Siyosatchilar emas, 16 yoshli qiz “Yil odami” deb topildi
Olam
−
11 dekabr 2019
10118Shvetsiyalik yosh ekofaol, iqlim himoyachisi Greta Tunberg Amerikaning “Time” jurnali versiyasiga ko‘ra “Yil odami” unvoni sohibi bo‘ldi.
“Bu yil u sayyora oldida turgan eng katta muammo haqida hammadan balandroq gapirdi”, deydi “Time” bosh muharriri Edvard Felzental.
“Yil odami” unvoniga da’vogarlar ro‘yxatiga Tunbergdan tashqari AQSH Prezidenti Donald Tramp, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi, Donald Trampga qarshi impichment jarayonini qo‘zg‘agan Markaziy razvedka boshqarmasining maxfiy xodimi kiritilgan edi. An’anaga ko‘ra, unvon sohibi NBC telekanalining Today dasturida e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, 16 yoshli Tunberg dunyoda ekofaol va global isishga befarq bo‘lmagan minglab yoshlarni birlashtirgan “Iqlim uchun maktab namoyishi” harakatining norasmiy yetakchisi hisoblanadi. 2019 yilda uning nomzodi “Nobel” mukofoti uchun ko‘rsatildi.
Joriy yilning 23 sentyabr kuni BMT minbarida turib dunyo yetakchilarini bolaligining o‘g‘irlanishida aybladi va siyosatchilarni ikkiyuzlamachi deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Turkiyaning Istanbul shahridagi Konsulxonasida o‘ldirilgan jurnalist JAmol Qoshiqchi “Yil odami” deb topilgandi.