Gruziyada kelasi oyda prezident saylovi bo‘lib o‘tadi
Olam
−
26 noyabr
1617Gruziya parlamenti prezidentlik saylovlarini 14 dekabrga belgiladi. Bu haqda parlament spikeri Shalva Papuashvili ma’lum qildi.
"Prezidentlik saylovlari birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan emas, balki parlament a’zolari, Ajariya va Abxaziya Oliy Kengashlari, shuningdek, mahalliy ma’muriyat vakillaridan iborat bo‘lgan saylovchilar kollegiyasi tomonidan o‘tkaziladi", deydi spiker.
Uning eslatishicha, amaldagi Prezident Salome Zurabishvilining olti yillik vakolati 16 dekabrda tugaydi, shuning uchun Konstitutsiyada belgilangan muddatlarda saylovlar o‘tkazish zarur.
Joriy yilning 26 oktyabrda Gruziyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Unda mamlakatning 150 nafar deputatdan iborat oliy qonun chiqaruvchi organidagi o‘rinlar uchun 20 ga yaqin partiya kurashgan. 12 yil ketma-ket hokimiyatda bo‘lgan “Gruziya orzusi” partiyasi 54,3% ovoz bilan g‘alaba qozongan. Shundan so‘ng bir nechta partiyalar parlamentga boykot e’lon qildi.
Ma’lumot uchun, Gruziya parlament boshqaruv shakliga ega bo‘lgan respublika, ijro etuvchi hokimiyat Bosh vazir boshchiligidagi hukumat tomonidan amalga oshiriladi. Davlat rahbari Prezident bo‘lib, uni 300 kishidan iborat saylovchilar hay’ati saylaydi. Ushbu organning yarmini parlament a’zolari tashkil qiladi, qolgan qismini mintaqalardan kelgan delegatlar taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze BMTning Bakuda bo‘lib o‘tayotgan iqlim bo‘yicha COP29 sammiti chog‘ida jurnalistlar bilan suhbatda Gruziyada prezidentlik saylovlari, ehtimol, 2025 yil yanvar oyining boshida bo‘lib o‘tishini aytgan edi.
LiveBarchasi