Gvatemalada favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
19 yanvar 2961 2 daqiqa
Gvatemala Prezidenti Bernardo Arevalo mamlakat hududida jinoyatchilikning keskin ko‘payishi, qamoqxonalardagi tartibsizliklar hamda xavfsizlik kuchlari xodimlariga hujumlar sonining ortishi fonida butun mamlakat bo‘ylab 30 kunlik favqulodda holat joriy etilishini e’lon qildi.
Ushbu qaror aholining xavfsizligini kuchaytirish va jinoiy guruhlarga qarshi kurashish uchun davlat resurslarini safarbar etishga qaratilgan.
Hukumat jinoiy to‘dalarga qarshi kurashish va zo‘ravonlik harakatlarining oldini olish maqsadida milliy politsiya hamda armiyani jalb etishni rejalashtirmoqda. Davlat rahbari jinoyatchi tuzilmalar bilan hech qanday kelishuvga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlab, zo‘ravonliklarning kuchayishi penitensiar tizim ustidan nazoratni tiklash bo‘yicha olib borilayotgan operatsiyalarga jinoiy guruhlarning javobi ekanini ma’lum qilgan. Kuch tuzilmalarining birgalikdagi harakatlari natijasida davlat bir qator qamoqxonalarda boshqaruvni qayta tiklashga hamda qo‘lga olingan barcha garovdagilarni ozod qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Shu bilan birga, Prezident favqulodda holat rejimi fuqarolarning kundalik hayotiga, muassasalarning faoliyatiga va erkin harakatlanish huquqiga ta’sir qilmasligini, faqat xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq choralar bundan mustasno ekanini ma’lum qilgan. Shuningdek, mamlakatda jinoiy guruhlar hujumlari oqibatida halok bo‘lgan politsiya xodimlari xotirasiga uch kunlik milliy motam e’lon qilingan.
Ma’lumot uchun, Gvatemala Markaziy Amerikada joylashgan suveren davlat bo‘lib, shimolda Meksika, sharqda Beliz va Karib dengizi, janubda Salvador bilan chegaradosh. Poytaxti va eng yirik shahri – Gvatemala shahridir. Davlatning rasmiy tili – ispan tili, lekin boshqa mahalliy tillar ham keng tarqalgan. Gvatemala aholisi taxminan 18 million atrofida bo‘lib, ularning aksariyati mayya merosiga ega va qishloq xo‘jaligi, ayniqsa kofe, banan va shakarqamish yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
Live
Barchasi