Gulnora Karimova qamoqxonada qanday yashayapti? Koloniyadan xabar keldi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – sobiq Fond forum vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimova  saqlanayotgan Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash Koloniyasida o‘rganish o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edik. Adliya vazirligi o‘rganish natijalari bo‘yicha QALAMPIR.UZ’ga natijalarni ma’lum qildi. Unda shunday deyiladi: 

Ayrim OAVlar va ijtimoiy tarmoqlarda mahkuma Gulnora Karimovaga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani hamda u doimo ruhiy bosim ostida ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning tarqalganini e’tiborga olib, Adliya vazirligi joriy yilning 3-4 iyul kunlari bevosita 21-sonli jazoni o‘tash Koloniyasiga borgan holda, holatni o‘rgandi. 

O‘rganish davomida aniqlanishicha, mahkuma Gulnora Karimova Koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

U yerdagi yashash sharoitlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining (JIK) 117-moddasiga javob beradi. Unga muvofiq, umumiy rejimdagi koloniyalarda mahkumlar umumiy turar-joylarida yashashadi.

Shu bilan birga, Gulnora Karimova JIKning 9-moddasiga muvofiq, o‘quv, badiiy va boshqa turdagi axborot materiallaridan foydalanish huquqidan foydalangan holda, Koloniya kutubxonasining a’zosi hamdir.


JIKning 78-moddasiga muvofiq, mahkuma Gulnora Karimova yo‘qlov va banderol olish huquqidan ham foydalangan. Xususan, joriy yilning 2 va 3, 10 aprel hamda 10 iyun kunlari u tegishli banderol va yo‘qlov qabul qilingan. 

2019 yilning 10 aprel kuni Gulnora Karimovaning hisob varag‘iga qizidan pul o‘tkazmalari kelib tushgan. Gulnora Karimova jazoni o‘tash davomida koloniya do‘konidan to‘rt marotaba xaridni amalga oshirgan va o‘rganish paytida uning hisob varag‘ida muayyan miqdorda mablag‘ qolgani aniqlangan. 

JIKning 76-moddasiga muvofiq, Gulnora Karimova uchrashuv huquqidan foydalanmoqda. Xususan, 2019 yilning 12 aprelidan 15 apreligacha u oila a’zolari bilan uzoq muddatli uchrashuvda bo‘lgan (3 sutka). 

Gulnora Karimova ikkita qisqa muddatli uchrashuvlardan yozma ravishda bosh tortgan (2019 yilning 8 va 10 aprel kunlari).

Gulnora Karimovaga 2019 yilning 2 va 17 aprel hamda 10 iyun kunlari Shveysariyalik advokati bilan uchrashish huquqi ta’minlangan. Bu o‘z navbatida uning huquq va erkinliklari ta’minlanayotganligini dalilidir.

JIKning 79-moddasiga asosan, mahkumlar cheklovsiz ravishda xat va telegrammalarni qabul qilish va yuborishlari mumkin.

Ushbu davr mobaynida Gulnora Karimova tomonidan 2019 yilning 25 mart va 17 iyun kunlari ikkita xat jo‘natilgan.

Ta’kidlash joizki, Gulnora Karimovaga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmayotganligi haqidagi fikrlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 

2017 yilning dekabr oyida Sog‘liqni saqlash vazirligining komissiyaviy sud tibbiyot ekspertizasi Bosh byurosi tomonidan tibbiy ko‘rik o‘tkazilgan bo‘lib, uning xulosasiga (№70 15.12.2017y.) ko‘ra, Gulnora Karimovada avvaldan ayrim surunkali kasalliklar mavjudligi aniqlangan.

Shu bois, Gulnora Karimova 2019 yil mart oyida koloniyaga olib kelinishi bilan, uning salomatligini ta’minlash maqsadida bir necha bor malakali tibbiy yordam tashkillashtirilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tajribali  mutaxassislarining tavsiyalari berilgan (kardiolog, ginekolog, stomatolog, yuqumli kasalliklar shifokori, funksional diagnostika shifokori, UZD shifokori, endokrinolog, gastroenterolog, ruhshunos va boshqa  shifokorlar).

Shu bilan birga, komissiyaning hulosasiga ko‘ra Gulnora Karimovada aniqlangan kasalliklar uning jazoni o‘tashiga halaqit bermaydi va “Og‘ir kasallikka chalingan mahkumlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va ularni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish qoidalari”da keltirilgan kasalliklar ro‘yxatiga kirmaydi (ro‘yxat raqami 1854-son, 09.09.2008 y.).

Mahkumalar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda shu narsa aniqlandiki, Gulnora Karimovaga jismoniy yoki ruhiy bosim o‘tkazish hollari kuzatilmagan, aksincha, boshqa mahkumalar Gulnora Karimovaning yomon yashash sharoitlarda ushlab turilgani va unga bosim o‘tkazilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlardan ajablanganlar. Xususan, u bilan bitta otryadda yashayotgan mahkumalar Gulnora Karimova koloniyaga olib kelinganida, u deraza oldidagi krovatni tanlagani, bu vaqtda esa, mazkur krovat boshqa mahkuma tomonidan band bo‘lganini qayd etganlar. Shunday bo‘lsada, boshqa mahkuma Gulnora Karimovaga o‘z o‘rnini bo‘shatib bergan.

Gulnora Karimovaning salomatligini inobatga olgan holda, ushbu davrda u bir marotaba ham mehnat faoliyatiga jalb etilmagan. Bu holat Koloniya mahkumalari va ma’muriyati tomonidan ham tasdiqlandi. 

Bevosita Gulnora Karimova bilan bo‘lgan suhbat davomida u mahkuma sifatida o‘zining huquqlari cheklanayotganidan shikoyat qilmadi. Gulnora Karimova bu mavzuda suhbatlashishni istamayotganini va asosan quyidagilar bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirdi:

•    koloniyada bo‘lgan paytida unga yaqin bo‘lgan mahkumalarning boshqa otryadlarga o‘tkazilganiga;

•    uning fikricha, jinoiy ishni tergov qilishda qonunchilik talablari buzilganiga. 

Gulnora Karimovada ma’lum surunkali kasalliklar borligini inobatga olib, unga statsionar davolanish uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Adliya vazirligi xodimlari Koloniyaga borganlarida Gulnora Karimova sanitariya bo‘limida bo‘lgan.

Suhbat chog‘ida Gulnora Karimova unga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatiga nisbatan hech qanday e’tiroz bildirmadi. 

Vizual tekshiruv chog‘ida Gulnora Karimovaning tanasida jarohatlar aniqlanmadi”. 


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Adliya vazirligi

Baholaganlar

517

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing