Gruziyada davlat to‘ntarishi tayyorlanayotgani aytildi
Olam
−
30 may 2022
9109Gruziyaning hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi raisi Irakliy Kobaxidzening da’vo qilishicha, agar mamlakat Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini olmasa, muxolif “Birlashgan milliy harakat” joriy yilning iyun oyi oxirida davlat to‘ntarishini o‘tkazishi mumkin. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, Gruziya Moldova va Ukrainadan farqli o‘laroq Yevropa Ittifoqiga nomzod davlat maqomini ololmasligi kerak. Rejaga ko‘ra, bu iyun oyi oxirida xalq tartibsizliklari va milliy davlat to‘ntarishiga olib keladi”, degan Kobaxidze.
Hukmron partiya raisining ta’kidlashicha, radikal muxolifat Gruziya Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod maqomiga loyiq emasligini yana ochiq aytishda davom etmoqda.
“Ma’lumki, ular xorijlik hamkasblari bilan ham xuddi shunday bayonotlar orqali muloqot qiladi”, deydi Kobaxidze.
Uning qayd etishicha, YeIda Gruziyaga nomzod maqomini bermaslik uchun asos yo‘q, chunki bu Bryusselni respublikaga qo‘shimcha mablag‘ ajratishga yoki uni darhol qabul qilishga majburlamaydi. Bundan tashqari, Gruziya YeI bilan yaqinlashishi va 2014 yilda imzolangan Assotsiatsiya shartnomasini amalga oshirish bo‘yicha Moldovadan ham, Ukrainadan ham oldinda.
Ma’lumot uchun, 3 mart kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Gariboshvili YeIga kirish uchun nomzod maqomini olishga ariza yubordi. Bunga javoban 11 aprel kuni Yevropa Ittifoqi Gruziyaga so‘rovnoma topshirdi. 2 may kuni respublika yakunlangan hujjatning birinchi qismini Yevropa Ittifoqiga, 10 mayda esa ikkinchi qismini yubordi.
Gruziya 2009 yildan buyon Yevropa Ittifoqi va sobiq ittifoq respublikalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Sharqiy hamkorlik” dasturining a’zosi hisoblanadi. 2014 yilda mamlakat Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiya shartnomasini imzoladi, uning ajralmas qismi chuqur va keng qamrovli savdo to‘g‘risidagi qoidalardir. 2017 yilda Gruziya fuqarolari Shengen zonasi mamlakatlariga vizasiz turistik sayohat qilish huquqini oldi.
LiveBarchasi