Guterrish BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilishga chaqirdi

Olam

image

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kecha, 16 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasi arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xavfsizlik Kengashini isloh qilishga chaqirdi. Anjuman BMTning rasmiy YouTube kanalida, jonli efirda namoyish qilindi.

Uning aytishicha, Xavfsizlik Kengashining tarkibi bugungi zamonaviy dunyoga mos kelmaydi.

“Menimcha, avvalo, Xavfsizlik Kengashini isloh qilish to‘la asosli. Kengash tarkibi zamonaviy dunyoga emas, balki 1945 yilgi dunyoga mos keladi. Bu nafaqat qonuniylik, balki samaradorlik muammosini ham yuzaga keltiradi”, deydi Guterrish.

U, shuningdek, veto huquqiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Boshqa tomondan bizda veto huquqi bor. Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan bu huquqni cheklash bo‘yicha kiritilgan takliflar mavjud, ayniqsa, inson huquqlari ommaviy ravishda buzilgan yoki o‘ta fojiali vaziyatlarda. Men bu taklifni ma’qullayman”, deydi BMT rahbari.

Guterrishning aytishicha, Xavfsizlik Kengashini isloh qilish masalasi bilan jiddiy shug‘ullanish a’zo davlatlarning zimmasida.

“Bir narsani aniq ayta olaman: men Xavfsizlik Kengashini isloh qilish zarurligini doimiy ravishda ta’kidlayotgan birinchi bosh kotibman. Haqiqat shuki, avvallari mutlaqo taqiqlangan deya hisoblangan bu masala endi Bosh assambleya muhokamacining markazida turibdi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish, unda ko‘proq davlatlarga vakillik berish zarurligini aytgan edi. Uning fikricha, butun dunyo uchun muhim qarorlar faqat bir nechta davlat tomonidan qabul qilinmasligi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Antoniu Guterrish Xavfsizlik Kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing