Gretsiyada yong‘inlar: mamlakat 34 yil ichidagi eng kuchli issiqlik to‘lqiniga duch keldi
Olam
−
03 avgust 2021
5362Gretsiyada rekord harorat tufayli katta yong‘inlar sodir bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, mamlakatda kecha, 2 avgust kuni havo harorati 45 darajaga yetgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilar yuqori harorat qayd etilgan Peloponnes yarimoroli va Rodos orolidagi yirik yong‘inlarni to‘xtatishga uringan. Mamlakat Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakisning aytishicha, Gretsiya 1987 yildan buyon eng kuchli issiqlik to‘lqiniga duch kelgan.
Afina milliy rasadxonasiga asoslanib xabar berilishicha, o‘tgan shanba kuni Peloponnesda sodir bo‘lgan yong‘in 3 ming gektardan ziyod qarag‘ay o‘rmonlari va zaytun bog‘larini qamrab olgan.
Hukumat dengiz sohilidagi beshta aholi punktidan aholini evakuatsiya qilgan. Kamida sakkiz kishi kuyish va nafas olish muammolari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Dushanba holatiga ko‘ra, yong‘inni nazorat ostiga olishning iloji bo‘lmagan. Shu bilan birga, rasmiylar Rodos orolidagi yong‘inlar bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanganini e’lon qilgan. Ta’kidlanishicha, oroldagi yong‘in “deyarli nazorat ostida”. Rodosda elektr tarmog‘iga ham zarar yetgan, biroq keyin tiklangan.
Qayd etilishicha, 1 avgust kuni hukumat orolning “Kapalaklar vodiysi” deb nomlangan markaziy hududini evakuatsiya qilgan. Ushbu hudud ko‘p turistlar kelishi bilan mashhur.
Meteorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab minimal harorat 26-27 darajadan pastga tushmaydi, bu esa “noqulaylik hissi”ni oshiradi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 28 iyulida Turkiyada ham o‘rmon yong‘inlari boshlandi. Yong‘in mamlakatning bir qancha viloyatlariga tarqalgan. Ularning ichida eng aziyat chekkani sayyohlik viloyati — Antaliya bo‘lib turibdi. Yong‘inlar oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan va 180 dan ortiq kishi jarohatlangan. Turkiya Prezidenti zarar ko‘rgan hududlarni falokat hududi, deb e’lon qilgan.