Gruziya parlamenti oldida Rossiya bilan aviareyslar tiklanishiga qarshi miting bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 19 may kuni kechqurun Rossiya va Gruziya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklanishiga qarshi bo‘lganlar Tbilisidagi parlament binosi oldiga yig‘ildi. Aksiyada mingga yaqin odam qatnashdi va Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni zudlik bilan taqiqlashni talab qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Namoyishchilarga ko‘ra, Rossiya va Gruziya o‘rtasidagi aviaqatnovlarning tiklanishi mamlakatni jiddiy xavf ostiga qo‘yadi, chunki mamlakat Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomsiz qolishi mumkin. Ulardan ba’zilari jurnalistlarga Gruziya G‘arb sanksiyalari ostida qolishi mumkinligidan qo‘rqishlarini ham bildirgan. Bir necha soatdan keyin namoyishchilar tarqala boshlagan.

Aytilishicha, kecha, 19 may kuni Azimut aviakompaniyasining samolyoti Tbilisi aeroportiga qo‘ngan va 2019 yildan beri birinchi marta Moskvadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reysni amalga oshirgan. Samolyot qo‘nishdan oldin politsiya Tbilisidagi Shota Rustaveli aeroportini o‘rab olgan va kutish zalini yopgan.

Rossiya bilan reyslarning qayta tiklanishiga qarshi chiqqan Gruziya muxolifati tarafdorlari aeroportda norozilik namoyishi o‘tkazgan. Uning ishtirokchilari ingliz va rus tillarida – “You are not welcome here”,  "Russkiy samolet, idi na x...", "Net aviareysam okkupanta v Gruziyu" degan chaqiriqlar yozilgan plakatlarni ushlab turgan. Samolyot qo‘nganidan so‘ng namoyishchilar politsiya kordonini yorib o‘tishga harakat qilgan, biroq politsiya bu urinishlarni to‘xtatgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yana bir farmoni bilan 2019 yildan beri amalda bo‘lgan Rossiya aviakompaniyalarining parvozlariga va Gruziyaga tur paketlar sotishga belgilangan taqiqni bekor qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Gruziya aviareys

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing