Fojia, o‘limidan keyin tanasini donorlikka topshirgan Ganira Pashayeva, qamalgan jurnalistlar – Hafta tahlili
Tahlil
−
30 Sentabr 2023
11456O‘zbekiston tebranyapti, O‘zbekiston. Bir tomonda bolalar zaharlanishi, ikkinchi tomondan uni yopdi-yopdi qilishga urinayotgan vazir va uning yordamchisi, Akfa universitetining sobiq va hozirgi rahbariyati o‘rtasidagi mojaro, Sergelidagi fojiayu uning ortidan chiqayotgan ko‘plab taxminlar. Har kunga bir mavzu bor. Avvalgidek, hafta boshida sodir bo‘lgan voqeani hafta oxirigacha muhokama qilishga fursat yo‘q. Yangidan yangisi, og‘irdan og‘iri o‘rtaga chiqayotgandek, nazarimda. Lekin biz ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lgan voqealar tavsilotlarini jamlash, ularni g‘alvirdan o‘tkazishda davom etamiz. Anglaganingizdek, QALAMPIR.UZ’ning Hafta voqealari tahlili bilan kameralar qarshisida Qamariddin Shayxov.
O‘zbekiston bolalar hayotini kimlarga ishongan?
O‘tgan hafta Namangan, Andijon va poytaxt Toshkentda yuzlab bolalar zaharlanish alomatlari bilan shifoxonalarga olib kelinganidan xabaringiz bor. Ularning ota-onalari bolalari maktab va bog‘chada berilgan yodga preparatini iste’mol qilgach, shu ahvolga tushganini aytmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa yarim-yumaloq bayonotlarida buni rad etdi.
Biz esa masalaning boshqa tomoniga to‘xtalmoqchimiz. Ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi ta’sischiligidagi “O‘ZMEDIMPEKS” MCHJ “Antistrumin” yod preparatini yetkazib berish evaziga “Samo” MCHJ bilan jami 21 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzganini tasdiqlovchi hujjatlarning rasmi tarqaldi. Ha, nima qilibdi tarqalgan bo‘lsa, dersiz. Shoshmang, gapni oxirigacha eshiting.
Hujjatga ko‘ra, SSV ta’sischiligidagi tashkilot ushbu dori vositasini xarid qilish uchun 2022 yil iyun oyida “Samo” MCHJ bilan 5 mlrd 644 mln so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan. 2023 yil 11 yanvarda esa ushbu shartnomaga 956 mln so‘mlik qo‘shimcha kelishuv qilingan.
“O‘ZMEDIMPEKS” MCHJ 2023 yil 4 mayda yana mazkur dori vositasini xarid qilish uchun “Samo” MCHJ bilan 15 mlrd 275 mln so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan. Ushbu shartnomalarga ko‘ra, jami 21 mlrd 875 mln so‘m mablag‘ evaziga “Samo” MCHJ 3 mln 550 ming miqdorda “Antistrumin” yetkazib berishi ko‘rsatilgan.
Ana endi muhim qismiga keldik. Rasman tasdiqlanmagan, keyin ham tasdiqlanishi dargumon bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Antistrumin” dori vositasini xarid qilish uchun hech qanday tender o‘tkazilmagan, shartnomalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan.
Eng yomoni SSV ta’sis etgan “O‘ZMEDIMPEKS” shartnoma tuzgan “SAMO” MCHJning ta’sischilaridan biri Nodir Yunusov AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati rasmiy saytida qidiruvda ekani to‘g‘risidagi ma’lumot e’lon qilingan.
Unga odam savdosi, qul mehnati, firibgarlik va korrupsiyaga uchragan tashkilot tuzish ayblovlari qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan SSVning Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tilga kirdi. Bayonotda aytilishicha, ushbu tashkilotning Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi tomonidan “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan “SAMO” MCHJ korxonasi faoliyati bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Lekin bu tekshiruvlar qachon yakunlanishi, qachon natijalar e’lon qilinishi aytilmagan.
Markaz jamoatchilikka murojaat qilib, tegishli tashkilotlar tomonidan ushbu dori vositasi bilan bog‘liq holat sabablari aniqlanib, ma’lum qilinmaguncha, asoslanmagan xabarlarni tarqatmaslikni so‘ragan. Bo‘ldi, gap yo‘q, nima desangiz shu, jim o‘tiramiz.
Inoyatov bolalarning zaharlanishini yopdi-yopdi qilmoqchimi?
Jim o‘tirishni va’da qilayotib, sukut saqlashni rasman buyurganlarning videosi tarqalganini eslatib ketish yodimdan ko‘tirilibdi. Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning yordamchisiman, deb tanishtirgan erkakning Namanganda aynan bolalar zaharlanishi bilan bog‘liq holatni yoritish va vazir bilan suhbatlashish uchun kelgan jurnalistlarga bog‘cha va maktab bolalarining ommaviy zaharlanishi bo‘yicha sukut saqlash topshirilganini aytgan videosi tarqaldi.
Ushbu video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, katta muhokamalarga sabab bo‘lgach, Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
“Ushbu ma’lumot haqiqatdan yiroq, Prezident Administratsiyasida bunday topshiriq bo‘lmagan”.
Mas’ullar o‘z navbatida, bolalarda aniqlangan holat bo‘yicha huquq-tartibot organlari va tegishli tashkilotlar tomonidan tekshiruv ishlari davom ettirilayotganini eslatgan holda mavzuga doir savol va murojaatlar uchun ochiqligi, hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Biroq jurnalistlarga o‘zini Inoyatovning yordamchisi sifatida tanishtirgan shaxsning o‘zi kimligi, qaysi lavozimda ishlashi va Prezident Administratsiyasi nomidan nega bunday yolg‘on ishlatgani, unga chora ko‘rish-ko‘rilmasligiga aniqlik kiritilmagan.
Sergelida dahshatli tun
Oh Sergeli, Sergeli dovrig‘ingdan o‘rgili. Bugun sening dovrig‘ing dunyolarni tutdi. Ingliz matbuoti bo‘lsin yo turk, qo‘shni qozoq, qirg‘iz, tojik, turman, rus, hatto, afg‘on seni bildi, tanidi. Portlashlar faqat bizdami, dedi.
Facebook’ni-ku aytma, o‘zbekistonliklardan xavotirlanib, Sergelidamasmisiz, xavfsiz joydamisiz degan xabar yubordi.
Bilsangiz ham yana bir bor eslatib ketay. 28 sentyabr kuni endigina uyqiga ketgan sergeliliklar kuchli portlash ovozidan uyg‘ondi. Tumanning “Quruvchilar” dahasidagi "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Tungi soat 02:43 da yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga ma’lumot kelib tushgan. 16 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3 ta avtonarvon hodisa ro‘y bergan hududga yetib borgan. Oradan 8 soat o‘tibgina yong‘in batamom o‘chirilgan. Yong‘inni o‘chirishga vertolyotlar ham jalb etilgan.
Avvaliga tarqatilgan xabarlarda, oldin portlash sodir bo‘lib, keyin yong‘in chiqqani aytilgan edi. Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan videolardan ko‘rinidaki, omborda avval yirik yong‘in chiqib, so‘ng portlash sodir bo‘lgan.
FVV hodisa “camolyot qulashi oqibatida sodir bo‘lgan”i aytilgan xabarlarni rad etgan.
Jarohatlanganlar 163 nafar. Ular orasida bolalar va keksalar ham bor. 1 kishi – 2006 yilda tug‘ilgan Abrorxo‘ja Abbosxo‘jayev portlash zarbidan deraza oynasi qulab, bo‘ynidan kesib ketishi oqibatida voqea joyida vafot etdi.
26 ta ko‘p qavatli uyning 592 ta xonadoni, 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta bog‘cha binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetgan. 24 ta ko‘p qavatli uy va 25 ta hovlining fasad, oyna-rom va tom qismi zarar ko‘rgan. Portlash omborxonadan 5-6 kilometr uzoqdagi hududlarda ham sezilgan. Toshkentni qora bulut qoplagan.
Portlash sodir bo‘lgan joyga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, Bosh vazir Abdulla Aripov yetib bordi. Shundan so‘ng, Shavkat Umrzoqov portlash zararlari qoplanishini ma’lum qildi.
“Sergeli tumanida yuz bergan kuchli portlash oqibatida kelib chiqqan yong‘inni to‘liq bartaraf etish hamda jarohatlanganlarga yordam berish barobarida, hodisa oqibatida yetkazilgan zararni baholash va bosqichma-bosqich qoplash yuzasidan ishlar boshlandi”, deyiladi poytaxt hokimligi xabarida.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi.
Portlash ortidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va ”b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Zakadr: Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti
“Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tegishli idoralarning mutaxassislaridan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilgan bo‘lib, yong‘in kelib chiqishi sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tegishli ekspertizalar tayinlangan hamda kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari amalga oshirilmoqda”.
Oradan uch kun o‘tdi. Na dastlabki xulosalar, na yong‘in qanday kelib chiqqani va na ushbu omborxona kimga tegishli bo‘lgani, unda nimalar saqlangani, kimyoviy moddalar bo‘lgan bo‘lmagani haqida ma’lumotlar bor. Rasmiy idoralar sukut saqlashda davom etmoqda. Sergelida esa ha barakkalla deb obodonlashtirish va tiklash ishlari boshlab yuborilgan, avjiga chiqqan. Bir tomonda to‘y bo‘layotgandek qo‘y so‘yilyapti, ikkinchi tomonda oshpazlar osh damlayapti. Biz o‘zbeklar har qanday fojiani to‘yga, oshxo‘rlikka aylantirib yuborishga ustamiz. Dardlar tez unutiladi, yaralar tez bitadi.
Boshqa tomonidan meni yana bir savol qiynayapti: omborxonada kamida bitta qorovul bo‘lgandir. Uning ahvoli haqida nega ma’lumot berilmayapti? Qayerda u? Odamlarning omborxonadan shuncha uzoq uyiga shu darajada zarar yetib, shuncha kishi jarohatlangan, bir yigit o‘lgan bo‘lsa, ombor ichidagi qorovul yoki qorovullarning ahvoli qanday? Nega jurnalistlar omborxonaga kiritilmadi? Afsuski, javob beradigan odam yo‘q.
Jurnalistlar qamaldi
Tugayotgan haftada “Kompromat ishi” bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida jurnalist, “Human” axborot portali direktori Xurshid Daliyev, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Hoshimov, Daliyevning jiyani Ahmadullo Ahmadjonov va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining sobiq matbuot kotibi Mavjuda Mirzayevaga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilingan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra Xurshid Daliyev va Siyovush Hoshimovga 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi umumiy tartibli koloniyalarda o‘ttatirilishi belgilangan.
Xurshid Daliyevning jiyani Ahmadullo Ahmadjonovga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Jurnalist, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining sobiq matbuot kotibi Mavjuda Mirzayevaga esa 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Shu bilan birga jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilangan.
Ushbu jinoyat ishi va sudga oid batafsil ma’lumotlar jamlangan videoni QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida joriy haftada e’lon qilingan videoda tomosha qilishingiz mumkin.
Armanlar Qorabog‘ni butkul tark etyapti
28 sentyabr kuni Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ rahbari Samvel Shahramanyan respublikani tugatish haqidagi farmonni imzoladi. Hujjatda keltirilishicha, tan olinmagan respublika 2024 yil 1 yanvargacha o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ aholisi, shu jumladan, uning chegaralaridan tashqarida bo‘lgan armanlarga mintaqada qolish yoki u yerga qaytish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun Ozarbayjon tomonidan reintegratsiya shartlari bilan tanishish taklif qilingan.
Qayd etilishicha, qaror hozirgi murakkab harbiy-siyosiy vaziyat munosabati bilan, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ xalqining jismoniy xavfsizligi va hayotiy manfaatlarini ta’minlash ustuvorligidan hamda Ozarbayjon bilan Rossiya tinchlikparvar kuchlari vositachiligida erishilgan kelishuvlarni ham hisobga olgan holda qabul qilingan.
Tog‘li Qorabog‘dagi so‘nggi vaziyat sabab minglab armanlar hududni tark etishni boshladi. Bundan 30 yil avval Qorabog‘dan ozarlar haydab chiqarilgan edi. Ular bugungi armanlar kabi mashinada, emin-erkin manzilga otlanmagan. Ozarlar armanlar qo‘lida mudhish o‘lim topgan qardoshlari, farzandlari, yaqinlari uchun ko‘z yosh to‘kib, yupun va oyoqyalang Qorabog‘ni tark etgan.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa yaqin kunlarda Tog‘li Qorabog‘da birorta ham arman aholisi qolmasligi, Ozarbayjon u yerda etnik tozalash olib borayotganini iddao qilib chiqdi.
“Tahlil shuni ko‘rsatadiki, yaqin kunlarda Tog‘li Qorabog‘da birorta ham arman qolmaydi. Bu bevosita etnik tozalash va deportatsiya harakatidir. Biz xalqaro hamjamiyatni uzoq vaqtdan beri ogohlantirib kelayotgan edik”.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi esa jazavaga tushayotgan Pashinyanning ayblovlarini rad etdi.
“Biz Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning 28 sentyabr kuni Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyati arman aholisi go‘yoki etnik tozalashga uchrayotgani haqidagi bayonotini keskin qoralaymiz va rad etamiz”.
Rasmiy Bakuga bugungacha Tog‘li Qorabog‘da yashab kelayotgan armanlar Ozarbayjon pasportini olib, mamlakat qonunlariga mos ravishda istiqomat qilishda davom etsalar, ularning barcha huquqlari ta’minlanishini va’da qilmoqda.
Cho‘kayotgan odam xasga ham yopishadi deganlaridek, Yerevan Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarga nisbatan irqiy kamsitishlar ayblovi bilan Ozarbayjonga qarshi Gaaga xalqaro arbitraj sudiga da’vo arizasi kiritdi.
Murojaatga ko‘ra, Ozarbayjondan fuqarolik ob’ektlaridan harbiylarni olib chiqib ketish, gaz va elektr ta’minotini tiklash hamda Qizil Xochning mintaqadagi ishiga aralashmaslik talab qilinmoqda.
Armaniston shuningdek, suddan Bakuga “Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarni siqib chiqarishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlardan voz kechish” majburiyatini yuklashni so‘ramoqda.
Yerevan Bakuning Tog‘li Qorabog‘ning amaldagi yoki sobiq siyosiy vakillari yoki harbiy xizmatchilariga nisbatan jazo choralarini qo‘llashidan xavotirda.
Ganira Pashayevaning vasiyati
Qorabog‘ va uning 30 yildan keyin adolatni tiklagan haqiqiy egasi Ozarbayjondan uzoqlashmaymiz. Bu hafta Ozarbayjonda motam. Xalqning suyukli farzandi, turkiy dunyo ovozi, Qorabog‘ haqiqatlarini 30 yil davomida dunyo minbarlarida yangrashiga sababchi bo‘lgan siyosatchi, jurnalist va shoira, Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati, o‘zbekistonlik ziyolilarning yaqin do‘sti Ganira Pashayeva 48 yoshida vafot etdi.
Hayotini, faoliyatini Qorabog‘ga, uning ozodligiga baxsh etgan, Qorabog‘ haqida o‘nlab asarlar yozgan, mamlakat va uning tashqarasida “temir xotin” nomini olgan Ganira Pashayeva Qorabog‘ ozod bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, 24 sentyar kuni komaga tushgani aytildi. Unga kelib chiqishi noma’lum gipotonik holat tashxisi qo‘yildi. Pashayevaning shifoxonaga tushishiga dorilar sabab bo‘lgani ma’lum qilindi. Bakudagi Markaziy klinik shifoxonaga yotqizilgan Ganira Pashayevaning davolanishi mamlakat vitse-prezidenti Mehribon Aliyevaning shaxsiy nazoratiga olindi. Shunga qaramay, 4 kun davom etgan muolajalar o‘z natijasini bermadi va 28 sentyabr kuni Ganira Pashayevaning vafot etgani malum qilindi.
Pashayevani Hukumat va parlament vakillari, ijtimoiy soha, adabiyot, madaniyat va san’at vakillari va minglab oddiy ozarbayjonliklar, uni 4 muddat deputat bo‘lishini istagan saylovchilar so‘nggi manzilga kuzatdi.
Buning bizga nima qizig‘i bor dersiz? Yo‘q, o‘lgan Ozarbayjonning oddiy deputati emasdi. U Turkiy dunyoda katta shuhrat qozongan ayol edi. Shu bois ko‘plab mamlakatlar ommaviy axborot vositalari Pashayevaning vafotini e’lon qildi, Turkiya va Ozarbayjondagi telekanallar Ganira Pashayevaning dafn marosimidan bir necha soatlik jonli efirga chiqdi, xorijiy mamlakatlar vazirlari va elchilari ta’ziya maktublarini yo‘lladi.
Mahalliy matbuot esa o‘limiga qadar ish joyida bo‘lgan, so‘nggi daqiqalargacha Armaniston qarshisida tik turgan deputatning vasiyatini yoyinladi. Vasiyatnomadan ko‘rinadiki, Ganira Pashayeva vafotini avvaldan bilgan.
U vasiyatnomasida o‘z tana a’zolarini muhtoj bemorlarga topshirish haqida yozgan. Pashayevaning aytishicha, bu uning dunyoga berishi mumkin bo‘lgan so‘nggi foydasi bo‘lishi mumkin.
“Ko‘pdan beri meni o‘ylantirib kelayotgan bir masala bor va men unga yuragimdan joy berdim. Bu masalada birinchi navbatda o‘zim qaror qilishim kerak edi. Bir qarorga kelganimga ishonch hosil qilgan zahoti, nihoyat, onam, singlim, qisqasi, oilam bilan ochiq suhbat qurishga, ahdimni aytishga qaror qildim. Bunday suhbat ular uchun psixologik jihatdan og‘ir kechgan bo‘lsa-da, shukrki, qarorim mohiyatini (uzoq bahs-munozaralardan so‘ng bo‘lsa ham) tushunishdi.
Organ donorligi – bu insonning o‘limidan keyin uning a’zolarini boshqa odam uchun ishlatishga ruxsat berish harakati. Masalan, hayoti dializ apparatiga bog‘liq bo‘lgan buyrak kasaliga chalingan odamga qabrda hech bir o‘lgan odamga kerak bo‘lmaydigan buyraklar bilan hayotga qaytishiga yordam bera olamiz. Ha, aziz o‘quvchi, men a’zolarimni hadya qildim! Men buni amalga oshiradigan muassasani ham aniqladim. O‘limdan keyin ba’zi a’zolarim boshqa odamning yashashi uchun ishlatilishini yaxshilik deb bilaman. O‘lganimdan keyin hayotga qaytmayman, lekin bir necha o‘layotgan odamlarga, og‘ir ahvolda bo‘lgan bir necha kishiga a’zolarim bilan yashashga yordam bera olaman. Men ularga yana tabassum qilishlariga va baxtli bo‘lishlariga yordam bera olaman. Bundan yaxshiroq nima bo‘lishi mumkin?! Ha, men bu haqda o‘z vasiyatimni yozganman. Chunki hayot shu qadar g‘alatiki, siz hozir shu yerdasiz, lekin atigi 5 daqiqadan so‘ng siz dunyoda yo‘q bo‘lishingiz mumkin”.
Gulnora Karimovaning ishi sudga yuborildi
Kim o‘zidan bog‘ qoldiradi, kim dog‘. Shveysariyada O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga va Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasining O‘zbekistondagi sho‘’ba korxonasining sobiq bosh direktoriga qarshi ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Federal sudga yuborildi.
Shveysariya Bosh prokuraturasiga ko‘ra, ikki ayblanuvchi turli mamlakatlarda, jumladan, Shveysariyada faoliyat olib borgan jinoiy tashkilotda ishtirok etgani aytilmoqda. Ayblovlar 2005 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davrda jinoiy tashkilotda ishtirok etish, jinoiy daromadlarni legallashtirish, xorijiy davlat amaldorlari sifatida pora olish va hujjatlarni qalbakilashtirishni o‘z ichiga oladi.
2012-2014 yillar oralig‘ida sud jarayoni Gulnora Karimovaning qo‘l ostidagi xodimlari va va uning o‘zini ham qamrab olgan. Chunki o‘shanda uning BMTning Jenevadagi vakolatxonasidagi diplomat sifatidagi faoliyati bilan bog‘liq immuniteti bekor qilingan.
“2018-2021 yillarda tergov doirasida to‘rt nafar shaxs jinoiy daromadlarni legallashtirish va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topilgan. 340 million Shveysariya frankidan ortiq mablag‘ O‘zbekistonga qaytarish maqsadida qat’iy ravishda musodara qilingan. Ayni paytda Gulnora Karimova va ikkinchi ayblanuvchiga qarshi sud jarayonida 440 million Shveysariya frankidan ortiq mol-mulki musodara qilinmoqda”.
Bundan tashqari, Gulnora Karimova 2001 yildan 2013 yilgacha bir necha o‘nlab shaxslar va ko‘plab kompaniyalarni o‘z ichiga olgan “Ofis” deb nomlanuvchi iyerarxik jinoiy tashkilot tuzganlik va unga rahbarlik qilganlikda ayblangan. Bildirilishicha, Shveysariyada ushbu tashkilot o‘z faoliyatini 2005 yilda bank hisoblari va seyflaridagi jinoiy operatsiyalaridan kelib chiqadigan kapitalni yashirish va ko‘chmas mulk sotib olish uchun boshlagan.
“O‘zbekkonsert” Nilufar Hamidovani ogohlantirdi
Aktrisa va boshlovchilikka da’vogar Nilufar ismli ayol ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari va turli konsertlardagi ishtiroki davomida odob-axloq qoidasini buzgani uchun “O‘zbekkonsert” tomonidan ogohlantirilganmish. O‘zi shu “O‘zbekkonsert” ogohlantirishdan boshqa narsaga yaramay qo‘ydiyov. Ha mayli, bu alohida mavzu.
“So‘nggi paytlarda konsert-tomosha sohasida Nilufar Hamidovaning odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlar qilishi hamda tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini haqorat qiluvchi holatlari keng jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan”,
deyiladi tashkilot bayonotida. Aytilishicha, haligi ayol “Million” jamoasining konsert dasturida tashkilotchilar qarshi bo‘lsa-da, yarim-yalang‘och ko‘rinishda sahnaga chiqqan. Tushunmadim. Nima? Nima endi tashkilotchilar qarshi bo‘lsa u shunda sahnaga o‘zi yugurib chiqib ketganmi? Qarshi bo‘lsa nega chiqdi? Kim qo‘ydi uni konsert saroyiga?
Xullas, o‘sha ayol bu harakati bilan konsert-tomosha faoliyati uchun berilgan litsenziya talab va shartlarini buzganmish va buni “O‘zbekkonsert” endi payqabdi. “O‘zbekkonsert” mas’ul xodimlari u bilan bilan suhbat o‘tkazib, bundan buyon litsenziya talab va shartlariga rioya qilishi, agarda shu kabi holat yana takrorlansa, qonuniy chora ko‘rilishi haqida ogohlantirgan.
Shuningdek, “Million” ijodiy jamoasi rahbari Davron Kabulov bilan ham suhbat o‘tkazilib, unga ham jamoaning keyingi dasturlariga Nilufar Hamidovani taklif qilmaslik tayinlangan. Agaaaaar o‘tgan safargi konsertda tashkilotchilarning qarshiligiga qaramay, bu ayol sahnaga chiqib ketgan bo‘lsa, bu safar “Million” konsertiga taklif qilmaslik ham foyda bermaydiyov.
Farhod Mannopov o‘limi bo‘yicha ikki kishi ayblanmoqda
Mittivine taxallusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat olib borgan marhum bloger Farhod Mannopov vafot etganligi bilan bog‘liq jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga yuborildi.
Jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 116- (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) va 117- (Xavf ostida qoldirish) moddalari bilan ayblov e’lon qilingan.
Esingizda bo‘lsa, joriy yilning 5 mart kuni Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etgan edi. U bir necha kun avval do‘stlari bilan basseynda suzayotgan vaqtida boshi va burnidan jarohat olgan. Shu sabab u burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan "Star med center" xususiy klinikasiga murojaat qilgan. O‘shanda Bosh prokuratura holatga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish, qo‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Mannopovning operatsiyasida ishtirok etgan anestiziolog va reanimatolog, plastik jarroh shifokori, laborant shifokorining malakaviy toifalari va sertifikatlari yo‘qligi ma’lum bo‘lgan edi.
*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*
Xayrlashish oldidan bir narsani aytish yodimdan chiqmasin deb o‘tiribman boyadan beri. Tugayotgan haftada Toshkent xalqaro kino festivali ochildi. Unga o‘sha siz “Taksi” filmi orqali tanigan Frederik Difental keldi. Shu o‘rinda Defental keldi deb soch yulayotganlar diqqatiga: A nima kelgan bo‘lsa? 2012 yilda ham kelgan. Gulnora Karimovaning “Oltin gepard” kinofestivaliga kelgandi. Falon pulga. Yana kelibdi. Qanchaga bilmadim.
Man shu keldi-ketdilarga hayron qolamanda. Nima beradi? Kinomiz rivojlanib qoladimi? Yo rivojlanib qolganmidi o‘sha paytlar?
Pulni kerakli joyga sarflash kerakdir, balki. O‘tgan ishlardan xulosa qilmadikmi? Mana, masalan Madaniyat vazirligining hozir binosi yo‘q. Ular o‘tirgan bino Turizm qo‘mitasi bilan o‘rtada talash. Lekin biz festival qilamiz. Ko‘rishguncha!
LiveBarchasi