Gruziya YeIga kirish uchun hamma narsani qilishga tayyor
Olam
−
07 Oktabr 2022
3469Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenni mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod maqomini olish uchun barcha islohotlarni amalga oshirishiga ishontirdi. Bu haqda Gruziya hukumati Matbuot xizmati Garibashvilining Pragadagi Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti doirasida fon der Lyayen bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.
“Gruziya YeIga a’zo bo‘lish yo‘lidagi navbatdagi qadamni qo‘yish va Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini olish uchun hamma narsani qilayotgani qayd etildi. Shu maqsadda Gruziya Yevropa Komissiyasi tomonidan belgilangan 12 ta ustuvor yo‘nalishni zudlik bilan amalga oshirishga kirishdi”, deyiladi xabarda.
Garibashvilining ta’kidlashicha, bu jarayon inklyuziv bo‘lib, unda hukumatning barcha tarmoqlari, muxolifat partiyalari va fuqarolik jamiyati ishtirok etishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, Gruziya parlamentida aynan shu maqsadda ishchi guruhlar tuzilgan.
Uchrashuvda Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzi va uning Gruziya, mintaqa va butun dunyoga ta’siri haqida ham so‘z borgan. Matbuot xizmati ta’kidlaganidek, Bosh vazir Yevropa Ittifoqining Janubiy Kavkazda tinchlikni ta’minlashga urinishlari va Gruziyaning bu ishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligiga alohida e’tibor qaratgan.
Tomonlar, shuningdek, transport, energetika va raqamli sohalarda Gruziya va YeI o‘rtasidagi yaqinlashuvni muhokama qilishdi.
Garibashvilining o‘zi Yevrokomissiya prezidenti bilan uchrashuvni “juda samarali” deb atadi.
“Ursula Ursula fon der Lyayen bilan Yevropa qit’asi xavfsizligi kelajagi bo‘yicha juda samarali uchrashuv. Men Gruziyaga YeI a’zoligiga nomzod maqomini berish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishda yordam bergani uchun Yevropa Komissiyasidan minnatdorman. Gruziya Yevropa kelajagiga intilmoqda!”, deb yozadi Gruziya Bosh vaziri o‘zining Twitter’dagi sahifasida.