildi.

“Epidemiologik vaziyat yaxshilangani sari cheklovlarni bekor qilishni davom ettiramiz. Aksincha, vaziyat yomonlashsa, karantin choralarini qayta tiklaymiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev karantin

Baholaganlar

592

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing