Guterrish BRICS sammitida qatnashish uchun Qozonga bordi
Olam
−
23 Oktabr
5680Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi Antoniu Guterrish BRICS davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Qozonga yetib bordi. Bu haqda Tatariston Respublikasi Davlat kengashi matbuot xizmati xabar berdi.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish BRICS davlatlari rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Qozonga keldi. Janob Guterrishni G.M. To‘qay nomidagi Qozon xalqaro aeroportida Tatariston Respublikasi Davlat kengashi raisi Farid Muxametshin kutib oldi”, deyiladi xabarda.
22-24 oktyabr kunlari Qozon shahrida Rossiya Federatsiyasining assotsiatsiyaga raisligining muhim voqeasi bo‘lgan BRICS’ga a’zo davlatlar rahbarlarining o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. BRICS assotsiatsiyasi 2006 yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy tomonidan tashkil etilgan va 2011 yilda Janubiy Afrika a’zo bo‘lgan. 2024 yilning 1 yanvarida Misr, Eron, BAA, Saudiya Arabistoni va Efiopiya guruhning to‘liq a’zosi bo‘ldi. Qozondagi sammit assotsiatsiyaning yangi a’zolari ham ishtirok etadigan birinchi sammit bo‘ladi.
Unda 30 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Qozonga kelgan xorijiy yetakchilar orasida, xususan, Xitoy rahbari Si Szinpin, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa bor.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 23-24 oktyabr kunlari BRICS birlashmasi davlatlarining sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Qozon shahrida bo‘lishi xabar qilingandi. U Rossiya tomoni raisligida o‘tkaziladigan "BRICS plyus" formatidagi yalpi sessiyada nutq so‘zlaydi.
LiveBarchasi