Gruziya parlamenti hukumat tarkibini tasdiqladi

Olam

image

Bugun, 28 noyabr kuni Gruziya parlamenti Bosh vazir Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi yangilangan hukumat tarkibini bir ovozdan tasdiqladi. Hukumat uchun 84 nafar “Gruziya Orzusi” partiyasi deputati ovoz berdi. Bu haqda “Sputnik Gruziya” xabar berdi.

Gruziya parlamenti deputatlari ovoz berish orqali Bosh vazir Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi yangi hukumat va uning kelgusi to‘rt yilga mo‘ljallangan dasturiga ishonch bildirdi. Parlament majlislarida faqat hukmron “Gruziya Orzusi” partiyasi deputatlari ishtirok etmoqda. Muxolifat esa parlament saylovlari natijalarini tan olmay, yig‘ilishlarni boykot qilgan.

Yangi hukumat tarkibini tasdiqlash uchun 84 deputat ovoz bergan, qarshi ovoz berganlar bo‘lmagan. Hukumat tarkibida uchta yangi vazir bor: Tashqi ishlar vaziri Maka Bochorishvili, Adliya vaziri Anri Oxanashvili va Atrof-muhitni muhofaza qilish va qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimini egallagan David Songulashvili.

Irakliy Kobaxidze parlamentga o‘z siyosiy dasturini taqdim etar ekan, tashqi siyosatda asosiy ustuvor vazifa sifatida AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni qayta tiklashni ko‘rsatgan. Shuningdek, uning eng muhim maqsadlaridan biri hududiy yaxlitlikni tinch yo‘l bilan tiklashdir.

“Oxirgi yillarda bu yo‘nalishlarda jiddiy qiyinchiliklar bo‘ldi, ammo yaqin kelajakda har ikki yo‘nalishda munosabatlarni tiklash imkoniyati mavjud”, dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya parlamenti prezidentlik saylovlarini 14 dekabrga belgilagan edi. Shundan so‘ng, Gruziyadagi hukmron “Gruziya orzusi” partiyasidan sobiq futbolchi Mixail Kavelashvili prezidentlikka nomzod bo‘lishini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya parlament hukumat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing