Anchelotti Italiya terma jamoasini boshqarishdan bosh tortdi

Sport

image

Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Italiya terma jamoasini boshqarish taklifini rad etdi. Bu haqda “Globo” nashri xabar berdi.

Avvalroq, Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) texnik direktori Paolo Maldini tashkilot Anchelotti va ispaniyalik mutaxassis Xosep Gvardiola bilan bog‘lanib, ularning Italiya terma jamoasini boshqarish imkoniyatini o‘rganganini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, federatsiya Anchelottining kelgusi rejalari hamda uning shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish uchun to‘lanishi mumkin bo‘lgan tovon puli miqdori bilan qiziqqan. 

Murabbiy FIGC vakillariga taklif uchun minnatdorlik bildirgan, ammo Braziliya terma jamoasini tark etish niyati yo‘qligini ma’lum qilgan.

Joriy yilning 5 iyul kuni Braziliya terma jamoasi Jahon chempionati 1/8 finalida Norvegiyaga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, so‘nggi 36 yil ichida ilk bor chorak finalga chiqa olmadi. Turnirdan chiqib ketganiga qaramay, Anchelotti terma jamoadagi faoliyatini davom ettirishini bildirgan.

67 yoshli Karlo Anchelotti 2025 yil may oyida Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan. Bir yil o‘tib, u shartnomasini 2030 yilgi Jahon chempionati yakuniga qadar uzaytirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ispaniyalik mutaxassis Xosep Gvardiola Italiya terma jamoasini boshqarish uchun yiliga 20 million yevro maosh talab qilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing