Gruziya parlamentida Yevropa Ittifoqi bayrog‘i qayta ko‘tarildi
Olam
−
14 mart 2023 7529 2 daqiqa
Bugun, 14 mart kuni namoyishchilar tomonidan Gruziya parlamenti binosi yaqinidagi bayroq ustuni buzib, yoqib yuborilganidan so‘ng politsiya xodimlari Yevropa Ittifoqining yangi bayrog‘ini ko‘tardi. Bu haqda Gruziyaning “Interpressnews” agentligi xabar berdi.
Tbilisida Konservativ Harakat partiyasi a’zolari va tarafdorlari vakili bo‘lgan bir necha yuz kishi 7 va 8 mart kungi namoyishchilarni tanqid qilib, G‘arbga qarshi shiorlar aytdi. Namoyishchilar parlamentga yetib kelgach, miting o‘tkazdi, unda bayroq ustunidan Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini olib tashlashdi, so‘ng uni yoqib yuborishdi. Keyinroq Gruziya Ichki ishlar vazirligi ma’muriy ish ochilganini ma’lum qildi.
Gruziya parlamenti raisi Shalva Papuashvili bu harakatlarni nomaqbul deb atadi.
“Buni ko‘rish juda achinarli, radikalizm radikalizmni tug‘diradi. Bunday xatti-harakat, albatta, kimdan bo‘lishidan qat’i nazar, qabul qilib bo‘lmaydi. Bayroq ustuni ham shikastlangan, u tiklanadi, bayroq esa hurmat bilan o‘z joyiga qaytariladi”, deydi Papuashvili.
Parlament xorijiy agentlari haqidagi qonun loyihasining gruzincha variantini birinchi o‘qishda qabul qilganidan keyin 7 va 8 mart kunlari Tbilisida minglab norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Mitinglar chog‘ida politsiya suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Ikki kunlik namoyishlarda 130 dan ortiq odam hibsga olingan. 9 mart kuni ertalab poytaxtdagi norozilik namoyishlaridan so‘ng hukmron “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi qonun loyihasini qaytarib olishga qaror qildi va 10 mart kuni deputatlar tashabbusga qarshi ovoz berdi. Gruziya variantiga muqobil sifatida avvalroq parlamentda ro‘yxatdan o‘tkazilgan qonun loyihasining amerikacha varianti birinchi o‘qishga chiqmasdan qaytarib olindi.
Live
Barchasi