Gulnorani otasi kechirmaganda, xalq nega kechirsin?

Tahlil

image

Yaqinda xizmat safari bilan xorijda bo‘ldim. Uyga sovg‘a-salomsiz qaytmay, deb biroz do‘konlarga bosh suqdim. Orada o‘sha yerlik do‘kondorlardan biri bilan suhbatlashib qoldim. 

— O‘zbekistondanmisiz?
— Ha.
— 7-8 yildan beri O‘zbekistonga bormayman. Xafa bo‘lganman. 
— Nega?
— Bundan ancha yillar ilgari O‘zbekistonga borib, biznesimizni boshlaganmiz. Hammasi yaxshi ketayotganda, yo‘limizda to‘siqlar chiqa boshladi. Keyin biznesimizga Gulnora Karimova sherik bo‘lishni istayotganini aytishdi. Biz rozi bo‘lmadik. Ko‘p o‘tmay ustimizdan ish ochishdi, gullab turgan do‘konlarimiz esa Gulnora Karimovaning hamtovoqlariga o‘tib ketdi. O‘zim esa O‘zbekistondan chiqarib yuborildim. 

Men xorijda duch kelgan kishining oilasi hamon Toshkentdan yasharkan. U 8 yildirki turmush o‘rtog‘i va farzandi bilan yashashdan mosuvo.

O‘tgan hafta O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, 2013 yilgacha mamlakatda cheksiz qudrat va imkoniyatlar sohibasi bo‘lgan Gulnora Karimova haqidagi tortishuvlar, uni oqlashga bo‘lgan urinishlar haqidagi bahs-munozaralarni o‘qib turib, bundan 5 oy avval xorijda duch kelganim o‘sha kishi xayolimdan o‘tdi va savol tug‘ildi: Gulnoraning zulmidan aziyat chekkan, nim tabassumi ortidagi qabihliklar azobini tortganlar qancha ekan yana... kim biznesidan, kim oilasidan, yana kimlar ozodlikdan mahrum bo‘ldi.

Siyosatshunos, iqtisodchi, elchi, shoira, dizayner, zargar, xonanda, sportchi, madaniyat va san’at homiysi. Bir ayol bo‘lsa, shunchalar bo‘lar dersiz. Bu rutbalar orasida faqat panada, aytiladigani bugun yuzaga chiqdi: O‘G‘RI! Gulnora shunchaki pul o‘g‘risi emas, jamiyatning kelajagi, xalqning orzulari, minglab odamlarning huzur-halovati, oilalarning baxti va tinchligi o‘g‘risi ham bo‘ldi. 

Men Gulnoraning xalq ko‘z o‘ngida madaniyat va san’at homiysi, yoshlar yetakchisi niqobida maydonga kirib kelayotgan yillarini yaxshi eslayman. 2005 yil edi o‘shanda. Loyihalar “Yangi avlod” bolalar festivali bilan boshladi va yildan yilga quloch yozib boraverdi. Kino, estrada va sport olamining taniqli yulduzlari tashrifi, ular bilan tushlik, kuylangan duetlar... ko‘p narsa o‘zgardi. Gulnoraning mavqei oshib boraverdi, to‘g‘rirog‘i sun’iy oshirildi. Boisi kuylangan duetlar-u o‘tkazilgan kechalardan xalq manfaat ko‘rmadi. Uning yashash sharoiti o‘zgarmadi. O‘zbekistonga falon million dollarga ega chiqib Krishtianu Ronaldu keldi, Jerar Deparde keldi. Ammo qishloqlarga gaz bormadi, xalq o‘z yog‘iga qovurilib, xonim Karimovaning shohona hayotini TVdan tomosha qilishda davom etaverdi. 

“Kelajak ovozi”, “Mingta to‘y”, “Asrlar sadosi”, “M&TVA” kabi o‘nlab loyihalar Gulnoraning shuhratini oshirgan bo‘lsa bordir. Lekin, bularning birortasi Gulnoraning mablag‘lariga emas, balki qon qaxshatilgan, zug‘um o‘tkazilgan tadbirkorlarning pullari evaziga topilgan shuhrat bo‘ldi. Gulnora bilan sherik bo‘lmagan, tayyor biznesining yarmini Karimova bilan bo‘lishmaganlar boshiga ne-ne kulfatlar solindi. O‘sha vaqtdagi kuch tizimlari, prokuratura, soliq idorasi sherikligida tadbirkorlar faoliyatiga to‘siqlar qo‘yildi. Ishidan xato va kamchiliklar topilib, qamaldi, Gulnora esa pishib turgan oshga ega chiqdi. Shu bois u nafaqat pul o‘g‘risi, balki baxt o‘g‘risi, oilalarning xalovat o‘g‘risiga aylandi. 

Yiliga o‘nlab xorij yulduzlarining O‘zbekistonga tashrifi mamlakatga nima berdi? Obro‘, martaba, boylik, tinchlik, farovonlik? Hech narsa bergani yo‘q. Xonim Karimovaning ko‘ngilxushligi juda qimmatga tushdi va bu pullar o‘sha qo‘li mehnatdan qavargan, yuzi oftobda qoraygan, yillar davomida davlatdan e’tibor kutib kelgan xalqning peshona terisi bilan topilgandi. 

Gulnoraning nafsi, hokimiyatga bo‘lgan intilishi shu qadar hakalak otdiki, u O‘zbekiston mediabozoridagi barcha ommaviy axborot vositalari faqat va faqat o‘ziga ishlashini talab qildi. 2008 yilgacha Gulnoraning nomi faqat xususiy nashrlar va nodavlat telekanallarda tilga olingan bo‘lsa, undan keyingi yillarda Gulnora butun OAVni egalladi. Har hafta gazetalarda uning loyihalari haqida maqolalar chiqardi. TV uni ko‘rsatmagan kun yo‘q edi. Radiolarda tinimsiz uning qo‘shig‘i qo‘yilardi. Ayniqsa, 2012 yilda kuylab chiqqan “Otam” qo‘shig‘i kuniga besh mahaldan radiolarda qo‘yilishi majburiy bo‘lgandi. Gulnorani ulug‘lash, uni ma’budaga aylantirish shu darajaga borib yetdiki, u haqda she’rlar bitildi, qo‘shiqlar aytildi. Hatto, oxirgi yillarda o‘tkazilgan “Asrlar sadosi” festivalida laparchilar “Gulnoraxon, bo‘ylarizdan aylanay” deb lapar aytib chiqdi, xonim Karimova raqsga tushdi. 

Shuhrat va imkoniyatlar bobida chegarasiz Gulnora iqtisod va siyosat sohasida tahsil olgan bo‘lsa ham, madaniyat va san’at orqali siyosatga egalik qilmoqchi bo‘lgani sir emas. U mavqe borasida uncha-buncha siyosatchidan ustun bo‘lishga va o‘sha o‘g‘rilangan pullar evaziga qilgan loyihalari bilan xalqning ishonchini qozonishga urindi. Gulnoraning qo‘shiq aytib chiqqanini eslaysizmi? Uning birinchi qo‘shig‘i “Unutma meni” edi. Hatto, bu qo‘shiq ham O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kumush Razzoqovaniki bo‘lgan. Yillar o‘tib u ingliz tilidagi qo‘shiqlar to‘plamini va qadimiy Buxoroda suratga olingan klipini taqdim etdi. Boshqa xonandaning bunday klipiga qarshi darrov tanqidiy maqolalar bilan chiqish qiladigan musiqashunoslar, jurnalistlar Gulnoraga kelganda ko‘targan kaltagimning bir uchi o‘zimga kelib tegmasin deb sukut saqladi. Faqat olqishladi! Olqishladik! “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”ligi yarmiga qadar ochilgan va ko‘z-ko‘z qilingan siynalarda namoyon bo‘ldi. O‘sha klipdayoq u Prezidentning qizi va siyosatchi nomiga noloyiq ekanini isbotladi. 

2013 yil. Ota-ota, deb baqirardi Gulnora Karimova qarorgoh sarhadlarida. Uni, hatto, otasi ham qabul etmadi. Qizining chegaradan chiqqan xurmacha qiliqlariga ko‘z yumilmadi. O‘marilgan pullar shunchaki o‘zlashtirilishiga va qonunlar Gulnoraga kelganda ishlamasligi yo‘l qo‘yilmadi. 2013 yil oxirlarida Gulnora Karimova ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘ldi. Fond forum va unga bog‘liq boshqa shirkatlar yopilgani, soliq idoralari tomonidan tekshiruv boshlangani, ko‘plar hibslanganini ma’lum qildi va hech qanday ayb qilmaganini, bu ishlar unga qaratilgan operatsiya ekanini aytib chiqdi. Hali singlisi, hali onasi, hatto, otasiga qarshi izohlar yozishni boshladi. U postlaridan birida onasi va singlisining jodugarlik bilan shug‘ullanishi aytib chiqdi. Ko‘p o‘tmay, bunday postlar orasiga otasining nomi aralashdi. O‘sha vaqtlarda ko‘pchilikda bir savol tug‘ilgandi: ota-onasiga yaxshi farzand bo‘la olmagan, jigarlikning qadrini bilmagan odam xalqning qadrini bilarmidi, uni yaxshi ko‘rarmidi?

O‘sha yillarda Gulnoraning farzandlari, to‘g‘rirog‘i o‘g‘li internetda yana shov-shuv ko‘tardi. Onasi bir necha oy avval zaharlanganini, singlisi og‘ir kasal ekanini, xullas, ularga ham ruhiy, ham moliyaviy, ham tibbiy ko‘mak zarurligini, agar vaqtida tibbiy muolajalar qilinmasa, hayotlari xavf ostida qolishi mumkinligini iddao qilib chiqdi. O‘shanda 2013 yil edi. Oradan 6 yil etdi. Olti yildirki, Gulnoraning farzandlari onasining kasalligini aytib, xalqning e’tiborini tortadi. O‘tgan davrlarda nobop ekologiya, toza ichimlik suvi yetib bormagani, qahraton qishda gaz o‘rniga ko‘mir, tezak yoqilgani, o‘z yurtidan ish topolmay, Moskva ko‘chalarini tozalagani ortidan kasal bo‘lganlar-chi, ular odam emasmi, ularni onangchalik qadri yo‘qmi yo ularning bolasi yo‘qmi, deging keladi. 

Shu kunlarda Gulnoraning ozod etilishi bilan bog‘liq masala yana kun tartibiga chiqqan. Buni davlat emas, turli shov-shuvlar, ig‘volar va “onam kasal” qabilidagi postlar bilan farzandlari asosiy mavzuga aylantirmoqda. Ularni qo‘llayotganlar xalq dardidan uzoq, qo‘lini sovuq suvga urmagan hamtovoqlar. Xalqqa qo‘yib bering-chi nima derkin? Xo‘sh, nima uchun noilojlikdan o‘g‘rilikka qo‘l urgan bir bechoraning bolasi qonun oldida javob berishi keragu shahona hayot kechirib, odamlarni oyoq uchida ko‘rsatgani yetmagandek, xalqning, tadbirkorlarning puliga ega chiqqan Gulnora jazodan chetda qolishi kerak? Nega?


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Gulnora Karimova

Baholaganlar

1214

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing