Deputat Ganira Pashayeva vafot etdi
Olam
−
28 Sentabr 2023
21605Bugun, 28 sentyabr kuni Ozarbayjon Milliy Majlisi (parlament) Madaniyat qo‘mitasi raisi, deputat Ganira Pashayeva Markaziy klinik shifoxonada vafot etdi. Bu haqda "Ozarbayjon 24" nashri xabar berdi.
"Markaziy klinik shifoxona xodimlari va mutaxassis shifokorlar tomonidan ko‘rilgan barcha zarur choralarga qaramay, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan gipotonik tashxisi qo‘yilgan Ganira Pashayevaning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 sentyabr kuni Ozarbayjon Milliy Majlisi (parlamenti) deputati Ganira Pashayeva komaga tushgani xabar qilingandi. Unga kelib chiqishi noma’lum gipotonik holat tashxisi qo‘yilgandi.
Ma’lumot uchun, Ganira Aleskar qizi Pashayeva 1975 yil 24 mart kuni Ozarbayjonning Tovuz viloyatida tug‘ilgan. U 1998 yildan ANS TV telekompaniyasida muxbir, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan. 2005 yilda u Haydar Aliyev jamg‘armasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limini boshqargan. 2005 yil 6 noyabrda 105-Tovuz saylov okrugidan deputat etib saylangan.
Shu bilan birga, u 2011 yil aprel oyida Turkiyadagi arxiv materiallari va guvohlarning so‘zlariga asoslanib, XX asr boshlarida turklar armanlarga qarshi genotsid qilgani haqida film suratga olgan. U Ozarbayjon yozuvchisi G‘azanfar Pashayevning jiyani edi.
Ganira Pashayeva O‘zbekistonga ham tez-tez kelib turardi. U so‘nggi tashrifida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida mehmon bo‘lib, deputat va senatorlar bilan muloqot qilgan edi.
Shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan ham uchrashuv o‘tkazgan. Ganira Pashayeva Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida bir necha bor mehmon bo‘lib, O‘zbekiston haqida ozar tilida kitob nashr ettirgan. Uning she’rlar to‘plami ham o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
LiveBarchasi