Gruziya va Ukraina o‘rtasida dahanaki jang boshlandi
Olam
−
04 iyul 2023
25090Gruziya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina rasmiylarining Gruziya elchisining maslahatlashuvlar uchun mamlakatni tark etishi haqidagi qaroridan chuqur xavotir bildirdi. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni Gruziya Tashqi ishlar vazirligi saytida chop etilgan xabarda aytiladi.
“Ushbu harakat diplomatik munosabatlarni keskinlashtirishning ekstremal shaklidir va rasmiy Kiyev o‘ziga do‘st davlat va xalqqa qarshi shunday qadam qo‘ygani juda achinarli”, deyiladi bayonotda.
Vazirlikning ta’kidlashicha, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining sog‘lig‘i sababli ozod qilingani haqidagi advokatlarining da’vosini qanoatlantirmagan qarori Gruziyada uning huquqlarini himoya qilishning “eng yuqori standartlari”dan dalolat beradi.
“Voqealarning bunday rivojlanishi fonida Ukraina rasmiylarining qarori ikki davlat o‘rtasidagi strategik munosabatlarga jiddiy putur yetkazadi va suveren davlatning ichki ishlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashishni ifodalaydi”, deya ta’kidladi vazirlik.
Gruziya TIV rasmiy Kiyev o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishi va ikki davlat o‘rtasida tarixan o‘rnatilgan do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga harakat qilishiga umid qilmoqda.
“Biz Gruziyaning Ukraina va ukrain xalqining hududiy yaxlitligi va suverenitetini sobit qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlamoqchimiz”, deyiladi Tbilisi bayonotida.
Vazirlikning eslatishicha, mojaro boshlangandan beri Gruziya Ukrainaga ham ikki tomonlama darajada, ham turli xalqaro formatlarda siyosiy va gumanitar yordam ko‘rsatib kelmoqda.
“Gruziya urush holatida bo‘lgan Ukrainaga birdamlik va yordam ko‘rsatishda davom etishini ta’kidlamoqchimiz. Aynan Ukraina urushning faol bosqichida bo‘lganligi sababli, Gruziya tomoni xalqaro munosabatlar va asosan o‘z sheriklari oldidagi katta mas’uliyatni anglab, hozirgi bosqichda Ukraina tomonidan qo‘yilgan qadamlarga javoban har qanday qo‘shimcha reaksiyadan o‘zini tiyadi. Ikki tomonlama munosabatlarning yanada keskinlashishi shundoq ham murakkab vaziyatni boshi berk ko‘chaga olib boradi”, deyiladi xabarda.
TIV Kiyevdagi Gruziya diplomatik missiyasi Ukrainadagi jangovar harakatlarning eng og‘ir damlarida ham o‘z faoliyatini to‘xtatmaganiga e’tibor qaratgan.
Kiyev qarori
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 3 iyul kuni Tashqi ishlar vazirligiga Gruziya elchisiga qo‘ng‘iroq qilib, Saakashvili masalasi bo‘yicha maslahatlashish uchun 48 soat ichida mamlakatni tark etish haqida buyruq berishni topshirdi. U yana Tbilisini Ukraina fuqarosi bo‘lgan Saakashvilini davolanish uchun Kiyevga o‘tkazishga chaqirdi. Zelenskiyning fikricha, Ukrainaning sheriklari Saakashvilini saqlab qolish uchun uni himoya qilishlari kerak.
Bugun, 4 iyul kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Gruziyaning Kiyevdagi elchisini maslahatlashish uchun Tbilisiga qaytishga taklif qildi. Departamentning xabar berishicha, diplomatga Gruziya sobiq prezidentining ahvoli sezilarli darajada yomonlashgani munosabati bilan keskin norozilik bildirilgan.
4 iyul kuni Saakashvili Tbilisi shahar sudining 2007 yildagi mitingni tarqatib yuborish bo‘yicha ishi yuzasidan bo‘lib o‘tgan sud majlisida videoaloqa orqali ishtirok etdi. Sud zaliga qo‘yilgan ekranda sobiq prezident o‘ta og‘ir vaziyatda ko‘rinish bergani aytilmoqda.
Sobiq prezident Gruziyaga 2021 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan munitsipal saylovlardan bir kun oldin yashirincha kelgan, shundan so‘ng u hibsga olinib, Rustavi shahridagi qamoqxonaga joylashtirilgan. U bir nechta jinoiy ishlarda ayblanmoqda. 2022 yil may oyida sog‘lig‘i yomonlashgani sababli u Tbilisidagi "Vivamed" xususiy klinikasiga olib ketilgan va u shu kungacha o‘sha yerda qolmoqda. Gruziya rasmiylarining pozitsiyasi shundan iboratki, Saakashvili qamoqdan chiqish uchun o‘zini og‘ir ahvolda deb ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 1 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Georgian Airways aviakompaniyasi va uning asoschisi Gaiashviliga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi.
LiveBarchasi