Gordon O‘zbekistonda Eron dronlari ishlab chiqariladi deb, xato qilganini tan oldi

Olam

image

Ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon O‘zbekistonda Rossiyaga yuborilayotgan Eron jargovar dronlari ishlab chiqarilishini aytib adashganini tan oldi. U “Gordonnikida mehmonda” loyihasining navbatdagi sonida O‘zbekistonni emas, Tojikistonni nazarda tutganini aytdi.

“Aslida men O‘zbekistonni emas, Tojikistonni nazarda tutgandim. Tilim esa O‘zbekiston so‘zini talaffuz qildi. O‘zbekistonda dron zavodi mavjudligi ma’lum, ammo uning Eronga aloqasi borligi haqida hech qanday dalil yo‘q. Men Tojikistonni nazarda tutdim. Hozir buni takrorlashni xohlardim, shuni aytmoqchimanki, Tojikistonda eronliklar keyinchalik rossiyaliklar ukrainaliklarni o‘ldirayotgan dronlarni ishlab chiqarishmoqda. Istardimki, gapim xato bo‘lsa, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi buni rad etsin”, dedi u.

Jurnalistning alohida ta’kidlashicha, u “hech qanday holatda ham” O‘zbekiston davlatiga soya tashlamoqchi emas.

“Men chin dildan hurmat qiladigan va sevadigan o‘zbeklar, O‘zbekiston fuqarolari haqida nima deyishim mumkin. Bu o‘zining mehmondo‘stligi va samimiyligi bilan madh qilinadigan o‘lka. Ikkinchi Jahon urushi paytida ko‘plab ukrainaliklarga boshpana bergan zamin. Yana bir bor takror aytmoqchimanki, O‘zbekistonning Eron dronlari ishlab chiqarilgani haqida e’lon qilgan ma’lumotlarimga hech qanday aloqasi yo‘q”, deydi Dmitriy Gordon.

Shuningdek, u O‘zbekiston xalqiga “fashistik Rossiya hujumi tufayli hozir ro‘y berayotgan Ukraina fojiasiga befarq bo‘lmagani hamda ularni qo‘llab-quvvatlagani” uchun minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, jurnalist Dmitriy Gordon isroilliy milliarder Leonid Nevzlin bilan suhbatda Eronning Rossiyaga berayotgan dronlari dastlab, Iroq, Suriya va O‘zbekistonda yig‘ilishini aytgandi. Bu o‘zbekistonliklar orasida keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Deputat Alisher Qodirov bu ma’lumot xato ekanini va rasmiylar raddiya berishi zarurligini talab qildi.

Ko‘p o‘tmay Mudofaa sanoati qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. TIV Eron dronlari bo‘yicha ayblov uchun Ukraina hukumatiga arz qilishini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

dron Dmitriy Gordon

Baholaganlar

160

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing