Guterrish Mirziyoyevga vijdon bilan birlashishni taklif qildi
Jamiyat
−
01 Sentabr 2019
5723O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga mamlakat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlat rahbariga mustahkam sog‘lik, omonlik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot hamda farovonlik tilaklari bildirilgan.
Jumladan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Mirziyoyevga tabrik maktubini yo‘llagan. Unda shunday deyiladi:
“Mustaqillik kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni bildirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi”.
Guterrish o‘z maktubida bugungi davrda o‘zaro hamkorlik har qachongidan ham muhim ekanini eslatgan va bu birlashishda vijdonni o‘rtaga qo‘ygan.
“Biz xalqaro hamkorlik har qachongidan ham zarur bo‘lgan murakkab davrda yashamoqdamiz. Biz, Xalqlar, tinchlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida vijdon bilan birlashsak, butun dunyo bundan yutadi.
Ushbu bayram kunida mamlakatingiz Birlashgan Millatlar Tashkilotini mustahkamlashga ko‘maklashish hamda barcha uchun yorqin kelajakka erishish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizni ilgari surishda faol ishtirok etadi, degan umiddaman.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz”, deb yozadi BMT Bosh kotibi.
LiveBarchasi