Gruziya Zelenskiyning qat’iy talabini inobatga olmadi

Olam

image

Gruziya qamoqda saqlanayotgan sobiq Prezident Mixail Saakashvilini Zelenskiyning talabiga qaramay, Ukrainaga topshirmaydi. Bu haqda hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi rahbari Irakliy Kobaxidze ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Gruziya Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Mixail Saakashvilini sog‘lig‘i yomonlashgani uchun qamoqdan ozod qilish haqidagi ultimatumiga rioya qilmoqchi emas. 

“Saakashvili masalasida Ukrainadagi elchimiz bilan bunday maslahatlashuvlar bekor qilindi. Ukraina bilan munosabatlarimiz kelajagiga kelsak, biz bir tomonlama do‘stlik rejimida qolishga tayyormiz. Chunki biz ikki xalqning azaliy do‘stligini hurmat qilamiz va Ukrainaning hozirda urush holatida ekanini hisobga olamiz”, deydi Kobaxidze. 

Gruziya Tashqi ishlar vazirligi Zelenskiyning Saakashvilini topshirish bo‘yicha maslahatlashish uchun Gruziya elchisini vataniga yuborish to‘g‘risidagi qarorini "ichki ishlarga aralashish" deb atagan. 

Ma’lumot uchun, Saakashvili 2004-2013 yillarda ketma-ket ikki muddat Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Keyinchalik u Ukrainada ham turli lavozimlarda ishlagan. Ammo Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko bilan munosabatlari buzilishi natijasida unga berilgan ukrain pasporti bekor qilingan. Vladimir Zelenskiy prezidentlikka saylangach, Saakashviliga Ukraina fuqaroligi qaytarib berildi. 2021 yilning sentyabr oyida u Gruziyaga qaytib keldi va hibsga olindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qamoqdagi Saakashvili o‘zini Ukrainada dafn qilishlarini istashini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng Ukraina tashqi ishlar vazirligi uni Kiyevga qaytarishni talab qilgan. Shuningdek, joriy yilning fevral oyida Gruziya sudi Saakashvilini sog‘lig‘i sababli qamoqdan ozod qilish haqidagi advokat iltimosini rad etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Zelenskiy Mixail Saakashvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing