Guterrish Zelenskiyni nimaga ko‘ndirdi?
Olam
−
08 mart 2023
16916Avval xabar berganimizdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun, 8 mart kuni Kiyevga borgan edi. Tashrif doirasida u Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, qator masalalarni muhokama qildi. Bu haqda Bosh kotib idorasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, muhokama qilingan asosiy masalalardan biri Don bitimi doirasidagi kelishuvlar muddatini uzaytirilish bo‘lgan.
“Don bo‘yicha kelishuvni 18 martdan uzaytirish va tashabbus maqsadlariga muvofiq Qora dengiz orqali eksport infratuzilmasidan maksimal darajada foydalanish uchun sharoit yaratish ustida ishlash muhimligini ta’kidlamoqchiman”, degan Bosh kotib Guterrish.
Shuningdek, u Rossiya hamda Ukrainadan o‘g‘it va g‘alla eksporti jahon oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan. Guterrish don bitimi doirasida Ukraina portlaridan 23 million tonna don eksport qilinganini aytgan.
Bundan tashqari, uchrashuvda BMT Zaporoje atom elektr stansiyasini normal ish rejimiga qaytarishni muhim deb hisoblashi va ob’ekt atrofidagi hududni to‘liq qurolsizlantirish bo‘yicha vositachilik xizmatlarini ko‘rsatishga tayyor ekanligi qayd etilgan.
“Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofida himoya va xavfsizlikni ta’minlash juda muhim. Men stansiyaning normal ishlashini ta’minlagan holda hududni to‘liq qurolsizlantirishga erishish uchun mumkin bo‘lgan vositachilikni ham muhim deb hisoblayman. Bu borada BMT o‘z vositachiligini taklif qilishga tayyor”, degan Guterrish.
Shuningdek, Bosh kotib xalqaro tashkilot Rossiya va Ukraina o‘rtasida harbiy asirlarni almashishga yordam berishini bildirgan. Uning aytishicha, BMT gumanitar muammolarni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Xususan, xalqaro tashkilot hozirda olib borilayotgan harbiy asirlarning almashinuvini sezilarli darajada kengaytirishga harakat qiladi.
LiveBarchasi