Gruziya Bosh vaziri Prezidentni davlatga xiyonatda aybladi
Olam
−
26 may
11784Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvilini xiyonatda aybladi. Bu haqda u Mustaqillik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘z ochdi.
“Xalq va ular tomonidan saylangan hukumatning hamjihatligi, mazmunli qadamlari bizga o‘tgan ikki yil davomida mavjud tahdidlar va turli xiyonatlarga, jumladan, prezidentning xiyonatiga qaramay, yurt tinchligini saqlash imkoniyatini berdi. Gruziyaning yaqin tarixi va zamonaviy dunyodagi jarayonlar suverenitet mamlakat xavfsizligining eng samarali kafolati ekanligini, ayniqsa, yaqqol ko‘rsatdi”, deydi Kobaxidze.
Bosh vazir ta’kidlashicha, hozir Gruziya uchun o‘z davlat mustaqilligini himoya qilish, ayniqsa, muhim.
"Bugun biz har qachongidan ham ko‘proq bir-birimizga g‘amxo‘rlik qilishimiz va nafratni yengishimiz kerak, chunki faqat sevgi bilan biz dushmanlik bilan vayron qilingan narsani qurishimiz mumkin", deydi u.
O‘z navbatida, Zurabishvili harbiy xizmatchilar va Gruziya rahbariyati vakillari bilan gaplashar ekan, mamlakat rasmiylarining harakatlarini tanqid qildi. U yana bir bor oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari mamlakatning Yevropa yoki rossiyaparastlik yo‘nalishini belgilashini takrorladi.
Gruziya 26 may kuni Mustaqillik kunini nishonlaydi. Ertalab respublikaning barcha shaharlarida tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Shu kuni 400 dan ortiq askar qasamyod qilib, Gruziya armiyasi safiga rasman kirdi. Qasamyod marosimi, Tbilisidan tashqari, Gruziyaning turli tarixiy joylarida parallel ravishda bo‘lib o‘tdi. Gruziya Mustaqillik kuni har yili 26 mayda nishonlanadigan milliy bayramdir. 1918 yilning shu kuni Rossiya imperiyasidan ajralib chiqqan Gruziya Demokratik Respublikasi e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini parlamentda ko‘rib chiqish boshlangani sabab Gruziyada keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Parlament qonun loyihasini uch o‘qishdayam ma’qullab, uni tasdiqlash uchun Prezidentga yubordi. Prezident esa unga veto qo‘ydi. 27 may kuni Gruziya parlamenti Prezident Salome Zurabishvilining “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi ilgari qabul qilingan qonun loyihasiga qo‘ygan vetosini bekor qilish tartib-tamoyilini boshlash niyatida.
LiveBarchasi