Gumanoid robot Chimboraso vulqonini zabt etdi, keyingi manzil – Everest
Olam
−
09 iyun 2541 2 daqiqa
Pemba nomli gumanoid robot Ekvadordagi Chimboraso vulqoni cho‘qqisiga muvaffaqiyatli chiqib, 6 200 metr balandlikdagi ushbu tog‘ni zabt etdi. Bu haqda “Mir24.tv” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu robot 6 200 metr balandlikdagi tog‘ni zabt etib, ekstremal sharoitlarda ishlay oladigan robototexnika imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha muhim bosqichni bosib o‘tgan. Ushbu ekspeditsiya keyinchalik dunyoning eng baland nuqtasi hisoblangan Everestga chiqish rejasining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.
Loyiha doirasida foydalanilgan Pemba roboti aslida o‘zgartirilgan Unitree G1 modeli bo‘lib, u murakkab rel’ef va past haroratli sharoitga moslashtirilgan. Sinov jarayonida robot nisbatan yengil qiyaliklarda mustaqil harakat qilgan, biroq tik va texnik jihatdan murakkab hududlarda ekspeditsiya jamoasi tomonidan qo‘lda ko‘mak berilgan. Mutaxassislar bu yondashuvni robotning imkoniyatlarini bosqichma-bosqich kengaytirish yo‘lidagi muhim amaliy sinov sifatida baholamoqda.
Loyiha tashabbuskori Pablo Berlanga Boyemare ushbu ekspeditsiyani oddiy texnologik namoyish emas, balki amaliy ehtiyojlardan kelib chiqqan izlanish sifatida ta’riflaydi. Uning fikricha, kelajakda bunday robotlar uzoq va xavfli hududlarda ekologik monitoring, yovvoyi tabiatni kuzatish hamda ma’lumot yig‘ish jarayonlarida muhim vositaga aylanishi mumkin. Shu sababli loyiha doirasida robotga kamera, sensorlar va sun’iy intellekt tizimlari qo‘shilgan.
Ekstremal balandlik sharoiti robotlar uchun jiddiy texnik muammolarni yuzaga keltiradi. Past harorat, kislorodning kamayishi va keskin ob-havo o‘zgarishlari batareya samaradorligi hamda elektron tizimlar ishlashiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois Pemba uchun maxsus issiqlikni boshqarish tizimlari va himoya konstruksiyalari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular avval Xitoyning sovuq hududlarida o‘tkazilgan sinovlar orqali tekshirilgan.
Shunga qaramay, Chimborazodagi muvaffaqiyat insonsimon robotlar faqat laboratoriyada emas, balki Yerning eng og‘ir tabiiy sharoitida ham ishlay olishini ko‘rsatgan.
Loyiha jamoasi kelgusida robotni Himolay tog‘lariga, jumladan, Everest hududiga yuborishni rejalashtirmoqda. Biroq bu tashabbus hali to‘liq amalga oshirilmagan, chunki Nepalda robotlar ishtirokidagi ekspeditsiyalarni tartibga soluvchi aniq huquqiy me’yorlar mavjud emas. Shu sababli loyiha vaqtincha muzlatilgan bo‘lib, tegishli qoidalar ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Live
Barchasi