Gulnoraning qizi o‘z joniga qasd qilgan xizmatchi, onasi va bobosi haqida
Intervyu
−
12 mart 2019
102287O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi – Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova bugungacha ko‘rgan-kechirganlarini Buyuk Britaniyaning “The Guardian nashriga so‘zlab berdi.
20 yoshli Imon Karimova o‘z intervyusida onasining tutqunlikdagi haëtiga oid ayrim tafsilotlarni aytib bergan. Unda huquq-tartibot organlarining reydlari, maxsus sud muhokamalari va o‘z joniga qasd qilgan xizmatchi haqida so‘z boradi.
Gulnora Karimova 2014 yilda hibsga olingunga qadar Markaziy Osiyoning eng qudratli va boy kishilaridan biri edi. Biroq Karimovaning “kuchlilar” qatoridan tushirilganiga 5 yil bo‘lganiga qaramay uning hibsga olinishi bilan bog‘liq ba’zi detallar hamon mujmal va turli mish-mishlar bilan birga kezib yurardi.
OAVda qayd etilishicha, Imon Karimova so‘nggi 5 yilning ko‘p qismini onasi bilan birga uy qamog‘ida o‘tkazgan.
Xabaringiz bor, Gulnora Karimova joriy yilning 5 mart kuni qizi bilan yashab turgan uyidan umumiy tartibdagi koloniyaga olib ketilgan edi. Bu haqda avvaliga Imon Karimova ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali xabar bergan. Oradan ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rasmiy bayonot bilan chiqdi.
O‘tgan haftada AQSH Adliya vazirligi Karimovaga nisbatan ayblovni e’lon qilgandi. Bayonotda u dunyo telekommunikatsiya kompaniyalaridan O‘zbekiston aloqa bozoriga kiritish evaziga 865 mln dollar (661 mln funt) miqdorida pora olgani aytiladi. Shuningdek, u shved va shveysar korrupsiyaga qarshi tekshiruvlar ob’ektiga aylangan. Biroq, Gulnoraning o‘zi korrupsiya bo‘yicha barcha ayblovlarni inkor qilgan.
2011 yildan boshlab Imon Karimova Britaniyadagi xususiy Brighton College’da tahsilni boshlagan. 2014 yil boshida 15 yashar Imon ta’til bahonasida Toshkentga kelgan. 2014 yilda Karimovaning uyiga maxsus liboslardagi xodimlar kelib, uning uyida tintuv o‘tkazishgan va barcha elektron qurilmalarni olib qo‘yishgan. Bundan norozi bo‘lgan Gulnora zudlik bilan otasi Islom Karimovga qo‘ng‘iroq qilgan, biroq u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan. Shu-shu Gulnora Karimova otasi bilan uchrasholmagan.
Shundan so‘ng bir yarim yil davomida Imon, Gulnora va uning ikki xizmatkori Toshkent tashqarisidagi villada uy qamog‘ida saqlangan.
Xizmatkorlardan biri 30 yoshli Valentina Imonga shikoyat qilib, uyiga bolalarini ko‘rishga ruxsat berishmaganini va uning oilasiga tahdid qilishganini aytgan. Bir kuni tongda Imon shifikorlar zambilda xizmatkorni olib chiqib ketayotganini ko‘rgan. Keyinroq, Valentinaning oila a’zolari Imonga u qasddan sirka kislotasi ichganini va vafot etganini aytgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga oid ikki jinoyat ishi bo‘yicha 2017 yil rasmiy ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, Karimova 2015 yilda besh yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Imon o‘z intervyusida onasining “sudi” ular saqlangan uyda bo‘lganini aytgan. U 2015 yil avgustda ular turgan rezidensiyaga sudya, prokuror va hukumat tayinlagan advokat kelganini aytgan. Imonga ko‘ra, oshxonada o‘tgan jarayon bir necha soat davom etgan.
Hukm chiqqanidan ko‘p o‘tmay Imon onasi oldidan olinib, Toshkent tashqarisidagi hukumat pansionatiga ko‘chirilgan. Imon u yerda tashqi dunyodan uzilgan holda saqlanganini iddao qilarkan, vaqti-vaqti bilan u onasini ko‘rgani borib turganini aytadi.
LiveBarchasi