Guterrish Isroilning Rafahga bergan zarbasini qoraladi

Olam

image

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil armiyasining G‘azo sektori janubidagi Rafah shahridagi chodir lageriga uyushtirgan va o‘nlab falastinliklarning hayotiga zomin bo‘lgan zarbasini qoralab, zo‘ravonliklarni to‘xtatishga chaqirdi. 

“Men bu halokatli mojaroda boshpana izlayotgan ko‘p sonli begunoh fuqarolarning o‘limiga olib kelgan Isroilning harakatlarini qoralayman. Bu dahshat to‘xtatilishi kerak”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. 

Jahon tashkiloti rahbari G‘azoda birorta ham xavfsiz joy qolmaganini qo‘shimcha qilgan.  

27 mayga o‘tar kechasi Isroil harbiylari Rafahga zarba berdi. Tal as-Sulton hududidagi BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlar agentligining Yaqin Sharqdagi ombori yonida o‘rnatilgan chodir lageriga kamida sakkizta raketa bilan hujum qilindi. 

Chodirlar shaharchasida yong‘in sodir bo‘ldi. Falastinning WAFA agentligi taqdim etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘lgan, qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalardir. Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmati Bosh shtabning faktlarni aniqlash apparati Rafah hujumi hududida tinch aholining o‘limi holatlarini tekshirishni boshlaganini ma’lum qildi. 

24 may kuni Xalqaro jinoiy sud Janubiy Afrikaning da’vosiga javoban qaror qabul qildi, unga ko‘ra Isroil Rafahdagi hujumni va shahar aholisiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlarni to‘xtatishi kerak. Sud, shuningdek, Isroil tomonini Falastin aholisiga yordam ko‘rsatish uchun Rafah nazorat punktini ochiq qoldirishga majbur qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Antoniu Guterrish G'azo sektori Rafahga hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing