Infarkt qilgan dollar, qidirilayotgan blogerlar, Gulnoraning uylari, yo‘li ochilgan Umra, aeroportdan ketgan Jo‘rayeva - Hafta tahlili
Tahlil
−
13 avgust 2023
13184Dunyoning hech bir mamlakati yo‘q-ki, unga AQSH dollari kirib bormagan bo‘lsa. Va dunyoning hech bir bozori yo‘q-ki, AQSH dollarida muomala qilinmasa yoki u qadrsiz bo‘lsa. Ko‘p jihatdan uning dunyo bozorida tutgan o‘rnini ungacha va undan keyin hech bir banknotda uchramagan “In God We Trust”, ya’ni “Biz Xudoga ishonamiz” so‘zlari bilan bog‘laydiganlar ham bor. AQSH dollarida ushbu yozuv 1957 yilda paydo bo‘lib, 1963 yildan buyon doimiy ravishda qo‘llanib kelinadi. Xullas, bu hafta AQSH dollari barcha davralarda asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi. Kim jamg‘arib qo‘ygan so‘mlarini dollar qilishga tushib qolgan bo‘lsa, yana kimdir dollarda olgan qarzini qanday to‘lash g‘amida. Ayniqsa, ijaraga avtomobilu uy olganlarning kayfiyati chatoq bu hafta. Assalomu alaykum! Dollar xayolimizni o‘g‘irlagan navbatdagi hafta tahlili bilan tanishing.
Infarkt qilgan dollar
Gapni dollardan boshladim, dollar bilan davom ettirsam. Har holda pul yaxshi narsa.
Tugayotgan hafta O‘zbekistonda so‘m dollarga nisbatan qadrsizlanib, dollarning banklardagi qiymati 12 minglik dovondan o‘tdi. Ayni vaqtda tijorat banklarida 1 dollarni maydalashning eng yuqori qiymati 11 980 so‘mdan boshlanib, 12 060 so‘mgacha bo‘lgan qiymatni tashkil etmoqda. Sotib olish esa 12 100 so‘mdan boshlab, 12 135 so‘mgacha taklif etilmoqda.
O‘zbekiston Markaziy bankining aniqlik kiritishi bo‘yicha, 10 avgust kuni so‘m dollarga nisbatan 3,5 foizga qadrsizlangan va bu yil boshidan buyon 7,6 foizni tashkil etmoqda. Xo‘sh, almashinuvda bu keskin o‘zgarishning sababi nimada? Markaziy bankning aniqlik kiritishicha, asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi tashqi savdo va pul o‘tkazmalari kanali orqali so‘mning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga olib kelgan. Xo‘sh, qaysi o‘sha asosiy savdo-hamkor davlatlar? Rossiya va Turkiya!
O‘zbekistonning savdo hamkorlarida milliy valyuta qadrsizlanishi hisobiga ulardan eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmida pasayish kuzatilgan.
"Markaziy bank kelgusida almashuv kursining keskin qadrsizlanishi oldini olish bo‘yicha yetarli instrumentlarga ega bo‘lib, zarur hollarda qo‘shimcha intervensiyalar amalga oshirish orqali tebranishlar yumshatib boriladi", deyiladi Markaziy bank xabarida.
2023 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning yalpi oltin zaxiralari 33,6 milliard so‘mni tashkil etib, ichki valyuta bozorida so‘m almashuv kursining keskin tebranishlarining oldini olish maqsadida markaziy intervensiyalarni bozorda valyuta sotuvini amalga oshirish uchun yetarli hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur to‘g‘rilanish real samarali almashuv kursining uzoq muddatli trendiga qaytishiga olib keladi va muvozanatli kurs valyuta tushumlarini oshirish orqali bozorda taklif o‘sishiga xizmat qiladi, ya’ni banklarga valyuta tushumini ko‘paytiradi. Real samarali almashuv kursi yil oxirigacha va o‘rta muddatli istiqbolda nisbatan barqaror bo‘ladi.
Rossiyada vaziyat og‘ir
O‘zbekistonga yirik miqdordagi xorijiy valyuta Rossiyadagi mehnat muhojirlari jo‘natmalari orqali kirib kelishini hisobga olsak, Rossiyada vaziyat ancha chatoq. 11 avgust kuni Rossiyadagi birja savdolari chog‘ida AQSH dollarining rublga nisbatan kursi 2022 yilning 25 martidan buyon ilk bor 1,59 foizga oshib, 99 rublga yetdi.
Keyinroq dollar kursining o‘sishi biroz sekinlashib – 98,98 rublgacha qaytgan. Shu bilan birga, yevro kursi 2022 yilning 23 martidan buyon ilk bor 109 rublga yetgan.
Rossiya Markaziy bankining izoh berishicha, tovarlar va xizmatlar importi va eksporti nomutanosibligi rublning zaiflashishida hal qiluvchi omil bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, valyutaning devalvatsiya bo‘lishi va kapitalning chiqib ketishi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqidagi farazlar asosli emasligi ta’kidlangan.
Toshkentda o‘lish narxi qancha?
Gap pulga borib taqalarkan, so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanganini eshitib, yurak hovuchlab qolganlarga bir narsani eslatib qo‘ymasam bo‘lmaydi.
ugayotgan haftada Toshkent shahri qabristonlarida qabr qazish va dafn marosimi uchun pullik xizmatlar ko‘rsatish tariflari tasdiqlandi.
Bu bo‘yicha Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov 8 avgust kuni "Toshkent shahriga tegishli qabristonlarda go‘r qazish va marosim xizmatlari uchun pullik xizmatlar ko‘rsatish tariflarini belgilash to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Go‘r qazish va dafn marosimi uchun pullik xizmat ko‘rsatish tariflari Toshkent shahar va Toshkent viloyati hududida joylashgan qabristonlarda bir xilda qo‘llaniladi.
Keltirilishicha, qabristonlarda Islom diniga mansublar uchun bitta go‘r qazish narxi katta-kichikligiga ko‘ra, 60 yoki 150 ming so‘mni tashkil etadi. Boshqa din vakillari uchun go‘r qazish narxi esa 60 — 120 ming so‘m etib belgilangan. Qabr ustiga qo‘yiladigan raqamli ustuncha narxi 40 yo 50 ming so‘m.
Shuningdek, Islom diniga mansublar uchun bitta tobut tayyorlash narxi 1 million 560 ming so‘m, sartaxta 1 million 250 ming so‘m, maxsus transport vositalaridan foydalanish 1 soat uchun 80 ming so‘m etib tasdiqlangan.
Shuningdek, bir qator pullik xizmatlar haqida ham ma’lumot berilgan. Ular bilan QALAMPIR.UZ saytiga joylashtirilgan maqolada tanishishingiz mumkin.
Gulnora Karimova mulklaridan ayrildimi?
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Buyuk Britaniyadagi uchta hashamatli mulki musodara qilindi. Bu haqda Yirik miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosining Twitter sahifasida ma’lum qilindi.
8 avgust kuni Britaniya Oliy sudida Gulnora Karimovaning uchta hashamatli mulki musodara qilingan.
“O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi Karimova va uning oilasi 20 million funt sterlinglik (taxminan 25 million dollar) mulkni korrupsion faoliyatidan tushgan daromadlardan sotib olgan”.
Ushbu mulklar Googosha'ning Belgraviyadagi ikkita kvartirasi va Surreydagi uyi ekani keltirilgan.
Yirik miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi da’volariga ko‘ra, Karimova 2004-2012 yillar davomida telekommunikatsiya kompaniyalaridan O‘zbekiston bozoriga kirishiga yordam berish evaziga yuzlab million dollar pora olgan.
“Biz bugungi kunda ushbu mulklarni nazorat qilish uchun bir nechta offshor hisob va kompaniyalarni o‘z ichiga olgan murakkab moliyaviy yo‘lni tanladik. Bu qaror bizning ishimizda va Buyuk Britaniyadan pullarni yo‘q qilish bo‘yicha davom etayotgan harakatlarimizda oldinga qadamdir”, deydi Liza Osofskiy, Yirik miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi direktori.
Gulnoraning qizi Imon Karimova esa onasining Buyuk Britaniyadagi mol-mulki musodara qilingani haqidagi ma’lumotni rad etib, Instagram'iga post joyladi va ko‘p o‘tmay uni o‘chirib yubordi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk kompaniyalari tugatilgan va mulklar avtomatik ravishda Buyuk Britaniya hukumatining nominal nazoratiga o‘tgan. Yirik miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi ham mulklarni musodara qilishini emas, balki ikki xonadon va Karimovaning uyini “nazorat qilish”ini bildirgan.
Shuningdek, Imon Karimova Gulnora Karimova mulklarini muvaffaqiyatli himoya qilgunicha yaxshi holatda qolishi uchun byuro boshqaruviga o‘tkazilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy 51 yoshni qarshilagan Gulnora Karimova ayni vaqtda bir qator jinoyatlarda ayblanib, hibsda saqlanmoqda. Karimovlar oilasining kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva esa Islom Karimov vafotidan so‘ng AQSHga ko‘chib ketgan. Sobiq Birinchi xonim Tatyana Karimova Toshkentda istiqomat qilmoqda. Gulnoraning qizi Imona Toshkentga tez-tez kelib turadi. Mana, qariyb 10 yilki, uning o‘g‘li Islomdan darak yo‘q. U hozir Angliyada, uylangan, o‘g‘li bor.
Ikki bloger qidiruvga berildi
O‘zbekistonda ayrim blogerlarning jinoiy javobgarlikka tortilishi, ular ustidan ish qo‘zg‘atilishi davom etmoqda. O‘tgan hafta bloger va jurnalist Abduqodir Mo‘minov 7 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum qilinib, bloger Olimjon Haydarov tovlamachilikda ayblanib, qo‘lga olingan bo‘lsa, joriy haftada yana ikki bloger – “Sanjar Xo‘ja” taxallusi bilan tanilgan Sanjar Ikromov hamda “Detektiv Uz” nomi ostida faoliyat olib borgan Sherali Komilov qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi.
Ichki ishlar vazirligi yuqorida nomi keltirilgan shaxslar nima uchun qidirilayotganini ochiqladi.
Ma’lum qilinishicha, 1988 yilda tug‘ilgan Sanjar Ravshanovich Ikromov 2011 yilning 1 mart kuni Toshkent shahri Olmazor tumanida fuqarodan avtomashinalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishini aytib, Sergeli avtomobil bozoridan arzonga Nexia avtomashinasini olib berishni va’da qilib, 20 million so‘m pulni aldov yo‘li bilan undirib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda.
Holat yuzasidan 2012-yil 31 mart kuni Toshkent shahri Olmazor tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, gumondor Sanjar Ikromov “tergovdan yashiringani” sababli, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
1979 yilda tug‘ilgan Sherali Komilov esa muqaddam 2011 yilda Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik), 2022 yil 14 mart kuni 168-modda (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi bilan sudlangan.
Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, u 2021-yil 6 iyun kuni bir ayolga o‘zini mustaqil jurnalist va bloger deb tanishtirib, ayolning o‘g‘li – 1999 yilda tug‘ilgan yigitga nisbatan Qashqadaryo viloyati Koson tumani jinoyat ishlari sudining Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 3-qismi “b” bandi hamda 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 2-qismi “a”, “v” bandlari bo‘yicha hukmini ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilib, “sun’iy shov-shuv ko‘tarib”, “sudning keyingi instansiya qarorlariga ta’sir o‘tkazib”, jazoni yengillashtirib berishni va’da qilgan hamda jabrlanuvchidan 5 million so‘m miqdorida pul undirib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Shuningdek:
- 2021 yilning 17 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yana bir ayolning ishonchiga kirib, sobiq turmush o‘rtog‘i qarz bo‘lib qolgan ma’lum miqdordagi aliment pulini undirib berishni va’da qilib, jabrlanuvchidan aldov yo‘li bilan 5 million so‘m miqdorida pulni olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan;
- yana bir holatda 2021 yilning dekabr oyida fuqaroni uy-joy bilan bog‘liq muammoli masalasini hal etib berishni va’da qilib, jabrlanuvchidan turli vaqtlarda 3 million so‘m, so‘ng 300 AQSH dollari miqdorida pullarini aldov yo‘li bilan undirib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan;
- 2022 yilning 19 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Qarshi shahar 5-son tergov hibsxonasi xodimi va Qarshi shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi xodimini sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqorat qilgan.
Hozirda Sherali Komilov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida xavfli retsidivist deb topilib, tergov organlaridan yashiringanligi sababli qidiruv e’lon qilingan.
"Ummon"chi Zohid qamalmaydigan bo‘ldi
Yodingizda bo‘lsa, sobiq “Ummon” guruhi xonanda Zohid Risqiyev o‘tgan yilning sentyabr oyida poytaxt Toshkentning Yunusobod tumanida o‘zi boshqarib ketayotgan BMW avtomobilida yo‘l-transport hodisasiga uchragan edi. Dahshatli avariya oqibatida avtomobilda bo‘lgan 22 yashar yigit voqea joyida vafot etgan. Yana ikki yo‘lovchi Javohir Yo‘ldoshev hamda Jasur Iskandarov Yunusobod tumani 7-shahar klinik shifoxonasiga olib kelingan.
9 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining ochiq sud majlisida Zohid Risqiyevga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sud unga jazo turi va miqdorini belgilashda sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, shu bilan birgalikda Jinoyat kodeksining 7, 8-moddalarida ko‘rsatib o‘tilgan odillik va insonparvarlik tamoyillari hamda Oliy sud Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida"gi Qarori talablaridan kelib chiqqan.
Shuningdek, Zohid Risqiyevga jazo tayinlashda, uning aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi, ularning sudlanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘rab bergan fikrini, sudlanuvchining sog‘lig‘i og‘ir ahvolda ekanligini inobatga olib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi sanksiyasida nazarda tutilgan muayyan huquqdan, ya’ni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda, ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, shu bilan birgalikda tayinlanayotgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tamasdan turib ham uni xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan fikrga kelib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasini qo‘llab, tayinlanayotgan jazoni shartli deb hisoblab, sinov muddati belgilashni maqsadga muvofiq deb hisoblangan.
Shu tariqa jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2023 yil 9 avgustdagi hukmiga ko‘ra, Zohid Risqiyev Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Zohid Risqiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasini qo‘llab va tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, 2 yil sinov muddati belgilandi.
"Dok-1 Maks" yostig‘ini quritganlar 21 nafar emas, 65 naqar
Bir kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan Zohid Risqiyev vafot etgan yigitning yaqinlari da’vosi yo‘qligi sabab nisbatan yengil jazo olmoqda, ammo 65 kishining hayotiga zomin bo‘lganlarga qanday jazo beriladi? Gap “Dok-1 Maks” siropi haqida ketmoqda. Ha, noto‘g‘ri eshitmadingiz. Ushbu siropni ichib, qurbon bo‘lganlar 65 nafarni tashkil etmoqda! O‘zbekistonda 65 nafar! Shuncha payt jamoatchilikdan yashirib kelingan bu raqam bu hafta Oliy sudning bayonotida aks etdi.
11 avgust kuni Toshkent shahar sudida jami 21 kishi ustidan “Quramax Medikal” MCHJ va “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK mas’ul xodimlari oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi.
Sudlanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo‘lib, ularning 7 tasiga “qamoqqa olish”, 12 tasiga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” va 2 tasiga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Ular Jinoyat kodeksining 184, 28,186-3, 186-3, 25,205, 205, 207, 28,209, 209, 210, 211, 212, 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Ushbu jinoyat ishi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Musa Yusupov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqilmoqda.
Ayblanuvchilar orasida 1972 yilda Hindiston Respublikasida tug‘ilgan, “Quramax Medikal” MCHJ direktori hamda 1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, bir vaqtda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan Sardor Qoriyev ham bor.
Ma’lumot uchun, Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonda avvaliga 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq kompaniya dori vositalari ishlab chiqarishda sanoat darajasida ishlatiladigan zaharli moddadan foydalangani ma’lum bo‘ldi. Doridan zarar ko‘rganlar vafot etganlar bilan cheklangani yo‘q. Ushbu dorini iste’mol qilib, nogironga aylangan va to‘shakka mixlangan bolalar ham bor. Ularning ota-onasi aslida vafot etganlar 65 nafardan ko‘pligiga shama qilib, suddan eng oliy jazoni kutayotganini bildirdi.
Ushbu ish bo‘yicha sudga tortilgan hindistonlik fuqaroning advokati suddan unga belgilangan qamoqqa olish ehtiyot chorasini mijozi vegetarian bo‘lgani sabab uy qamog‘iga o‘zgartirishni so‘radi. Sudya advokatning iltimosini rad etdi. Mazkur sud majlisidan tayyorlangan maxsus lavhani QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Reanimatsiyada yotgan bemor tergovga majburan olib ketildimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi shifoxonada yotgan ayolni prokuratura va bir nechta ichki ishlar xodimlari tergovga olib ketayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Bu esa jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lib, “sharmandalik” deya ta’riflandi. Biroq viloyat prokuraturasi ayol tergovga emas, balki uy qamog‘iga olib ketilganini bildirdi.
Unda aytilishicha, Tez tibbiy yordam Boysun tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i va katta hamshira 2019-2022 yillarda o‘zlarining ixtiyorida bo‘lgan jami 220,7 mln so‘m ish haqini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 10 iyun kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tuman bo‘limi tomonidan ularga nisbatan O‘zbekicton Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘tkazilgan dastlabki tergov jarayonida jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan hamshira sog‘lig‘i yomonlashgani sabab joriy yilning 3 avgust kuni tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Shu kuni birlashmaning reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i vrach-reanimatolog tomonidan ayolga nevroz sirkulyator distoniya aralash turi hamda astenonevrotik sindromi kabi tashxislar qo‘yilib, uning umumiy ahvoli qoniqarli deb topilgan.
Shundan so‘ng 4 avgust kuni Surxondaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vrach-nevropotologi tomonidan ayol ko‘rikdan o‘tkazilib, uning umumiy ahvoli qoniqarli deb topilgan va unda biror-bir potologik reflekslar kasalligi aniqlanmagan. 5 avgust kuni ayolning sog‘lig‘i qoniqarli bo‘lganligi sababli uyiga javob berilgan.
Tergov davomida, jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi sababli ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan.
“Ayolning kasal holida so‘roq qilish tergov harakatiga jalb etish uchun tuman prokuraturasiga olib borilgani holati rad etiladi. Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi munosabatda.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Modomiki o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida ayolning salomatligi joyida deb baholangan bo‘lsa, nega u shifoxonadan o‘z oyog‘i bilan chiqmay, kushetkada olib chiqib ketildi? Tergov paytida hushidan ketgani sababi nima? Unga nisbatan hech qanday tazyiq bo‘lmaganmi yo ayolning avvaldan shunday kasali bo‘lganmi? Bu savollar hozircha ochiq qolmoqda?
O‘zbekiston amerikalik oilaning uyini tunadi
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shtatida 24 yoshli O‘zbekiston fuqarosi er-xotinni garovga olib, ularning uyini tunadi va mashinasini o‘g‘irlab ketdi.
U joriy yilning 16 iyul kuni xitoylik sherigi bilan birga Nyu-Yorkning Kvins tumani Flashing mavzesida o‘zlarini Federal qidiruv byurosi xodimi sifatida tanishtirib, shu hududda yashovchi oilaning uyiga bostirib kirgan. Shundan so‘ng, ular uy egalarini bog‘lab qo‘yib, qurol bilan qo‘rqitgan. Ularni bir necha soat davomida shunday holda ushlab turib, uyini tunagan.
“Keyin o‘zbekistonlik yigit va sherigi turli buyumlar, jumladan, kredit kartalari, alohida buyurtma bo‘yicha tayyorlangan sumkalar, qimmatbaho zargarlik buyumlari, jabrlanuvchilardan biriga tegishli uyali aloqa moslamasi, jabrlanuvchilarning Mercedes-Benz avtomobili kalitlari va taxminan 30 000 dollar miqdoridagi kriptovalyutani o‘g‘irlagan”.
O‘zbekistonlik va uning sherigi uyni tunab bo‘lgach, 15 daqiqalik taymer o‘rnatgan va jabrlanuvchilarni bo‘shatib, ular qochib ketgunga qadar kutishini tayinlagan. Er-xotin shu kuni yarim kechasi politsiyaga xabar bergan.
O‘zbekistonlik yigit o‘g‘irlangan mashinani haydab borib, Manxettendagi avtoturargohga joylashtirgan. 19 iyul kuni u mashinani olib ketish uchun kelgan va kalitlarni so‘rab, to‘xtash joyi xodimiga murojaat qilgan. U avtomobil o‘ziniki ekanini isbotlash uchun soxta guvohnomani ham ko‘rsatgan.
Politsiya tomonidan hibsga olingan o‘zbekistonlik va uning sherigi talonchilik hamda o‘zini federal agentlar sifatida ko‘rsatishda ayblanmoqda.
Endilikda ularga nisbatan 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Umraga borish ham, yuborish ham osonlashdi
Tugayotgan haftada anchadan buyon kutilayotgan voqea sodir bo‘ldi. O‘zbekistonda xususiy tur kompaniyalariga Saudiya Arabistonida Umra ziyoratini tashkil etish huquqini berish bo‘yicha talablar tasdiqlandi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umra" tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining alohida faoliyat yo‘nalishi hisoblanib, mazkur faoliyat faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi. Unga ko‘ra, 100 ming AQSH dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish, “Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash, “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi, “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik, “Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish belgilandi.
2023 yil 1 oktyabrdan “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi.
Qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan qo‘llaniladi hamda ulardan litsenziyani qayta rasmiylashtirishda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im va litsenziya uchun davlat boji undirilmaydi.
Bugungacha Umra tadbirlarini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida«gi qarori asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkiloti o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirilib kelinayotgan edi. Ushbu qarorda xususiy tur operatorlarning Umra tadbirlarini tashkil etishiga yo‘l qo‘yilmasligi borasida hech qanday so‘z bormagan va so‘nggi vaqtlarda mamlakatda Umra ziyoratini tashkil etuvchi tur kompaniyalar soni ko‘paygandan ko‘paydi. Ana endi ularning qonuniy faoliyat yuritishiga sharoit yaratildi. Biroq, ular orasida ko‘zni chirt yumib, 100 ming dollarni depozit sifatida Turizm qo‘mitasining jamg‘armasiga qo‘shqo‘llab topshiradigan nechta mardi topilarkan, ko‘ramiz. Hozircha tur operatorlar bu qarordan na xursand, na xafa.
Sudlardagi ikkilik standarti. Adolatning manzili qayer?
Esingizdami, shu yilning aprel oyida Toshkentda 26 yoshli yigit 17 yoshli qizga tegajog‘lik qilgandi. Tugayotgan haftada unga nisbatan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ochig‘i sudning hukmidan shokka tushgan bir men emas. Ijtimoiy tarmoq larzaga kelmoqda.
1997 yilda tug‘ilgan yigitga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sud raisi Sardorbek Sodiqov boshchiligida, Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq yigit Jinoyat kodeksining 25,118-moddasi (nomusga tegishga suiqasd qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Ayni vaqtda sudyaning qarori qator e’tirozlar va haqli savollarni keltirib chiqarmoqda. Voyaga yetmagan bolalarga jinsiy tajovuz qilganlar, mehribonlik uyidagi voyaga yetmagan qizlarni yillar davomida zo‘rlab, jinsiy aloqa qilib kelganlar jazodan qutilib qolayotgan yoki yengil jazo olayotgan bir paytda yosh yigitning 10 yilga qamalishi qanchalik odilona va adolatli qaror degan savollar berilyapti.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi esa voyaga yetmagan qizni uyiga majburan ko‘tarib olib kirib, tan jarohati yetkazib, nomusiga tegmoqchi bo‘lgan yigitni joriy yilning 7 iyul kuni oqlab, qamoqdan chiqargani esa e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Bosh prokuraturadan ushbu ikki holat bo‘yicha sud hukmining qonuniyligiga baho berish so‘ralmoqda.
Aeroportni tark etgan Jo‘rayevadan qanday iz qoldi?
2021 yilning fevralidan buyon “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Ra’no Jo‘rayeva hafta boshida lavozimini tark etdi. Uni boshqa lavozimidan ozod etilganlardan farqli o‘laroq Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va Ilhom Mahkamov hurmat va ehtirom bilan kuzatib qo‘ydi.
Ra’no Jo‘rayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi nima asosda va nega muddatidan avval bekor qilingani sabablari ochiqlanmagan. Uzunquloq gaplarga qaraganda, Ra’no Jo‘rayeva uzoq yillar Rossiya yashab, yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan. Shuningdek, uning o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning loyihalarida boshchilik qilgani haqida gaplar yuradi. Va Jo‘rayevaning “Uzbekistan Airports”dan ketishini G‘arbning Rossiya va Usmonov kompaniyalari, unga aloqador shaxslarga sanksiyalar kiritishi bilan ham bog‘layotganlar yo‘q emas.
Boshqa tomondan Jo‘rayevaning lavozimidan ketishi ortidan O‘zbekistonda kamdan kam holatda uchraydigan hodisa kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti faollari Jo‘rayeva davrida aeroportlarda katta o‘zgarishlar qilingani, xususan Toshkent xalqaro aeroporti ancha o‘zgargani, Ra’no Jo‘rayevaning iste’fosi aviatsiya sohasi uchun yo‘qotish bo‘lganini yozdi.
Transport vazirligi ham Jo‘rayevaning faoliyatidan mamnun. Vazirlikning yozishicha, ikki yarim yillik rahbarlik faoliyati davomida Ra’no Jo‘rayeva kompaniyada katta o‘zgarishlarni amalga oshirishga erishgan. Xususan, aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, kompaniya boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda moliyaviy–iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlari o‘zining ijobiy natijasini bergan.
Jo‘rayeva kuzatib qo‘yilgan kunning o‘zida “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib Javlonbek Oybekovich Umarxo‘jayev tayinlangan.
Dollar narxi tushadi
Dasturimizni dollar bilan boshlagandim. Shuncha dilni xira qiluvchi xabarlar orasida bitta yengillashtiradigani ham bo‘lsin endi. 14 avgust, dushanba kuni O‘zbekistonda dollar narxi biroz pasayadi. Markaziy bankning ma’lum qilishicha, dollarning rasmiy kursi 33,15 so‘mga pasayib, 12 041 so‘m 88 tiyinga tushadi. Albatta, katta tushishmasdirov, lekin yo‘qdan ko‘ra harna deganlaridek. Hamyonga va ro‘zg‘orga baraka! Salomat bo‘ling.
LiveBarchasi