Sun’iy intellekt yaratuvchilari “Yil odami” bo‘ldi

Olam

image

AQSHning “Time” jurnali sun’iy intellekt yaratuvchilarini 2025 yil uchun “Yil odami” deb topdi. Bu haqda jurnalning rasmiy saytida xabar berildi.

Jurnal muqovasida mashhur “Osmono‘par binoda tushlik” fotosurati uslubida, shahar ustidagi po‘lat ustiga o‘tirgan Meta rahbari Mark Sukerberg, AMD bosh direktori Liza Su, X egasi Ilon Mask, Nvidia rahbari Jensen Xuang, OpenAI rahbari Sem Altman, Google’ga qarashli sun’iy intellekt kompaniyasi – DeepMind bosh direktori Demis Xassabis, Anthropic rahbari Dario Amodey va ImageNet asoschisi Fey-Fey Li tasvirlangan.

“Bu hikoya sun’iy intellektning 2025 yilda dunyomizni yangi, hayratlanarli, ba’zan esa qo‘rqinchli tarzda qanday o‘zgartirgani haqida. Bu hikoya Xuang va boshqa texnologik gigantlarning tarix yo‘nalishini boshqargani, axborot makonini, iqlimni va tirikchiligimizni o‘zgartiruvchi texnologiyalarni ishlab chiqqani haqidagi voqea. Ular davlat siyosatini qayta yo‘naltirdi, geosiyosiy raqobatni o‘zgartirdi va robotlarni uylarimizga olib kirdi. Sun’iy intellekt yadro quroli paydo bo‘lganidan beri buyuk davlatlar o‘rtasidagi raqobatdagi eng muhim vositalardan biriga aylandi”, deb yozadi nashr.

Qayd etish joiz, Sukerberg (2010), Tramp (2016), Harris (2020; Bayden bilan birga) va Mask (2021) oldin ham “Yil odami” sifatida tanlangan. 2022 yilda unvon “Ukraina ruhi” va mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiyga nasib etdi. 2023 yilda “Time” jurnali amerikalik qo‘shiqchi Teylor Sviftni “Yil odami” sifatida tanladi.

“Time” – 1923 yildan beri nashr etiladigan Amerika jurnali. Nashrning barcha platformalardagi umumiy auditoriyasi 2023 yil mart holatiga ko‘ra, 100 million kishidan oshdi. 1927 yildan beri jurnal o‘zining dekabr sonida yil odamini e’lon qiladi va uning suratini muqovaga qo‘yadi. Muayyan shaxsdan tashqari, u odamlar guruhi yoki tushunchasi ham bo‘lishi mumkin. Qaror tahririyat tomonidan qabul qilinadi. Unga ko‘ra, unvonni oluvchi so‘nggi 12 oy ichida dunyoga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi kerak va bu ijobiy bo‘lishi shart emas.

Yillar davomida Maxatma Gandi, Adolf Gitler, Iosif Stalin, Uinston Cherchill, Martin Lyuter King, chaqaloq boomers, Apollon 8 astronavtlari, shaxsiy kompyuter, Mixail Gorbachev, Bill Klinton, Jeff Bezos, shuningdek, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham “Yil odami” bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili “Yil odami” sifatida AQSHda ikkinchi prezidentlik muddatiga saylangan Donald Tramp tanlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Yil odami Time

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing