Gvardiola Italiya terma jamoasini boshqarishdan bosh tortdi

Sport

image

Ispaniyalik murabbiy Xosep Gvardiola Italiya milliy terma jamoasini boshqarish taklifini rad etdi. Bu haqda “La Gazzetta dello Sport” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Gvardiola bu qarorni shaxsiy sabablarga ko‘ra qabul qilgan. Shuningdek, Italiya terma jamoasining sobiq sardori Andrea Pirlo bosh murabbiylik lavozimiga asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda.

55 yoshli Gvardiola 2016 yildan 2025-2026 yilgi mavsum yakuniga qadar “Manchester Siti”ni boshqardi. Uning qo‘l ostida jamoa olti marta Angliya chempioni, besh marta Angliya Liga kubogi, uch marta Angliya Superkubogi, ikki marta Angliya Kubogi sohibi bo‘ldi. Shuningdek, klub bir martadan Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan.

Bundan avval Gvardiola Ispaniyaning “Barselona” va Germaniyaning “Bavariya” klublarini boshqargan. U “Barselona” bilan uch marta La Liga, ikki marta Ispaniya Kubogi, uch marta Ispaniya Superkubogi, ikki marta Chempionlar ligasi, ikki marta UEFA Superkubogi va ikki marta Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti ham Italiya terma jamoasini boshqarish taklifini rad etgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing