Gruziya AQSHdan sanksiyalarni “tilab olyapti”

Olam

image

Bugun, 20 may kuni AQSH Kongressiga chet el agentlari haqidagi qonunni qabul qilishda mas’ul bo‘lgan gruziyalik siyosatchilarga qarshi sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritilishi mumkin. Bu haqda “Politico” gazetasining Yevropa nashri o‘z ixtiyoridagi hujjat loyihasiga tayanib xabar berdi. 

Gazetaga ko‘ra, qonun loyihasi Gruziya rasmiylari va Gruziya demokratiyasi, inson huquqlari va xavfsizligiga zarar yetkazganlik uchun moddiy javobgar bo‘lgan boshqa shaxslarga nisbatan Amerika sanksiyalarini joriy etishni nazarda tutadi. Xususan, “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishiga mas’ul bo‘lgan siyosatchilar, shuningdek, ularning oila a’zolari uchun aktivlarni muzlatish va vizani taqiqlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, huquqiy aktga rozi bo‘lmagan namoyishchilarni tarqatishda ishtirok etgan Gruziya huquq-tartibot idoralariga ham cheklovlar qo‘yiladi. 

“Politico” ism-sharifi oshkor etilmagan manbaga tayanib, kongressmen Jo Uilson (Janubiy Karolina shtati) bugun qonun loyihasini taqdim etishini qayd etadi. 

AQSH Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Jeyms O'Brayen 14 may kuni, agar mamlakatda demokratiyaga putur yetkazilsa, Qo‘shma Shtatlar Gruziya rahbariyatiga qarshi shaxsiy sanksiyalar joriy etishini aytdi. 

14 may kuni Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunni uchinchi o‘qishda qabul qildi, bu esa Yevropa Ittifoqining mamlakatning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvini to‘xtatib qo‘yish tahdidlari haqida keskin bayonotlarga sabab bo‘ldi. Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili 18 may kuni qonunga veto qo‘ygan edi. Avvalroq Bosh vazir Irakliy Kobaxidze, agar Prezident tomonidan berilgan asosli izohlar maqbul bo‘lsa, parlament veto qo‘yishni qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini aytgan edi. Shu bilan birga, Zurabishvili ta’kidlaganidek, u o‘zgartirishlar kiritmaydi, chunki qonunni qabul qilish mumkin emas. 

“Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqish joriy yilning aprel oyida boshlangan. O‘shandan beri Gruziyada keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Bir necha marta ular xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvga aylangan.  Qonunga AQSH, Yevropa Ittifoqi, BMT, NATO, YeXHT va Yevropa Kengashi qarshi chiqmoqda. Yevropa yetakchilari bu qonun Yevropa qadriyatlariga zid ekanini aytadi. Gruziyaning hukmron partiyasi yetakchilarining ta’kidlashicha, u faqat nodavlat sektor va ommaviy axborot vositalarining xorijdan moliyalashtirilishi shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing