So‘nggi yaxshilik. Ganira Pashayevaning vasiyatnomasi e’lon qilindi
Olam
−
29 Sentabr 2023
35373Ozarbayjon Milliy Majlisining (parlament) sobiq deputati marhum Ganira Pashayeva o‘limidan so‘ng ham odamlarga yaxshilik qilishdi davom etdi. U o‘z tana a’zolarini muhtoj bemorlarga topshirish haqida vasiyatnoma yozgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Medicina” nashri xabar berdi.
Pashayevaning yozishicha, bu uning dunyoga berishi mumkin bo‘lgan so‘nggi foydasi bo‘lishi mumkin.
“Ko‘pdan beri meni o‘ylantirib kelayotgan bir masala bor va men unga yuragimdan joy berdim. Bu masalada birinchi navbatda o‘zim qaror qilishim kerak edi. Bir qarorga kelganimga ishonch hosil qilgan zahoti, nihoyat, onam, singlim, qisqasi, oilam bilan ochiq suhbat qurishga, ahdimni aytishga qaror qildim. Bunday suhbat ular uchun psixologik jihatdan og‘ir kechgan bo‘lsa-da, shukrki, qarorim mohiyatini (uzoq bahs-munozaralardan so‘ng bo‘lsa ham) tushunishdi”, deyilgan deputatning vasiyatnomasida.
Pashayevaga ko‘ra, bu qadamni qo‘yish orqali u yana hayotga qayta olmasa-da, boshqa birovning hayotga qaytishiga yordam bera olishi mumkin.
“Organ donorligi – bu insonning o‘limidan keyin uning a’zolarini boshqa odam uchun ishlatishga ruxsat berish harakati. Masalan, hayoti dializ apparatiga bog‘liq bo‘lgan buyrak kasaliga chalingan odamga qabrda hech bir o‘lgan odamga kerak bo‘lmaydigan buyraklar bilan hayotga qaytishiga yordam bera olamiz. Ha, aziz o‘quvchi, men a’zolarimni hadya qildim! Men ushbu tartibni amalga oshiradigan muassasani ham aniqladim. O‘limdan keyin ba’zi a’zolarim boshqa odamning yashashi uchun ishlatilishini yaxshilik deb bilaman. O‘lganimdan keyin hayotga qaytmayman, lekin bir necha o‘layotgan odamlarga, og‘ir ahvolda bo‘lgan bir necha kishiga a’zolarim bilan yashashga yordam bera olaman. Men ularga yana tabassum qilishlariga va baxtli bo‘lishlariga yordam bera olaman. Bundan yaxshiroq nima bo‘lishi mumkin?! Ha, men bu haqda o‘z vasiyatimni yozganman. Chunki hayot shu qadar g‘alatiki, siz hozir shu yerdasiz, lekin atigi 5 daqiqadan so‘ng siz dunyoda yo‘q bo‘lishingiz mumkin”, degan gaplar bilan yakunlanadi Pashayevaning so‘nggi bayonoti.
Ma’lumot uchun, Ganira Aleskar qizi Pashayeva 1975 yil 24 mart kuni Ozarbayjonning Tovuz viloyatida tug‘ilgan. U 1998 yildan ANS TV telekompaniyasida muxbir, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan. 2005 yilda u Haydar Aliyev jamg‘armasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limini boshqargan. 2005 yil 6 noyabrda 105-Tovuz saylov okrugidan deputat etib saylangan.
Shu bilan birga, u 2011 yil aprel oyida Turkiyadagi arxiv materiallari va guvohlarning so‘zlariga asoslanib, XX asr boshlarida turklar armanlarga qarshi genotsid qilgani haqida film suratga olgan. U Ozarbayjon yozuvchisi G‘azanfar Pashayevning jiyani edi.
Ganira Pashayeva O‘zbekistonga ham tez-tez kelib turardi. U so‘nggi tashrifida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida mehmon bo‘lib, deputat va senatorlar bilan muloqot qilgan edi.
Shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan ham uchrashuv o‘tkazgan. Ganira Pashayeva Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida bir necha bor mehmon bo‘lib, O‘zbekiston haqida ozar tilida kitob nashr ettirgan. Uning she’rlar to‘plami ham o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Milliy Majlisi (parlament) deputati, Madaniyat qo‘mitasi raisi Ganira Pashayeva kecha, 28 sentyabr kuni vafot etdi. U bugun, 29 sentyabr kuni Bakudagi ikkinchi Faxriylar xiyoboniga dafn etildi.
Joriy yilning 24 sentyabr kuni Pashayeva komaga tushgani xabar qilingandi. Unga kelib chiqishi noma’lum gipotonik holat tashxisi qo‘yilgandi.
LiveBarchasi