Gulnora Karimova 50 yoshini ham panjara ortida qarshiladi
Jamiyat
−
08 iyul 2022
36312O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – sobiq Fond forum Vasiylik Kengashi raisi Gulnora Karimova bugun, 8 iyul kuni 50 yoshni qarshiladi va u hamon hibsda qolmoqda.
Gulnoraning tavalludi munosabati bilan uning qizi Imon Karimova onasi bilan anchadan buyon uchrasholmayotganini aytib, Instagram’da post yozib qoldirdi.
“Bizning oilamiz har doim Islom diniga katta hurmatda bo‘lgan. Bobomiz yurt Istiqlol tongida masjidlar eshigini ochgan, Ka’ba o‘z eshiklarini ochgan sanoqli kishilardan biri edi.
Shuning uchun ishonchim komilki, hamma birgalikda qilingan bitta ibodat eng kuchli qulflarni va qalb eshiklarini ochadi”, deydi Imon onasi uchun duo talabida bo‘lib.
U so‘zida davom etarkan, onasi 8 yildan beri qamoqda qolayotgani, bu orada nabirasini ham qo‘liga olmagani va 50 yoshni ham panjara ortida qarshilayotganini urg‘ulaydi.
“Bugun onam 50 yoshga to‘ldi. 8 yildan ortiq qamoqda o‘z oilasi, yaqinlarini ko‘ra olmadi: bolalarining ulg‘ayishini ko‘ra olmadi, Bobo bilan xayrlashib ololmadi, nabirasining tug‘ilishi ko‘ra olmadi. Uning sog‘lig‘idan ham hech narsa qolmadi, ammo shunga qaramay, biz hech qachon duo qilishni to‘xtatmaymiz”, deydi Gulnora Karimovaning qizi.
Gulnora Karimova 1972 yilning 8 iyulida tug‘ilgan. 1991 yilda Gulnora afg‘onistonlik etnik o‘zbek Mansur Maqsudiyga turmushga chiqadi. Ushbu nikohdan bir yil o‘tib, 1993 yilda ularning Islom ismli o‘g‘li dunyoga keladi, 1999 yil esa qizi – Imon tug‘iladi. 2001 yili Gulnora va Mansurning munosabatlariga darz ketib, oila ajraladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
LiveBarchasi