Gulnora Karimova 52 yoshini panjara ortida qarshiladi
Tahlil
−
09 iyul
73972Diplomat, professor, shoira, dizayner, xonanda, tadbirkor, mediamagnat. U qisqa vaqt ichida ko‘plab statuslar olgan, o‘nlab sohalarga qo‘l urgan, ammo hech biri Gulnoraga O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi deya tilga olinadigan maqomni bera olmaydi. So‘nggi bor 2013 yilda tavallud ayyomini tantanali qilib nishonlagan Gulnora Karimova, 8 iyul kuni 52 yoshni panjara ortida qarshiladi va u hamon hibsda qolmoqda.
Gulnora Karimova 2004 yildan qamalgunga qadar nafaqat mamlakatda, balki xorijda ham katta obro‘-e’tiborga, mavqega ega bo‘lgan. Karimova xonim qo‘l urmagan soha, boshchilik qilmagan loyihalar kamdan kam uchrardi. Xayriya deysizmi, yoshlarga oid davlat siyosatini yuritishmi yoki media sohasimi, xullas, hech bir Gulnora Karimovani chetlab o‘tmagan.
Gulnora Karimova nima uchun qamalgan?
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 1972 yilda tug‘ilgan Gulnora Islomovna Karimovaga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Xo‘sh, unga qanday ayblovlar qo‘yilgandi? Endi 2017 yilda Bosh prokuraturaning Gulnora Karimovaga oid jinoyat ishi bo‘yicha taqdim etgan ilk bayonotini eslasak.
Dastlab Karimovaga 2013 yil 24 oktyabrda bir nechta MCHJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida Gulnora Karimova 2001-2012 yillarda Sodiqov, 2013 yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko‘maklashib kelgani aniqlangan.
Prokuraturaning o‘sha vaqtda yozishicha, Karimova nazorati ostida va ko‘magida bo‘lgan jinoiy guruh a’zolari 2001-2013 yillarda bir qator jinoyatlarni sodir etgan. Gulnora Karimova ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik), 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 179-modda (Soxta tadbirkorlik), 184-modda (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 227-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish bilan ayblangan.
Yuqorida Karimova 2017 yilning dekabr oyida 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida aytgandik. O‘shanda unga insonparvarlik nuqtayi nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganligini e’tiborga olgan holda, Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgandi.
Bu jazoni o‘tash joyi etib, uning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan. Shu bilan birga, mahkuma G.Karimova zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan qator cheklovlar, shu jumladan, yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyati yuklatilgan.
Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
OAVga ma’lum ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib borilgan.
Oliy sudning 2020 yilda bergan ma’lumotiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan.
Undan keyin ham Karimovaning chet eldagi pullarini qaytarish yuzasidan bir nechta sud majlislari bo‘lib o‘tdi. Hozirgacha rasmiy idoralar oxir-oqibat Karimovaning jazo muddati qachon tugashi haqida lom-mim deganicha yo‘q.
Karimova qamoqda
Gulnora Karimovaning qamoqqa olinishi, uni tergov qilishda advokatning kiritilmasligi, qamalganidan so‘ng oilasi bilan uchrashtirilmagani haqidagi gaplarni ko‘p eshitamiz.
Gulnora Karimova Zangiotadagi 21-sonli koloniyaga o‘tkazilganidan bir oy o‘tib, uning shveysariyalik advokati Greguar Manja Twitter’ida mijozining ahvoli yaxshi emasligi haqida ma’lum qilgan.
“Zangiotadan qaytyapman. Mijozimning ahvoli og‘ir. Qon bosimi baland. Oyog‘i to‘liq bint bilan bog‘langan. Hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatilmayapti. Hushidan ketish holatlari ko‘p kuzatilgan”, degan advokat.
U hukumatdan Karimovani bu tarzda ushlab turish bas qilinishini so‘ragan.
Advokat bu kabi e’tirozlarni bir emas, bir necha bor aytgan. Misol uchun, Greguar Manja Karimova davolanishdan bosh tortayotgani, advokat ziyoratidan so‘ng, qamoqxonaning tibbiy blokidan chiqarilgani, uning oldiga shifokorlar kirishiga ruxsat berilmayotgani haqida ham yozgandi. Bosh prokuratura esa Karimovaga nisbatan hech qanday bosimlar yo‘qligini aytib chiqqan o‘shanda.
Bundan tashqari, Gulnoraning qizi Imon Karimova ham o‘zining Instagram sahifasida onasi bilan tushgan suratlarini joylab, u bilan uchrashish imkoni yo‘qligini bir necha bor aytgan.
Doimgidek rasmiy idoralar bu masala bo‘yicha sukut saqlaydi. Qaysi davrada bo‘lmasin Karimovaning koloniyada qanday sharoitda o‘tirgani, uning ahvoli haqida so‘ralsa, umumiy gap bilan cheklanishadi.
YouTube sahifalarida esa Karimova bilan bir koloniyada jazo o‘tagan ayollar uni ko‘rganlari haqida intervyular ham berishgan. Kuni kecha shunday intervyulardan biri e’lon qilindi.
Karimovaning pullari
Gulnora Karimovaning mol-mulki haqida gapirganda hisob-kitobda yanglishib qolishingiz aniq. Chunki yiliga kamida 2 marta Karimovaning qaysi mamlakatda qanday boyligi borligi yoki boshqalari haqida ma’lumotlar e’lon qilinadi.
Bu borada O‘zbekiston Adliya vazirligi ham tekshiruvlar o‘tkazgan. 2022 yilning sentyabrida Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan brifingda vazir o‘rinbosari Muzrof Ikromov Birinchi Prezidentning to‘ng‘ich qizi va uning boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh a’zolarining Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Latviya va Rossiya kabi davlatlarda mulklari bo‘lganini aytgandi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Karimova jinoiy sheriklari yordamida 12 ta xorijiy mamlakatda 1,3 milliard AQSH dollari, 63,5 million yevro, 27,1 million funt va 18,5 million frank miqdorida aktivlarni qonuniylashtirgan.
Shveysariya 2012 yili Jeneva va Syurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga qarashli ekani gumonlanayotgan 800 million frankni muzlatib qo‘ygan. Shveysariya prokuraturasi bu pulning 686,7 millionini musodara qilish va O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqargan.
2023 yilning 28 oktyabrida esa “Financial Times” nashri Shveysariyadagi fuqarolik ishlari sudi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning 840 million dollarlik boyligi kimga o‘tishini hal qilishi mumkinligini yozgandi.
“O‘zbekiston malikasi” sifatida tanilgan Gulnora Karimovaning 840 million dollarlik boyligi Shveysariya banklari kassalarida, hukumat buyrug‘i bilan muzlatib qo‘yilgan. Shveysariya bo‘ylab fuqarolik sudlarida olib borilayotgan huquqiy urush esa yaqinda aktivlar Shveysariya va O‘zbekiston hukumatlari, Zeromax xolding kompaniyasi kreditorlari yoki Gulnora Karimovaning o‘ziga tegishli ekanini hal qilishi mumkin”, deb yozgan nashr.
Qayd etilishicha, 28 sentyabr kuni Shveysariya prokuraturasi Karimovaga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Sud uning boyligi qayerdan kelgani va qayerga yo‘naltirilishi haqida muhim dalillarni ochiqlashni va’da qilgan. Ayblov xulosasi esa allaqachon Zeromax kreditorlarining yangi da’volariga sabab bo‘lgan.
O‘sha vaqtda nashr Shveysariyadagi jinoiy sud jarayonining sanasi hali belgilanmaganini yozgan. Bugungacha bu ish qanday tugagani ham noma’lum.
Gulnoraning oilasi bilan munosabati
Gulnora Karimovning otasi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan munosabati zo‘r edi, deb aytish qiyin. Ularning so‘nggi yillarda birga tushgan suratlari ham yo‘q. Qolaversa, Karimovaga otasi iqtidorda vaqtida jinoyat ishi ochilgan. Bir necha yil oldin Gulnora Karimovaning otasining oldiga kiritishlarini so‘ragan videosi ham tarqalgan edi.
2020 yilning yanvar oyida Islom Karimov tavalludining 82 yilligi munosabati bilan chop etilgan fotoalbomga ham Karimovning qizlari bilan tushgan suratlari kiritilmagan edi.
Gulnoraning to‘ng‘ich farzandi kichik Islom Karimov 2017 yilda BBCga bergan intervyusida bobosi – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora bilan munosabatlariga to‘xtalgandi.
“Bobom har doim onamga “Hech qachon mendan oshib ketmasliging kerak”, deb aytib kelgan. Bobomda o‘z qizi unga bo‘lgan xalq muhabbatini o‘g‘irlab oladi, degan xavotir bo‘lgan. Onam hech qachon bunga urinmagan va har doim uni ko‘klarga ko‘targan”.
Kichik Karimov so‘zida davom etarkan, bobosi onasining TV ekranlari va matbuot sahifalarida chiqishini istamaganini aytadi.
“Muammo shundaki, bobom bir necha bor uyda o‘tirib, onamni televizorda ko‘rgan. Onam u yerda yoki bu yerda ko‘rinish bergan. U shunchalar g‘azablanganki, ba’zi jamoatchilik ishlarini undan yashirishga majbur bo‘lganmiz. Bobom uning o‘zbek matbuoti, telekanallar, marosimlarda chiqishini istamagan. Shuning uchun Fond forumda bo‘lgan “Mehr nuri”, “Yangi avlod” kabi ba’zi kompaniyalarni rasmiylashtirishimiz juda qiyin bo‘lgan. Ilk yillari onam ularga bog‘liqligini rad etgan. Vasiylik kengashida ismi tursa-da, bu mening g‘oyam deb aytolmasdi. Agar aytsa, bobom “Mana, sen mendan hokimiyatni o‘g‘irlamoqchisan”, deb aytgan bo‘lardi”, degan kichik Islom Karimov.
Gulnoraning munosabati nafaqat otasi bilan, balki singlisi Lola Karimova bilan ham munosabati havas qilgudek bo‘lmagan.
Lola Tillyayeva 2013 yilda xalqaro ommaviy axborot vositalaridan biriga bergan intervyusida opasi Gulnora Karimova bilan 12 yildirki munosabatlari yaxshi emasligini aytgan. Bundan chiqdi, 2001 yildayoq ularning orasidan ola mushuk o‘tgan.
“Mavjud bo‘lmagan munosabatlarni tasvirlab berish qiyin. Men va opam bir-birimiz bilan 12 yildan ortdiki muloqot qilmaymiz. Buni hech qachon yashirmaganmiz va bundan ko‘plar xabardor. Ko‘p yillardan beri hech qanday aloqamiz yo‘q. Oramizda na oilaviy, na do‘stona aloqalar bor. Savol so‘rashingizdan oldin aytmoqchimanki, oilaviy marosimlarda ham ko‘rishmaymiz”, degan edi Lola Karimova o‘z intervyusida.
Keyinroq Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov ham 2016 yilda OAVga intervyu berib, onasi va xolasi o‘rtasidagi ziddiyatlarda marhum bobosini ayblagandi.
“Oyim va singlisi orasida yoshliklarida normal munosabatlar bo‘lib kelgan. Yagona muammo shuki... Men bunda ko‘proq bobomni ayblayman. Chunki oyim matematika maktabini oltin medal bilan bitirgan. Bobomning izidan borgan. Oyim sport bilan shug‘ullangan, qora kamar olgan. O‘z karerasini qurishni boshlagan. U nima qilsa, xolam buni takrorlashni istagan. Lekin nega? O‘ylaymanki, sababi – bobom butun umr xolamga gapirgan “Nega opangga o‘xshay olmaysan? Nega mana buni qilolmaysan? Nega yaxshi o‘qimaysan? Nega “U” bo‘lolmaysan?”
Men o‘z qizlaringga bunday munosabat qilishni noto‘g‘ri deb bilaman. Shuning uchun, bu uning aybi deb o‘ylayman. Lekin fakt shuki, bu unga ta’sir qilgan. Xolam butun umr buni eshitgani uchun unda kompleks paydo bo‘lgan. Mana hozir jamg‘arma tuzilibdi. Mamlakatda hamma biladiki, bizda jamg‘arma allaqachon bor edi. Jurnal ham bor edi, u ham jurnal chiqaryapti. Buni isbotlashga ham hojat yo‘q. Butun umr o‘zaro poyga bo‘lgan. Xolam ham nimalargadir qodir ekanini ko‘rsatishga intilgan. O‘ylashimcha, nafrat shunday paydo bo‘lgan, chunki xolam baribir oyim darajasiga chiqa olmagan. Bular keyin ko‘pirib jismoniy muammoga aylangan. Boshida bu faqat hissiyotlar darajasida bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu hayotimizda aks etyapti. Bu adovat tufayli oilalar barbod bo‘lyapti”, degan edi kichik Islom Karimov.
Lola Karimova uch farzandi va turmush o‘rtog‘i Temur Tillyayev bilan AQSHning Los-Anjeles shahrida istiqomat qilib kelmoqda. Lola Karimova so‘nggi bor otasi Islom Karimovni xotirlash marosimlarida 2017 yil ishtirok etdi. 31 avgust kuni Oq uy qarorgohida o‘tgan marosimda Lola Karimova jiyani Imon Karimova bilan namoyon bo‘lgandi. Biroq Imon Karimova xolasi bilan munosabatlari tiklanganini rad etgan.
Opa-singillarning farzandlari yaqin yillargacha bordi-keldi qilishi ma’lum emas edi. 2022 yilning yanvar oyida xolavachchalar Imon Karimova va Maryam Tillyayevalar oradan 8 yil o‘tib uchrashdi. Bu haqda ular ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali xabar berishgandi. Uchrashuv oldindan rejalanmagani va kutilmagan bo‘lgani ularning hayajonidan bilinib turardi. Oradan biroz vaqt o‘tib, 2023 yilning sentyabr oyida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova nabiralari bilan Londonga sayohat qildi.
Sayohatda sobiq birinchi xonimga Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova va o‘g‘li Islom Karimov, Lola Karimovaning farzandi Maryam Tillyayeva, shuningdek, Imon Karimova bilan turmush qurishi kutilayotgan yigit hamrohlik qilgan.
2011-2014 yillarda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi lavozimida faoliyat yuritgan Jorj Krol o‘z memuarida Islom Karimov va uning qamoqdagi qizi Gulnora Karimova bilan munosabatlari haqida gapirib berdi.
“Men Karimovning oilasidagi g‘alati muammoga aralashib qoldim. Yangi yil kechasi kechki payt elchixonada ishlayotgan edim. Elchixona darvozasi oldidagi qorovul menga qo‘ng‘iroq qilib, bir mehmon zudlik bilan meni – Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova o‘z bolalari bilan ko‘rmoqchi ekanligini aytdi. Vaqt allamahal bo‘lib qolgan edi. Men ularni elchixonaning qabulxonalaridan birida yakka tartibda qabul qildim. Gulnora Versace va Gucci kostyumlarini kiyib, hayoti va muammolari haqida uzoq hikoya qila boshladi. Men sabr bilan tingladim, bolalariga suv olib keldim va elchixonamizdan boshpana so‘ramoqchi bo‘lishidan qo‘rqib, mendan nima istashini so‘radim. O‘zbekiston Prezidentining qizi o‘z oilasi tomonidan ta’qib qilinayotgani haqida gapirayotgan edi”, deb yozadi sobiq elchi.
Jorj Krol ikki soatlik mashaqqatli monologining oxirida Gulnora Karimova otasining o‘zi ekaniga ishonch hosil qilganini aytadi. Elchiga ko‘ra, Gulnora Karimova undan otasi bilan uchrashishda yordam so‘ragan.
“Uning so‘zlariga ko‘ra, onasi [Tatyana Karimova], singlisi [Lola Tillyayeva] va Karimovning saroy a’yonlari Gulnoraga otasini ko‘rishga ruxsat bermagan. Soat yarim tunga yaqinlashib, yangi yil tongi otganda, o‘zimni juda yengil his qildim. Men Gulnora va uning bolalarini elchixona yonida kutib turgan avtomobilga kuzatib qo‘ydim va uning otasi bilan qo‘limdan kelganini qilishga va’da berdim. Ertasi kuni Yangi yil arafasida Karimov bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldim. Oradan ko‘p o‘tmay, Gulnora menga quvonchli xabar yo‘llab, uchrashuv tayinlanganini aytdi. Keyinroq undan eshitdimki, uchrashuv muvaffaqiyatsiz bo‘lib, otasi unga shippak uloqtirishi bilan tugagan. Gulnorani boshqa ko‘rmadim”, deydi Jorj Krol.
Uning ta’kidlashicha, Gulnora kamchiliklardan holi emas va u suhbat davomida aktrisalar kabi rolga kirishganini yaxshi eslaydi. Memuarda qayd etilishicha, Gulnora Karimova prezidentning qizi bo‘lish qanchalik dahshatli ekani va u o‘sha paytda o‘z irodasiga qarshi turmushga chiqishga majburlangani haqida AQSH elchisiga noligan. Krol Gulnora turmush qurishga va uydan chiqmay, farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishga majburlangani to‘g‘risidagi gaplardan so‘ng, uning ahvoliga rostmanasiga achingan. Bundan tashqari, Gulnora Jorj Krol bilan uchrashuvda otasining biznes hamda siyosatdan uzoqlashib, diplomat bo‘lish haqidagi taklifini rad etganidan juda afsusda ekanini ham tan olgan.
Bu so‘zlardan ham Karimovaning otasi bilan munosabatlari havas qilgudek emasligini bilish mumkin.
Yuqorida aytganimizdek, bugungi kunda Karimova xonimning ayni damdagi ahvoli haqida aytarli ma’lumot mavjud emas. Biror idora u haqida ma’lumot bermaydi, savollardan ham qochishga harakat qilishadi. O‘zbekistonni 25 yil boshqargan Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi o‘zining 52 yoshini ham qamoqda qarshi oldi.
LiveBarchasi