O‘zbekiston Rossiyadan qo‘rqadimi? Hafta tahlili
Tahlil
−
18 fevral
19680Jurnalist, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja bilan ko‘pincha gapimiz gapimizga to‘g‘ri kelmaydi, qarama-qarshi fikrlari ko‘p. Ammo bu safar u bilan hamfikrmiz.
O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan esa munosabatlarimiz juda iliq va ko‘p yillik. Biroq bu uning vazir bo‘la turib mas’uliyati cheklangan jamiyatga ta’sischiligi yoki uning xizmat avtomobili ko‘chada odam urib yuborganini yashirish mumkinligini anglatmaydi. Navalniy bilan esa umuman aloqamiz yo‘q. Lekin uning o‘limi nafaqat rossiyaliklar, balki dunyodagi o‘zgarishlarga o‘zini daxldor deb bilgan barcha uchun o‘ta taajjubli. E’tiboringizga Hafta voqealari tahlilini havola etamiz.
Ozodbek Nazarbekovning xizmat mashinasi velosipedchini urib yubordi
Hafta oxiri Ozodbek Nazarbekov yana diqqat markazida turibdi. Uning xizmat mashinasi 16 fevral kuni Andijon viloyati Qorasuv shahrida velosipedda harakatlanib ketayotgan erkakni urib yuborgan.
Hodisa aks etgan videodan ko‘rish mumkinki, velosiped haydovchisi yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan bo‘lgan. Avtomobil uni urib yuborgach, undan birinchi bo‘lib vazir Nazarbekovning o‘zi otilib tushgan va yordam ko‘rsatishga uringan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa Nazarbekovning shifoxonagacha borgani aks etgan suratlar tarqaldi.
Madaniyat vazirligining ma’lum qilishicha, tibbiy tekshiruvlar natijasida yo‘lovchining sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy, xavotirli holat yo‘qligi aniqlangan.
Lola Karimova-Tillyayeva AQSHdagi qasrini sotdi
1999 yil 16 fevralda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning hayotiga suiqasd uyushtirilgandi. Toshkent osmoni qora tutunlar bilan to‘lgan, mamlakatdagi eng yirik qo‘poruvchilik harakatlari amalga oshirilgan o‘sha mash’um kun haqida QALAMPIR.UZ’ning videosida batafsil bilib olishingiz mumkin.
Hozir esa boshqa narsa haqida gaplashamiz. 99-yil voqealaridan naq 25 yil o‘tib, joriy yilning 16 fevralida Amerikadagi “The Wall Street Journal” gazetasi Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva o‘zining Beverli-Xillzdagi taxminan 4450 kvadrat metrlik “Le Palais” nomli saroyini 36 million dollarga sotib yuborgani haqida xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Lola Karimova-Tillyayeva va uning turmush o‘rtog‘i, tadbirkor Timur Tillyayevga aloqador kompaniya 2013 yilda mazkur saroyni 32,75 million dollarga sotib olgan. Uy kimga sotilgani ma’lum emas.
Uy 2011 yilda Los-Anjeles hududida ko‘plab hashamatli uylar qurgan Jiji va Bella Hadidning otasi Muhammad Hadid tomonidan barpo etilgan. Uy Beverli-Xillz mehmonxonasi ro‘parasida joylashgan bo‘lib, qo‘lda o‘yilgan fransuz ohaktosh fasadiga ega. Mulk hujjatlari shuni ko‘rsatadiki, uyda yettita yotoqxona bor.
WSJ’ning qayd etishicha, Tillyayevaning Los-Anjelesdagi uyi unga tegishli ko‘chmas mulk ro‘yxatidagi eng qimmati emas. Tillyayevlarning Shveysariyadagi qasri taxminan 47 million Shveysariya frankiga baholangan.
Ma’lumot uchun, 2020 yil avgust oyida AQSH matbuoti Lola Tillyayeva Qo‘shma Shtatlardagi eng qimmat hududlardan biri hisoblangan Gollivud tepaligidagi bir emas, uchta villani sotuvga qo‘ygani haqida yozgan. Uchala villaning har biri 2014 yilda 16,1 million dollardan sotib olingan, biroq 2020 yil avgustida ular 18,9 million dollarga baholangan.
Lola Karimova-Tillyayeva otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, “Sen yolg‘iz emassan” fondi hamda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. U AQSHda "The Harmonist" attorlik buyumlari brendiga asos solgan.
Sherzodxon Qudratxo‘janing intervyusi ortidan O‘zbekiston elchisi Rossiya TIVga chaqirtirildi
Butun hafta davomida keng muhokama qilingan, ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan mavzu bor. Bu ham bo‘lsa, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori hamda Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja bilan sodir bo‘lgan voqea. Uning bloger Kirill Altmanga bergan intervyusida aytgan gapi kimsan Rossiyaning jig‘iga tegibti.
Qudratxo‘jayam o‘zining mualliflik gapini emas, balki nemis faylasufi Karl Marks aytganini eslab, “bir mamlakatda yashab turib, o‘sha yerdagi xalqning tilini bilmaydiganlar yo bosqinchi, yoki axmoq” degandi.
“Karl Marks ta’kidlaganidek, o‘zi yashayotgan mamlakatning tilini ikki kishi bilmasligi mumkin: birinchisi — bosqinchi, ko‘pchilikning nazdida ular bosqinchidir, ikkinchisi ahmoq, o‘ylay olmaydigan, o‘qiy olmaydigan odam. Shunday ekan, o‘zlari bir xulosa chiqarsinlar. Xo‘sh, ular bosqinchimi yoki ahmoq? Mendan xafa bo‘lishmasin”, degan Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Uning bu gapidan keyin O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Botirjon Asadov Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Ha-ha, taklif qilinmadi, chaqirtirildi. Rasmiy Moskva yaqin orada O‘zbekiston TIVdan ushbu "jirkanch" bayonotlarga to‘g‘ri baho berilgan rasmiy izoh taqdim etishini talab qilgan.
“Bunday mulohazalarning mazmuni va ohangi Rossiya va O‘zbekistonni bog‘lovchi chuqur strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga mutlaqo ziddir”, deya o‘z noroziligini ifodalagan Rossiya TIV.
Rossiyadagi siyosiy partiya hamraisining O‘zbekistonni bosib olish haqidagi “Rossiya Segodnya” xalqaro multimedia matbuot markazida jaranglagan bayonoti va shovinist tarixchining Butunrossiya federal telekanali NTV efiridan turib, o‘zbek millatining 3 ming yillik tarixini yo‘qqa chiqaradigan aljirashi ularning subektiv fikri emish-u, universitet rektorining oddiy YouTube kanaliga bergan intervyusida Karl Marksdan iqtibos keltirishi “jirkanch” bayonot ekan. Boshim kal, ko‘nglim nozik, deb shuni aytsalar kerak-da.
Bu ham yetmagandek, MDH masalalari bo‘yicha federal agentlik (“Rossotrudnichestvo”) rahbari Yevgeniy Primakov Sherzodxon Qudratxo‘ja bilan har qanday muloqot va aloqalarni to‘xtatganini e’lon qildi.
“Ishonchim komilki, janob Qudratxo‘ja nafaqat o‘zi, balki yaqinlari ham Rossiyada o‘qish, u bilan foydali biznes yuritish, stajirovkada qatnashish va boshqa imkoniyatlarni qo‘lga kirita olmasa, hatto o‘zi yoqtirmaydigan davlatga shunchaki tashrif buyura olmasa ham, xafa bo‘lmaydi”, deydi Primakov.
Rossiya hukumati rektorning shaxsiy fikriga nisbatan keskin javob qaytarishi O‘zbekiston jamoatchiligi orasida noroziliklarga sabab bo‘lmoqda va ko‘pchilik Qudratxo‘jani qo‘llab-quvvatlashini bildiryapti.
Abror Muxtor Aliyning shikoyati rad etildi
Bloger Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) Shayxontohur tumani hokimligida baqir-chaqir qilib, janjal ko‘targani uchun 15 sutkaga qamalganidan xabaringiz bor. 13 fevral kuni Abror Abduazimovning advokati sud qarori ustidan appelyatsiya shikoyati yozgan. 14 fevral kuni sud majlisi bo‘lib o‘tgan.
Sud advokatning shikoyatini rad etgan va Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Birinchi sud majlisida Abror Muxtor Aliy va uning janjalda ishtirok etgan sherigi ham aybiga iqror ekanini bildirgandi.
Sud qaroriga ko‘ra, ularning har ikkalasiga 340 ming so‘m miqdoridagi jarima va 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.
Shuningdek, sud ularning oilaviy sharoitini inobatga olib, sudlanuvchilarni qamoqda saqlash bilan bog‘liq xarajatlardan ozod qilgan.
Navalniy o‘ldi
Rossiyalik muxolifatchi, Prezident Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniy qamoqda o‘ldi. U Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘ida joylashgan 3-sonli “Qutb bo‘risi” axloq tuzatish koloniyasida saqlanayotgan edi. Federal jazoni ijro etish xizmatining Yamal-Nanets bo‘yicha departamentining ma’lum qilishicha, 16 fevral kuni Navalniy sayrdan so‘ng o‘zini yomon his qilgan va darhol hushini yo‘qotgan.
“Muassasa tibbiyot xodimlari zudlik bilan yetib keldi va tez tibbiy yordam brigadasi chaqirildi. Barcha zarur reanimatsiya choralari ko‘rilgan, biroq ijobiy natija bermagan. Tez tibbiy yordam shifokorlari mahkumning o‘limini tasdiqladi. O‘lim sabablari aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Prezident Putin o‘sha kunning o‘zidayoq Navalniyning o‘limidan xabar topgan.
Ko‘pchilik muxolifatchining o‘limini Putin bilan bog‘lamoqda. Navalniyning o‘limi haqidagi xabarlarga birinchi bo‘lib izoh bergan Latviya Prezidenti Edgar Rinkevich Rossiya rasmiylarini qotillikda aybladi. Rinkevichga ko‘ra, hozirgi Rossiyaning asl qiyofasini hamma bilishi kerak.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak esa Navalniyning o‘limini rus xalqi uchun katta fojia, deb atagan.
O‘z navbatida, AQSH Prezidenti Jozef Bayden Navalniyning o‘limida bevosita Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning qo‘li borligini aytdi.
Muxolifatchining o‘limi ortidan Moskvada jamoatchilik 16 fevral soat 17:00 dan boshlab siyosiy qatag‘on qurbonlari yodgorligi oldiga Navalniy xotirasi uchun yig‘ilib, gul qo‘yishni boshladi. Toshkentliklar ham Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va qatag‘on qurbonlari muzeyi oldiga gullar qo‘yib keta boshladi.
17 fevral kuni Aleksey Navalniy xotirasiga bag‘ishlangan namoyishlarda kamida 100 dan ortiq kishi hibsga olindi.
Navalniyning ayoli Yuliya Navalnaya Myunxendagi xavfsizlik anjumanida minbarga chiqish yoki chiqmaslik haqida o‘ylagani va o‘zini Alekseyni o‘rniga qo‘yib ko‘rib, nutq so‘zlashga qaror qilganini aytdi. U so‘zida Putin va uning Hukumatiga, Rossiyaning rasmiy axborot agentliklari berayotgan ma’lumotlarga ishonmasligini bildirib, erining o‘limida davlat rahbari va uning tarafdorlarini ayblagan.
AQSH vitse-prezidenti Kamola Harris Myunxenda bo‘lib o‘tayotgan xavfsizlik konferensiyasida Yuliya bilan uchrashdi. Vitse-prezident muxolifatchining vafoti haqidagi xabarlardan chuqur qayg‘u va g‘azabda ekanini bildirgan.
Alekseyning onasi Lyudmila Navalnaya esa o‘zining Facebook sahifasida o‘g‘lining o‘limi haqidagi xabarga izoh berib, odamlardan ta’ziya bildirmasliklarini so‘ragan.
"Men ta’ziya eshitishni xohlamayman. Biz o‘g‘limizni 12 fevral kuni koloniyada ko‘rdik, uchrashdik. U tirik, sog‘lom va xursand edi", degan.
Farzand dog‘ini ko‘rgan sho‘rlik ona siyosatchi vafot etgan Xarpdagi "Qutb bo‘risi" qamoqxonasiga bordi. Unga o‘lim guvohnomasini berishgan, biroq o‘g‘lining jasadi ko‘rsatilmagan, Salexarddagi o‘likxonada ekani aytilgan. Ona aytilgan manzilga borgan, ammo u yerda ham o‘g‘lining jasadi yo‘qligi haqida javob olgan.
Navalniy bilan bog‘liq xabarlarni ko‘zdan kechirayotib, uning bir necha yil avval bergan intervyusida 44 yoshida vafot etishi mumkinligi haqida aytgan gaplariga ko‘zim tushdi. Albatta, Navalniy 44 yoshida vafot etmadi, lekin gap uning vafotida emas, qanday vafot etganida ketmoqda. Prigojin bir, Navalniy ikki. Ro‘yxatning davomida kimlar borligi kishini xavotirga soladi.
Qirg‘izistonda nima gaplar?
Shu haftada Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mardlarcha qancha mulki borligini ochiqladi. Uning yozishicha, Prezident 20 million dollarlik mulkka egalik qiladi va uni qonuniylashtirish uchun davlatga 1 million qirg‘iz somi miqdorida pul to‘lagan.
"Mening xorijda jamg‘armalarim yo‘q, agar bo‘lsa ham, ularni banklarimizga qo‘ygan bo‘lardim. Men namuna bo‘lmoqchi bo‘ldim va birinchi bo‘lib o‘z mulkimni qonuniylashtirdim”, deydi Japarov.
Shuningdek, Prezident mamlakat poytaxti Bishkekda unga tegishli bino borligini va undan 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida shtab-kvartira sifatida foydalanganini ma’lum qildi.
Prezident boy qirg‘izistonliklarni 2024 yil 1 iyuldan kuchini yo‘qotadigan qonundan foydalanib, mulkini qonuniylashtirish va xorijiy banklardagi pullarini mahalliy banklarga o‘tkazishga chaqirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, davlat qonuniylashtirilgan kapital 100 foiz saqlanishini kafolatlaydi.
Qirg‘izistondan uzoqlashmaymiz, mamlakatda nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish taklifi 2023 yil boshida parlament deputati Nodira Normatova tomonidan ilgari surilgan edi. U qonunchilikka chet eldan mablag‘ oluvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga “xorijiy vakil” atamasini kiritish, shuningdek, bunday tashkilotlar reyestrini yaratishni taklif qilgan. Bunday qonun Rossiyada 2012 yilda paydo bo‘lgan. Rossiyada ular “xorijiy vakil” emas, "xorijiy agent" deb ataladi. Mamlakatda bir necha yuzlab tashkilotlar va shaxslar "xorijiy agentlar" ro‘yxatiga kiritilgan.
Qirg‘izistonlik deputat esa reyestrga kirish – tashkilotning mamlakatda faoliyat yuritishiga ruxsat berilganligini bildirishini aytadi.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Prezident Japarovga maktub yo‘llab, Qirg‘izistonda qabul qilinishi kutilayotgan xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasidan xavotir bildirdi. Qirg‘iziston rahbari esa unga yozgan javob xatida katta jasorat bilan Blinkendan respublikaning ichki ishlariga aralashmaslikni so‘radi. Shuningdek, Japarov nodavlat tashkilotlar “xalq orasida yolg‘on, ishonchsiz ma’lumot” tarqatayotgani sababli AQSH tomonidan moliyalashtirilgan mablag‘lar auditini o‘tkazishni taklif qildi.
"Biz teng huquqli hamkorlik tarafdorimiz va barcha davlatlar va xalqaro hamkorlar, jumladan, AQSH bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Yagona iltimosim – mamlakatimizning ichki ishlariga aralashmang”, deydi Japarov.
Prezident maktub yakunida Blinkenni Qirg‘izistonga kelib, mamlakatda inson huquq va erkinliklari Konstitutsiya va qonunlar bilan ishonchli himoya qilinayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga taklif qilgan.
Pora bilan ushlangan prokuror-u sudyalar
Korrupsiya jamiyatni ichidan kemiradigan illatdir. U ijtimoiy adolatsizlikni keltirib chiqaradi. U bilan kurashish har birimizning, ayniqsa, bu uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar va tuzilmalarning burchi. Biroq onangni qozi so‘ksa, dodingni kimga aytasan deganlaridek, korrupsiyaga qarshi kurashishi kerak bo‘lganlarning o‘zi pora olib o‘tirsa, bunga nima deysiz.
O‘tayotgan haftada pora bilan ushlangan amaldorlar haqida shu qadar ko‘p xabarlar chiqdiki, bu odatiy holdek tuyula boshladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qashqadaryo filiali bosh muhandisi o‘rinbosari 4 ming dollar, Jizzax viloyati “Toza hudud” DUK bosh hisobchisi 5 ming dollar, Milliy Gvardiyaning Sirdaryo viloyat Qo‘riqlash boshqarmasi xizmatni tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘limi bosh inspektori 1500 dollar, O‘zbekiston Hakamlik sudlari Assotsiatsiyasining Navoiy viloyat vakolatxonasi huzuridagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi sudyasi 500 dollar va 6 mln 250 ming so‘m, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudi xodimi 1 ming dollar pulni pora sifatida olayotgan vaqtida, jinoyat ustida ushlangan.
Bu hali hammasi emas. “Yirikroq baliq” Buxoro viloyatining Kogon tumanida ushlandi. QALAMPIR.UZ manbasining ma’lum qilishicha, 13 fevral kuni DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Kogon tumani prokurori Bahodir G‘ulomov 90 ming AQSH dollari olayotganda ushlangan.
Aniqlanishicha, Bahodir G‘ulomov Buxoro viloyati prokuraturasi ish yurituvidagi "Kogon yog‘-ekstraksiya zavodi" AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan jamiyat ta’sischisi M.I.dan unga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini bekor qilish va jinoyat ishi bo‘yicha yengillik qilib berishini aytgan.
Hozirda holat yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Kogondagi voqeadan Prezident Shavkat Mirziyoyev ham xabar topgan. Prezident 16 fevral kuni Andijon viloyatiga safari davomida Xonobod shahrida o‘tkazgan yig‘ilishda prokurorning qo‘lga olinishi bo‘yicha unga kiritilgan ma’lumotlarni ochiqladi.
“Kogon tumanining prokurori 100 ming dollar bilan qo‘lga tushdi. Men buni nima uchun elga aytyapman? Prokuror o‘zining harakati bilan bunday narsalar amalga oshirilyaptiki, o‘zi kurashchi bo‘lib, uning hodimi o‘g‘ri bo‘lsa, dardimizni kimga aytaylik? Indamanglar oxirigacha. Ertaga suddan qaytmasligi kerak bu, dedim. Sekin-sekin 200 ming dollarni gaplashgan. 91 ming dollarni olib kelyapti, yo‘q qolganini ham olib kelasan deyapti. Uniyam indamanglar, dedim. Sekin 3-kuni 91 mingini olib kelganda, 101 mingini olib kelinglar deyapti”, deya voqeani tushuntiradi Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Bahodir G‘ulomov Kogon tumani prokurori lavozimiga 2022 yilning aprelida tayinlangan edi. U avval Buxoro viloyati prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
Istanbulda “Monya xonim” qo‘lga olindi
Jinoyat olamida “Monya” taxallusi bilan tanilgan Munisaxon Olijonova ham o‘tayotgan haftada Turkiyaning Istanbul shahrida qo‘lga olindi. 2001 yilda tug‘ilgan Munisaxon odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, 2023 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda xalqaro odam savdosi jinoyati doirasida qidiruvga berilib, “Madam Klod” taxallusi bilan tanilgan Nilufar Mirxanova, firibgarlik ayblovi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan va Turkiyada qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarosi Rita Xalilova, fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, Turkiyada qo‘lga olingan yana ikki o‘zbekistonlik Toshkentga deportatsiya qilingandi.
“Qo‘qonlik tabib”ning faoliyati yuzasidan tezkor surishtiruv harakatlari tayinlangan
Eshitdingizmi, “Qo‘qonlik tabib” odamlarni “kuf-suf” qilib davolayotgan ekan. Mijozi ko‘p bo‘lsa kerak, uning xavfsizligi bilan shaxsiy qo‘riqchilari shug‘ullanarkan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, “Qo‘qonlik tabib” nomi bilan tanilgan Iqboljon Soliyevning faoliyati yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tezkor surishtiruv harakatlari tayinlangan. Uni maxsus harbiy kiyimda qo‘riqlayotgan 4 nafar “tan soqchi”siga esa O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 209-1-moddasi (vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
LiveBarchasi