Gruziya parlamentida deputatlar mushtlashib ketdi (video)

Olam

image

Gruziya parlamentining muxolifatdagi “Fuqarolar” partiyasi a’zosi Aleksandr Elisashvili xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” hukmron partiyasi ijrochi kotibi, parlamentdagi ko‘pchilik yetakchisi Mamuka Mdinaradze bilan mushtlashib ketdi. Yig‘ilish qonun chiqaruvchi organ saytida jonli efirda namoyish etildi.

Mdinaradze qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqqan parlamentning huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida deputatlar savollariga javob berayotgandi. To‘satdan Elisashvili uning oldiga yugurib kelib, qo‘li bilan boshiga urdi. Janjalga boshqa deputatlar ham qo‘shildi. Qo‘mita majlisi to‘xtatildi. Qo‘riqchilar Elisashvilini majlislar zalidan olib chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi.

Gruziyaning hukmron partiyasi aprel oyi boshida “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini parlamentga qayta kiritish to‘g‘risidagi qarorini shu kabi tashabbus ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lganidan bir yil o‘tib e’lon qildi. Qonun loyihasi matnida 2023 yildagi kabi, “xorijiy ta’sir agenti” atamasi o‘rniga "xorijiy kuchning manfaatlarini ko‘zlaydigan tashkilot" tushunchasi ishlatilgan.

Qonun loyihasiga muxolifat, Prezident Salome Zurabishvili, shuningdek, diplomatik korpus, jumladan, YeIning Gruziyadagi missiyasi va AQSH elchixonasi qarshi chiqdi. Tashabbus muxoliflariga ko‘ra, qonun loyihasi Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuviga to‘sqinlik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 9 aprel kuni Tbilisida hukmron mazkur qonun qubul qilinishiga qarshi namoyish bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya xorijiy agent Aleksandr Elisashvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing